Birinchi majlis RAMAZON OYINING FAZILATI
Alloh taolo aytadi:
"(U sanoqli kunlar) ramazon oyidirki, u oyda insonlar uchun hidoyat
bo‘lib va hidoyat va Furqon (haq bilan botilni ajratuvchi)ning ochiq
oyatlari bo‘lib Qur’on nozil qilingan" (Baqara surasi, 185-oyat).
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad
(sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Mening ismim zikr qilinganida,
salovot aytmagan kishi xor bo‘lsin. Ota-onasining ikkovining ham yoki
birortasining tirikligida xizmatini qilib, roziligini olmagan farzand
xor bo‘lsin.
Va shuningdek, ramazon oyi kelib, bu muborak oy oxirida
mag‘firatdan bebahra qolgan kishi ham xor bo‘lsin". Chunki ramazon oyi
mag‘firat va rahmat oyidir ("Zubdatul voiziyn").
Payg‘ambarimizdan
(sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilindi: "Kimki ramazon oyi kirib
kelishidan xursand bo‘lsa, Alloh uning jasadini jahannamga harom qilib
qo‘yadi".
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ramazon
oyining birinchi kechasi bo‘lsa, Alloh aytadi: "Kim bizni yaxshi
ko‘rsa, Biz ham uni yaxshi ko‘ramiz. Kim Bizni talab qilsa, Biz ham uni
talab qilamiz. Kim Bizdan mag‘firat so‘rasa, Biz uning gunohlarini
ramazon hurmatidan kechiramiz".
Alloh taolo ramazon oyi
kelganida amallarni yozib turuvchi farishtalarga: "Ularning faqat
yaxshiliklarini bitinglar, gunohlarini yozmanglar", deb buyuradi. So‘ng
insonlarning o‘tmish gunohlarini o‘chirib yuboradi".
Rivoyat
qilishlaricha, Ibrohim (alayhissalom) sahifalari ramazon oyining
birinchi kechasida nozil bo‘lgan. Tavrot Ibrohimning (alayhissalom)
sahifalaridan yetti yuz yil keyin ramazonning oltinchi kechasida
tushgan. Zabur Tavrotdan besh yuz yil keyin ramazonning o‘n ikkinchi
kechasida nozil bo‘lgan. Injil esa, Zaburdan bir ming ikki yuz yil
keyin ramazonning o‘n sakkizinchi kechasida ingan. Qur’oni karim
Injildan olti yuz yigirma yil keyin ramazonning yigirma yettinchi
kechasida nozil bo‘lgan.
Ibn Abbos (r.a.) bunday deganlar: "Men
Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): "Agar ummatlarim
ramazondagi fazilatlarni bilganlarida edi, yilning hammasi ramazon
bo‘lishini orzu qilardilar", deganlarini eshitdim". Chunki ramazondagi
toatlar maqbul, duolar mustajob, gunohlar mag‘firat, jannat
ro‘zadorlarga mushtoqdir.
Hafs al-Kabir Dovud at-Toiydan rivoyat
qilganlarki: "Ramazon oyining birinchi kechasida uyqu g‘olib kelib,
uxlab qoldim. Tushimda jannatda dur-yoqutlardan bo‘lgan bir anhor
oldida o‘tirgan emishman. To‘satdan ko‘zim hurlarga tushib qoldi. Ular
yuzlaridan nur taratar, go‘yo quyoshga o‘xshar edi. Shunda men: "La-a
ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh", dedim. Ular ham darhol "La-a
ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh", deb so‘zimni qaytarishdi va:
"Bizlar ramazon oyida ro‘za tutadiganlar, hamd aytadiganlar, ruku’ va
sajda qiladiganlar uchunmiz", deyishdi".
Shuning uchun ham
payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) bunday deganlar:
"Jannat to‘rt nafar kishiga mushtoqdir. Qur’on o‘quvchilarga, tilini
yomon so‘zlardan tiyganlarga, ochlarni yedirib-ichirib, to‘ydirganlarga
va ramazon oyida ro‘za tutganlarga" ("Ravnoqul majolis").
