21:03 Lev Tolstoy musulmon bo'lganmi? | |
Darvoqe, «Mahorat maktabi» nomi bilan e'lon qilingan yostiqday kitobda
eng ko‘p tilga olingan rus adiblaridan biri ham Lev Tolstoy edi. Buyuk
adibning hayotlik chog‘idayoq uning asarlari o‘zbek kitobxonlariga
«Turkiston viloyatining gazeti» orqali yetib kelgan, ayrim asarlari
o‘zbek kitobxonlarida hurmat uyg‘otib ulgurgan bo‘lsa, ayrim o‘zbek
ziyolilari «buyuk sinod»ning «zulmga qarshi bormaslik» g‘oyalariga
keskin qarshi chiqib, Siz mustamlakachilikni himoya qilyapsiz, deya
raddiya bildirishgacha borib yetganlari bugungi o‘quvchilarga kunday
ravshan. Yana shunisi ham ma'lumki, Tolstoy haqida yo‘qsillar dohiysi
besh maqola yozgan va u maqolalar sho‘ro kunlarida Qur'onday
o‘qitilgani bilan ulug‘ adib ijodining hamma qirralarini ham aks
ettirib bera olmagan edi. Lev Tolstoyning «Bolalik. O‘smirlik. Yoshlik» hasbi holi XX asr o‘quvchilariga adabiy saboq bo‘lgan, uning «Kavkaz asiri» hikoyasi go‘dakligimizdanoq bizning badiiy ijodga bo‘lgan munosabatimizni «shakllantirishga xizmat qildirgan» asarlardan edi. Tolstoy talqinida urush va tinchlik (shu nomli epopeya), baxt va baxtsizlik («Anna Karenina»), tug‘ilish va o‘lim («Tirilish») kabi ziddiyatlarni insoniyat idroki ayniyat kabi qabul qilishda Tolstoydan ko‘mak o‘tinganlarini ham zarracha unutmaymiz. Ayniqsa, ijodi tiniqqan, hayotining so‘nggi davrida yaratilgan «Sergey ota», «Hoji Murod» kabi dohiyona asarlari buyuk adibni tirik «sinod» (payg‘ambar) darajasiga ko‘targani, uning o‘limi oldidan minglab, o‘n minglab tolstoychilar o‘z yurtlarini tashlab chiqib ketib, «tirik payg‘ambarning ilohiyotga qovushishi» (I.Bunin, «Tolstoyning qutilishi»)ni kuzatish ilinjida bo‘lganlarini butun jahon ommaviy axboroti imkon darajasida yoritib turgan edi. O'zi bir paytlar «Sevastopol hikoyalari»da isyon ko‘targan kavkazlilarni qirganini buyuk bir iftixor bilan yozgan bo‘lsa, «Hoji Murod» qissasida chor mustamlakachiligi zulmi uchun o‘zini ozmi-ko‘pmi aybdorday bilib, chorizmga qarshi chiqish har bir erkparvar mazlumning niyati ekanini oshkor yozgani uni daho adib sifatida haqiqatga tik qaray oladigan mard inson ekanini ham anglatgandi. Ustoz Ozod Sharafiddinov «Iqrornoma»day murakkab va sirli bir asarni tarjima qilib, nashrga berarkan, uning: «Men urushda odam o‘ldirganman, o‘ldirmoq niyatida duelga chaqirganman, tasarrufimdagi mujiklarni kartaga boy berganman, ularning mehnati evaziga yashaganman, ularni qatl etganman. Yolg‘onchilik, o‘g‘irlik, har xil rangdagi zinokorlik, ichkilikbozlik, zo‘ravonlik, qotillik... Men qilmagan jinoyat qolgan emas...» kabi iqrorini keltirib, «har qanday inson ham, birinchi navbatda, banda ekanini va banda sifatida adashish huquqiga ega ekanini unutib qo‘yamiz. Tolstoy ulug‘ edi, lekin u ayni chog‘da inson ham edi va ayni shu jihati bilan u boshqa insonlarga yaqin turadi» deb yozganida Tolstoyday murakkab adibning dunyoqarashiga doir ayrim sezimlarni anglatgan edi. Lev Tolstoyning ulug‘ligi ham uning o‘sha «banda»ligida, Haq oldida insoniy ojizligiyu dohiyona tafakkur bilan mukarram iymonni saqlaganida edi. Uning dil iqroriga quloq tuting: «Qaerdaki hayot bo‘lsa, o‘sha joyda insoniyat paydo bo‘lgandan beri unga yashash imkonini beradigan iymon bor. Va iymonning asosiy belgilari hamma joyda va hamisha bir xil. Har qanday iymon kimga bo‘lmasin va qanday bo‘lmasin javob bergan bo‘lsa, iymonning har qanday javobi insonning cheklangan hayotiga cheklanmagan narsaning ma'nosini baxsh etadi va bu ma'noni azob-uqubatlar, muhtojliklar, o‘lim mahv etolmaydi. Binobarin, faqat iymondagina hayotning ma'nosini va