Juma, 17.05.2024, 12:57
Приветствую Вас, Mehmon
Главная » 2008 » Июль » 20 » BADNAFSLIK yohud qimmatga tushgan tekin daromad
08:58
BADNAFSLIK yohud qimmatga tushgan tekin daromad
Bosh hisobchi bo‘lib ishlayotgan Xamida negadir bezovta edi. Shundanmi, «Inoyat-invest» mas’uliyati cheklangan jamiyat hududini ko‘zdan kechirdi. Avtomobillarning gaz quyish kompressoriga ulangan quvur joylashgan yerda to‘xtab nimanidir chamalay boshladi. Quvurga avariya holati uchun o‘rnatilgan boypas yopqichini u yoq-bu yog‘ini qarab ko‘rdi-yu, izlagan narsasini topganday bo‘ldi.
«Hisoblagichdan o‘tgan gazning o‘lchovi bor, — o‘yladi u, shuni hisoblagichga yetmasdan turib olishning bir yo‘lini topish kerak-da. Boypas yopqichi ko‘zdan panada, quvurning shu yeridan «qaynar xumcha» ochib bo‘lmasmikin?..»
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy shahrida tug‘ilgan Xamida Ametova 2003 yilning iyun oyidan Urganch tumanidagi mazkur jamiyatda bosh hisobchi bo‘lib ishlayotgan edi. Uch-to‘rt yil ichida hamma narsani miridan-sirigacha biladigan, ishda ham endi ancha tajribali bo‘lib qolganiga shubha qilmasdi. Bosh hisobchi bo‘lgani bois hamma narsani hisob-kitobi o‘zimda-ku, deb o‘ylardi u. Faqat shu gaz tushmagurni «suv tekin» qilib qo‘yshning ilojini topsa bas. X.Ametova jamiyat chilangari Ikrom Qadamov (Urganch tumanidan), operatorlar Aybek Xidirbaev, Zayr Yerjanovlar (ikkalasi ham Beruniy shahridan) bilan maslahatni bir joyga qo‘ymoqchi bo‘lib, ularga so‘z ochdi.
Ikrom Qadamov bu gapni eshitib teshik ochish usullari borligini, biror ustaxonada buni amalga oshirish mumkinligini aytib qoldi. Xullas, tuzukkina ishlab yurgan bu xodimlar tez orada qing‘ir ishning ustasiga aylandi-qo‘ydi. Tekin daromad ilinjida o‘zaro til biriktirgan «ustamon»larga boypas yopg‘ichi «yopig‘liq qozon» bo‘lib ko‘rindi chog‘i, unda hisoblagich bilan hisoblashib o‘tirmaydigan ikkita teshikcha paydo bo‘ldi. Qarabsizki, 2006 yil dekabridan shu yilning 19 martigacha har biri 20 mm. kattalikdagi «o‘g‘ri teshikcha»lar orqali narhi 408 ming 700 kub metr tabiiy gazni «suv tekin» o‘marishdi. Ya’ni davlat mulki bo‘lgan 77 million 653 ming so‘mlik yoqilg‘i mahsulotini birgalikda talon-toroj qildilar. Operatorlar A.Xidirbaev, Z.Yerjanovlarning ham qo‘li-qo‘liga tegmasdi. Albatta, ular bu xatti-harakatlari qonunga zid ekanligini bilishardi, lekin tekin daromad istagi, nafs ularning ko‘ziga parda tortganday edi. X.Ametova bosh hisobchi sifatidagi ishlarni o‘lda-jo‘lda qilishga odatlandi. Aytaylik, bosh hisobchi davlatga to‘lanadigan yagona soliq hissasiga bo‘lgan 8 million 100 ming 900 so‘m, jismoniy shaxslarning transportlariga sarflangan gaz iste’mol solig‘idan 22 million 350 ming so‘m, jami 30 million 450 ming 900 so‘mlik soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashdan qochib, davlatga ko‘p miqdorda zarar yetkazdi. Buning ustiga 2006 yil dekabr oyidan jamiyatda tekshiruv boshlangan kungacha, ya’ni 2007 yil 4 aprelga qadar jamiyat ishchilarining 2.556.500 so‘mlik ish haqlarini tarqatishni ham «unutib» yubordi. Darvoqe, Xamida oilali — ikki nafar farzandning onasi, oylik maoshlarning vaqtida olinishi oila uchun naqadar muhimligini yaxshi tushunadi. Qolaversa, bu ish uning xizmat mas’uliyatiga kiradi.