Xabarda
kelishicha, ramazon oyining hiloli ko‘ringanda, Arsh, Kursi va ularni
ko‘tarib turuvchi farishtalar: "Muhammadning ummatiga jannat bo‘lsin",
deb hayqiradilar. Alloh huzurida tayyorlab qo‘yilgan karomatlarni
ko‘rib, quyosh, oy, yulduzlar, havodagi qushlar, suvdagi baliqlar,
shaytonlardan boshqa barcha jonzotlar Muhammad (sollallohu alayhi
vasallam) ummatlari uchun Allohdan mag‘firat so‘raydilar. O‘sha kechada
biror kishi mag‘firatsiz tong ottirmaydi. Alloh taolo maloikalarga:
"Ramazondagi hamma salovotu tasbihlaringizni Muhammad (alayhissalotu
vassalom) ummatiga bag‘ishlanglar", deydi.
Umar ibn Xattob
(r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat
qilganlar: "Sizlardan birontangiz ramazon oyida uyqusidan uyg‘onib,
to‘shagida u yon-bu yoniga ag‘darilsa, bir farishta unga: "Tur, Alloh
senga baraka bersin", deydi. Shunda banda namoz o‘qish niyatida
o‘rnidan tursa, uning haqiga to‘shagi duo qilib: "Ey Parvardigor, bunga
jannatning baland-baland to‘shaklaridan (ko‘shklaridan) ato qil",
deydi. Kiyinganida kiyimi: "Ey Alloh, unga jannat kiyimlaridan ato et",
deb duo qiladi. Kavushini kiysa, kavushi: "Ey Alloh, uning qadamini
sirot ko‘prigida sobit qil", deb iltijo etadi. Tahorat olsa, suv: "Ey
Alloh, uni gunoh va xatolardan pok qil", deydi. Namoz o‘qishga
kirishsa, uyi: "Ey Alloh, uning qabrini keng va nurli qil", deb aytadi.
So‘ng Alloh unga rahmat nazari bilan qaraydi. Duo qilayotganida Alloh
aytadi: "Ey bandam! Sendan duo, Mendan ijobat! Sendan so‘rash, Mendan
berish! Sendan istig‘for Mendan esa mag‘firat!"
Ibn Mas’ud
(r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat
qilganlar: "Qiyomat kunida menga insonlarning eng yaqini menga salovot
aytuvchilaridir". Zayd ibn Robe’ning rivoyat qilishlaricha,
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Kim menga har juma kuni
yuz marotaba salovot aytsa, Alloh uning gunohini dengiz ko‘pigidek ko‘p
bo‘lsa ham, mag‘firat qiladi", deganlar.
Abu Hurayradan rivoyat
qilinadi: "Kim ramazon oyida taroveh namozining savobiga ishonib, ixlos
bilan ado etsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi".
Ibn
Abbos (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat
qilganlar: "Ramazon oyining birinchi kuni Arsh ostidan Musira degan
shamol esadi, u jannat daraxtlarining barglarini harakatlantirib
turadi. Undan bir sado eshitiladiki, unday tovushni hech kim
eshitmagan! Hurlar unga qarab: "Ey Alloh, bizni shu oyda bandalaringga
kelin qilib qo‘y", deyishadi. Shunda Alloh har bir ro‘zadorga
chodirdagi hurlardan kelin qilib beradi. Chunonchi Alloh qadim kalomida
bunday marhamat qilgan: "Ular chodirlarda asralgan hurlardir". Har bir
hurning yetmish qavat kiyimi bor, rangi bir-birinikiga aslo
o‘xshamaydi. Har birining qizil yoqut va durlar bilan o‘ralgan so‘risi
bor, u so‘rida yetmish qavat to‘shagi bor va har xil taomli yetmish xil
dasturxoni bor, bularning hammasi faqat ramazon oyida ro‘za tutganlar
uchundir. Shunday ekan, har bir mo‘min bu oyni ehtirom qilishi, yomon
ishlardan o‘zini tiyishi va toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi
zarurdir.
