Juma, 17.05.2024, 12:37
Приветствую Вас, Mehmon
Главная » 2008 » Июнь » 18 » Banklar tarixidagi eng yirik firibarlik
10:20
Banklar tarixidagi eng yirik firibarlik
Evropadagi yetakchi moliya muassasalaridan biri sanalgan Societe Generale banki o‘z xodimlaridan biri — Jerom Kervelning maxfiy va noqonuniy harakati tufayli inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Jerom Kervel 2000 yildan buyon Societe Generaleda treyder (savdo amaliyotlari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis) vazifasida ishlab kelgan. 31 yoshli xodim asosan Yevropa moliya bozorlarida savdo opera­tsiya­lari olib borgan.
Bank ijrochi direktori Daniel Butonning ma’lum qilishicha, Jerom Kervel bir necha yil davomida bank rahbariyatidan yashirincha noqonuniy operatsiya­lar o‘tkazib kelgan. Yosh bankir noqonuniy qilmishlarini yakka holda, sheriklarsiz amalga oshirgan.
Moliya operatsiyalaridan kelayotgan zarar kreditlar jamlanmasiga o‘tkazilgani tufayli Kervelning maxfiy o‘yinlaridan ko‘pchilik xabarsiz qolgan. Bankning  xavfsizlik va nazorat tizimini yaxshi o‘rganib chiqqan xodim o‘z noqonuniy harakatlarini uzoq vaqt davomida ustalik bilan yashirib kela olgan. Societe Generale ma’muriyati ulkan yo‘qotishlar xususida o‘tgan haftada boxabar bo‘ldi.
Societe Generale rahbariyatining xavotir bilan bildirishicha, Jerom Kervelning firibgarligi tufayli bank 4,9 milliard yevro (7,16 milliard AQSh dollari) miqdorida zarar ko‘rdi. Tabiiyki, buncha katta miqdordagi yo‘qotish bankni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Frantsiyada ikkinchi yirik bank sanalgan moliya muassasasi inqiroz holatidan chiqishi uchun kamida 8,1 milliard AQSh dollari kerak bo‘ladi.
Bankning katta moliya yo‘qotish qurboni bo‘lgani o‘z yo‘liga. Eng yomoni, ushbu shumxabar tufayli Societe Generalening xalqaro bozordagi qimmatbaho qog‘ozlari bahosi ham keskin tarzda tushib ketdi. Qanchalik og‘ir ahvolda bo‘lmasin, bank ma’muriyati baribir inqirozni yengib o‘tishga umid qilyapti. Ayni paytda bank­ning barcha bo‘lim va filiallariga ish ko‘lamini kengaytirish va yaxshilash borasida jiddiy topshiriq berilgan. Societe Generale ijrochi direktorining o‘zi Daniel Buton esa inqirozni tezroq ortda qoldirish uchun kelgusi olti oy davomida maosh olmasdan ishlashga ham tayyorligini bildirgan.
Darvoqe, ayrim tahlilchilar Jerom Kervel to‘g‘risidagi ovozalar bank rahbariyati tomonidan o‘ylab topilgan soxta aybnoma degan fikrdalar. Ushbu qarash tarafdorlarining ta’kidlashicha, Societe Generale banki so‘nggi payt­larda moliya bozorida yuzaga kelgan qiyinchiliklar tufayli ko‘rilgan zararni treyderning zimmasiga yuklash orqali kamchiliklarni xaspo‘shlashni ko‘zlamoqda.
Hozircha dunyo banklari tarixidagi eng yirik firibgarlik deb baholanayotgan Societe Generale ishi atrofidagi munozaralar davom etmoqda.
Moliya muassasalari faoliya­tida bu kabi firibgarliklar oldin ham qayd etilgan. 1995 yil Angliyaning Barings banki 1,4 milliard dollar zarar ko‘rib murakkab ahvolga tushib qoldi. Tekshiruvlar davomida inqiroz sababchisi Nik Lison ismli treyder ekani aniqlandi. U ham frantsuz hamkasbi kabi maxfiy moliya operatsiyalari o‘tkazish bilan shug‘ullangan. Shu tariqa Buyuk Britaniya qirol xonadoniga xizmat qilgan, to‘rt asrlik tarixga ega bo‘lgan nufuzli Barings Bank birgina xodimning firibgarligi sababli bankrotga uchradi. Keyinroq ingliz bankini Germaniya va Amerika sarmoyadorlari sotib olishdi.
1996 yili Yaponiyaning Sumitomo banki ham Yasuo Xamanaka ismli treyderning qilmishi tufayli 2,6 milliard AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rdi. 
2002 yili Irlandiyaning Allfirst Financial banki shu kabi noqonuniy operatsiya sababli 692 million AQSh dollari mablag‘idan ayrildi.
Treyderning moliyaviy nayrangi ortidan 2007 yili yana bir frantsuz banki Credit Agricole 250 million yevro zarar ko‘rdi.
Bu kabi firibgarliklardan keyin dunyo banklarida xavfsizlik va nazorat tizimi kuchaytirilmoqda. Shunga qaramay noxush hodisalar hali hamon uchrab turibdi. Nazorat qanchalik kuchaytirilmasin, qilni qirq yoradigan firibgarlar uni aylanib o‘tish yo‘llarini topa olishyapti.
Abdul Sobir tayyorladi.
Категория: Maqolalar | Просмотров: 1721 | Добавил: Administrator | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]