Qing‘ir ishlarga mashg‘ul bo‘lib qolgan bosh hisobchini na davlatga yetkazilayotgan zarar, na boshqalarning o‘z maoshini ololmay sarson bo‘layotgani tashvishga solmadi. Taassuflanarlisi shundaki, aybdorlarning birortasi gaz bilan bog‘liq bu noqonuniy holat haqida mutasaddi kishilar yoki tegishli joylarga aytib, o‘z vaqtida bunga chek qo‘yilishiga harakat qilmadi. Aksincha, ish xamirdan qil sug‘urganday ketayotganidan bamaylixotir edilar.
Lekin ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, ko‘p o‘tmay jinoyatchilarning qilmishlari fosh bo‘ldi, oqibatini o‘ylamay bosilgan qadam ularni sudning qora kursisiga yetakladi. Sudda bu noqonuniy hatti-harakatlarning sabablari so‘ralganda I.Qadamov mazkur jamiyat direktori I.Masharipov gaz quvuriga o‘rnatilgan kran yopg‘ichida teshikcha ochib, shu orqali gazdan foydalanish mumkinligini aytgani, uning ko‘rsatmasi bilan bunday ishga qo‘l urilgani, A.Xidirbaev va Z.Yerjanovlar sotilgan gazga nisbatan pul tushumi ko‘proq bo‘lib, ortiqcha pullarni jamiyat direktoriga topshirib kelganlarini aytishdi. Emishki, direktor bu pullarga jamiyat uchun zarur narsalar xarid qilishini aytgan. Sudda yetarli asoslarga ega bo‘lmagan bu vajlar rad etildi.
Sud X.Ametova, I.Qadamov, A.Xidirbaev va Z.Yerjanovlarning jinoiy qilmishlarini mansab mavqelaridan foydalangan holda sodir etganliklarini qayd qilib, jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan zarur jazo choralarini qo‘lladi. Ushbu holat bo‘yicha sudlanuvchi shaxslardan davlat foydasiga 77 million 653 ming so‘mlik zarar va 30 million 450 ming so‘mlik to‘lov undirib olindi.
Shu bilan birga X.Ametova eng kam oylik ish haqining 350 baravari miqdorida, I.Qadamov, A.Xidirbaev, Z.Yerjanovlarning har biriki eng kam ish haqining 150 baravari miqdorida jarimaga tortildi. Sudlov hay’ati «Inoyat-Invest» MChJ tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinganligi uchun korxonadan talon-toroj etilgan summaning 10 baravari, ya’ni 776 million 530 ming so‘m miqdorida moliyaviy jarima undirishni lozim topdi. Xorazm viloyat MXX bosh­qarmasi depozit hisobida saqlanib turgan 77.653.000 so‘mlik mablag‘ davlat hisobiga o‘tkazildi.
Qing‘ir yo‘llar bilan osongina daromad topish payiga tushgan, o‘ziga ishonib topshirilgan vazifasida sui­iste’molchilikka yo‘l qo‘ygan kimsalarning qonun oldida javob berishi muqarrar. So‘nggi pushaymon esa hech kimni javobgarlikdan xalos qilmaydi.

MArat Bekjonov
Категория: Mulohaza | Просмотров: 1972 | Добавил: Administrator | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]