Alloh taolo Musoga (a.s.): "Ey Muso! Men ummati
Muhammadga ikki nurni berdimki, ularga ikki zulmat zarar bermasin",
dedi. Muso (a.s.): "Ey Rabbim, u ikki nur nima?" deb so‘radilar. Alloh:
"Birinchisi ramazon, ikkinchisi Qur’on nuridir", dedi. Muso (sollallohu
alayhi vasallam): "Ey Rabbim, ikki zulmat nima"? deb so‘radilar keyin.
Alloh aytdi: "Birinchisi qabr zulmati, ikkinchisi Qiyomat kunidagi
zulmat".
Anas ibn Molikdan qilingan rivoyatda bunday deyilgan:
"Ramazon oyida ilm majlisiga hozir bo‘lgan kishining har bir bosib
kelgan qadamiga Alloh bir yillik nafl ibodatini bitadi va u Arsh
soyasida bo‘ladi. Ota-onasiga ramazonda yaxshilik qilgan farzandga
Allohning rahmat nazari tushadi. Ramazonda erlarining roziligini
istagan xotinlarga Maryam va Osiyoning savobi beriladi. Alloh Qiyomatda
ramazon oyida birodarlarining bitta hojatini chiqarganning mingta
hojatini chiqaradi".
Abu Hurayra (r.a.) quyidagilarni Hazrati
Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) eshitdim deganlar:
"Ramazon oyida masjidda chiroq yoqqan kishi uchun shu chiroq qabrda nur
bo‘ladi. Maloikalar va Arshni ko‘tarib turganlar, toki chiroq shu
masjidda yonib turarkan, u kishining haqiga tinimsiz istig‘for va
salovotlar aytadilar" ("Zaxiratul obidiyn").
Hazrati
Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilingandirki:
"Ramazon oyining birinchi kechasida shaytonlaru jinlar zanjirband
qilinadilar. Do‘zax eshiklari yopiladi va ana shundan keyin birortasi
ochilmaydi. Jannat eshiklari ochiladi va birortasi qayta yopilmaydi.
Ramazon kechasining har birida Alloh taolo uch marta: "So‘rovchilar
bormi, so‘raganini beraman. Tavba qiluvchilar bormi, tavbalarini qabul
etaman. Istig‘for aytuvchilar bormi, mag‘firat qilaman", deydi".
Shak
kunida ro‘za tutish yetti xil bo‘ladi. Ulardan uch xili karohiyat ila
joiz. Yana uchtasi karohiyatsiz joiz va bittasi aslo durust emas.
Birinchi uchlik: birinchisi, shak kuni ramazon niyatida ro‘za tutish;
ikkinchisi, u kundagi ro‘za bilan boshqa bir vojib ro‘zani niyat
qilish; uchinchisi, ikkilanib ro‘za tutish, ya’ni, agar bugun ramazon
oyining birinchi kuni bo‘lsa, bu ro‘zam ramazondandir, agar bugun
sha’bon oyidan bo‘lsa, bu ro‘zam sha’- bonniki bo‘lsin, deyishi.
Ikkinchi uchlik, ya’ni, karohiyatsiz bo‘lish: Shak kunida nafl niyati
bilan ro‘za tutish; sha’bon niyati bilan ro‘za tutish; Mutlaq ro‘za
niyati bilan ro‘za tutish. Uchinchisi esa, aslo durust bo‘lmaydigan
suratdir: shak kunida "agar bugun ramazon bo‘lsa, men ro‘zadorman. Agar
ramazondan bo‘lmasa, unda men ro‘zador emasman", deyilganligidir.
Bunday niyat mutlaqo durust emasdir ("Fatovoyi Qoziyxon"). "Durratun nosihiyn"dan
|