14:01 Serialsevar bolalar | |
Xolamning
uyiga mehmonga borgandim. Eshik ochilishi bilan sho‘x-shodon jiyanlarim
yugurib chiqishdi. Sog‘inganimdan mehrim tovlanib, birma-bir bag‘rimga
bosdim. Bu vaziyatni jiyanim Otabek zimdan kuzatib turgan ekan, o‘z
fikrini dabdurustdan bayon etdi:
— Opa, siz bizni o‘pmang. Biz sizning jiyaningizmiz-ku, sevishgan yigit-qizlar shunday qilishadi.
Boshida
uning so‘zidan qotib qoldim. “Ha, sen odobsiz, bu gapni qaerdan
olding?” desam, “Solih bilan Zaynab sevishib maktabga ham bormay,
shunday qilishdi”, deb kulib qochdi.
— Dadang qaerda? Sen bolani dadangga aytmasammi?
— Dadam uyda yo‘q. Mehmonga ketgan.
— Unda onang qaerda?
— Bir soat oldin qo‘shnining uyiga ketuvdi.
Oyoq kiyimimni yechar-echmas katta jiyanim Madinaning baland ovozi
eshitilib qoldi: “Kelinglar, “Seyman og‘a” boshlandi”. To‘polonchi
bolalar televizor turgan xona tomon chopishdi. Men ham ular o‘tirgan
xonaga kirdim. Pultni olib, boshqa kanalga o‘tkazdim. Birdan
shovqin-suron boshlandi. So‘ng biri qo‘yib, biri yig‘lashga tushdi.
Qandaydir kanalga qo‘ysam, multfilm namoyish etilayotgan ekan. “Shuni
ko‘ringlar”, dedim-u, baloga qoldim. Ilojsiz “Yoshlar” telekanaliga
almashtirishga majbur bo‘ldim. Qo‘yishim bilan yig‘i-sig‘i ham,
baqir-chaqir ham tindi. Xolam ham keldi. Bo‘lgan voqeani aytdim.
— Qulog‘imning tinchi deya indamayapman. To‘g‘ri qilyapmanmi yoki
noto‘g‘rimi, o‘zim ham bilmayman. Qara, ovozlari ham chiqmay tomosha
qilishlarini.
Serial yakunlanishi bilan bolalar oldimizga kelishdi.
Ko‘rganlarini oqizmay-tomizmay, ipidan ignasigacha aytib berishdi.
So‘ng Otabek:
— Oyi-oyi, qachon yana “Jabbor og‘a”ni beradi? – dedi.
Xolam ham oddiy qilib:
— “Seyman og‘a” tugasin keyin, — dedi. Otabek o‘zida yo‘q xursand.
— Oyi, siz Nazar, dadam esa Jabbor og‘a, men Efeman. Siz oldin Ali muallimni sevgansiz-a? Men shunda kimning o‘g‘liman?
Bu savol qanchalik kulgili tuyulsa-da, uning zamirida murg‘ak bola ongining qanchalar o‘zgargani namoyon edi.
Otabek yana so‘z qotdi:
— Opa, Amirxonbeyni ko‘ryapsizmi?
— Yo‘q!
— Ko‘ring-da, — deya koyiganday bo‘ldi. Keyin yana so‘zini davom ettirib: — Men Amirxon, siz Rayhon, — dedi.
— Kim u Rayhon?
— Amirxonbeyning xotini. Katta bo‘lganimdan so‘ng sizga uylanaman. Keyin “dadasi-ayasi” bo‘lib yashaymiz.
Qanchalar kulgili gap! Biz bu komediyaning ortidan keluvchi tragediyani kutib yashayotgan tomoshabinga o‘xshaymiz, xolos.
O‘zbekiston teleradiokompaniyasidagi barcha kanallarda serial
namoyish qilish odat tusiga aylanib ulgurgan. Biri tugagach, ikkinchisi
boshlanadi. Soat 19.30 dan to 24.00 gacha seriallar poezdi ulanib,
efirga uzatiladi. O‘zbek xonadonlarini kuzatar ekansiz, shaharmi yoki
qishloq, shu vaqt ichida hamma serial tomosha qilish bilan band
bo‘ladi. Tomoshabinlar orasida bog‘cha yoshidagi bolalar ham, maktab
o‘quvchilari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular serialni kiprik
qoqmay tomosha qiladi. Shunda bir savol tug‘iladi: Bolalar qachon dars
tayyorlaydi yoki ustozlariga ko‘rgan seriallarini so‘zlab berishadimi?
Biz farzandlarimizga “Qulog‘imning tinchi, jonimning rohati”
zaylida indamayotganimiz o‘zimizning oyog‘imizga bolta urish bilan
barobardir. Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, har kungi takroriy holat
shartli refleks hosil qiladi va vaqti-vaqti bilan odam o‘sha narsaga
ehtiyoj sezib turadi. Keyin esa asta-sekin butun hayot shundan
iboratday bo‘lib qoladi. Bu, ayniqsa, yosh avlod kelajagi uchun katta
xavf soladi. Bugungi kunda namoyish etilayotgan seriallar bolalarga ham
“yuqib”, yillar o‘tgach o‘z asoratini ko‘rsatmaydimi? Eng achinarlisi,
millat yoshlarining ma’naniy tarbiyasiga ana shu seriallar salbiy
ta’sir ko‘rsatmay qolmasa kerak. Kelajak esa, ko‘p bora
ta’kidlanganidek, yoshlar qo‘lida. Yoshlarni kattalar tarbiyalashi va
oq-qorani tanitishi lozim. Kinoshunoslarning fikricha, turk seriallari
bizning mintalitetimizga mutlaqo zid. Xalqimizga ko‘proq Koreya-Xitoy
hamda Yaponiya kinoijodkorlari tomonidan ishlangan “Oshin”, “Dengiz
hukmdori”, “Saroy javohiri”, “So‘nggi qirolicha” kabi tarixiy seriallar
mos tushadi. Bular yoshlar va kattalar ko‘radigan serial bo‘lib, ibrat
olsa arziydigan jihatlari ko'p.Feruza HUDOYQULOVA
| |
|
Всего комментариев: 0 | |