yashash imkonini topish mumkin. Shunda angladimki, so‘zning eng muhim ma'nosida olib qarasak, iymon «ko‘z ilg‘amas buyumlarni» va hokazolarni fosh qilishgina emas, karomatgina emas (bu iymonning sifatlaridan birining tasviri, xolos), insonning Xudoga munosabatigina emas (Xudo orqali iymonni belgilash kerak emas, avval iymonni belgilab olib, so‘ngra Xudoni belgilash lozim), ko‘pincha, iymonni mana bunday tushun deb odamga aytilgan gaplarga qo‘shilishgina emas, balki iymon inson hayotining ma'nosini bilishdir va shu bilimi vajhidan inson o‘z-o‘zini mahv etmaydi, balki yashaydi. Iymon hayotning qudratidir. Inson yashar ekan, u biror narsaga ishonadi, iymon keltiradi. Agar u «nima uchundir yashamoq kerak» deb biron narsaga ishonmasa, iymon keltirmasa, unda u yashamas edi. Agar u cheklangan narsani ko‘rmasa va uning xayoliy bir narsa ekanini anglamasa, u ana shu cheklangan narsaga ishonardi; agar u cheklangan narsaning xayoliy ekanini anglasa, unda u cheksiz narsaga ishonmog‘i kerak. Iymonsiz yashab bo‘lmaydi». Bu so‘zlar din shaklidan qat'iy nazar har bir insofli banda iymon sari yuksalgandagina hayotning ham, o‘limning ham ma'nisini topishga muhaqqaq bo‘lajagini eslatuvchi bir dalolatnomadir. Shunday ekan, Tolstoyday abadiyat sari intilib «Xudo izlagan» adibni dahriy qilib ko‘rsatishga uringan davrlarni bot-bot eslab turamiz. Ularni eslash barobarida daho san'atkor ruhiyatida kechgan ruhoniy tuyg‘ularni ilg‘ashga harakat qilamiz. Garchi u o‘z qahramoni kabi Per Bezuxov bo‘lib masonlikdan ko‘mak o‘tinganda ham, Platon Karataev bo‘lib, o‘z iymonini urush changalidan salomat olib chiqishga uringanda ham, Vronskiyday kibor knyaz quchog‘idan qochib o‘zini o‘limga tutgan Anna Karenina qalbida yashaganida ham mukarram iymonning tarafida bo‘ldi. «Qotillik har qanday dinning birlamchi asoslariga zid bo‘lgan yovuzlikdir» degan xulosaga keldi. Hayotning qudratini va o‘lim saodatini «iymon izlagan» va bu hayotda unga erishgan kishilardagina ko‘rdi. Bu yo‘lda o‘zining abadiy savoli «Hayot nima? Uning mohiyati nimada?» ekanini izlab topmoqchi bo‘ldi. Buning uchun birgina pravoslav cherkovining qoidalari doirasida qolib ketmadi. Eng qadimgi dinlar - hind vedalari, konfutsiylik, buddizmdan tortib eng zamonaviy diniy qarashlargacha o‘rganib chiqdi: «men kitoblardan buddizmni ham, islomni ham o‘rgandim, hammadan ko‘ra ko‘proq ham kitoblardan, ham atrofimni qurshab olgan odamlarning hayotidan xristianlikni o‘rgandim». Dastlab iymonining negizi deb nasroniylikni bildi, o‘zini doimo pravoslav tarafdori deb bildi. «Biroq bir joyga kelib hayot masalalari ko‘ndalang bo‘ldi, ularni hal qilmoq kerak edi. Cherkov bu masalalarni men yukinadigan iymon asoslariga zid tarzda hal qila boshladi». Sulaymon payg‘ambardan tortib Shopengauergacha diniy ta'limotlarning mohiyatini anglamoqchi bo‘ldi, µatto o‘zi tan olib aytganiday, ularni o‘zaro solishtirmoqqa ham jazm qildi. Nasroniylikdagi ayrim masalalar unga o‘ta chalkash va tushunarsiz bo‘lib ko‘rindi: «Ota, O'g‘il va Muqaddas Ruhga sig‘inaylik» degan iborani tushirib qoldirardim, negaki ularni tushuna olmas edim». Shunga qaramay, mukammal bir din izlash harakatida bo‘ldi: «Xo‘sh, men yana nimani izlayapman? - deb sado beradi dilimdagi ovoz. - Mana u. Usiz yashab bo‘lmaydi. Xudoni tanimoq va yashamoq - aynan bir narsa. Xudo hayotdir» degan xulosada to‘xtadi. «Yasha, Xudoni izlab top, shunda hayoting Xudosiz bo‘lmaydi». «Shunda dilimdagi va atrofimdagi narsalarning hammasi har qachongidan kuchliroq nurlanib ketdi va bu nur meni ortiq tark etmadi». Lev Tolstoy birmuncha tabiiy ikkilanishlardan so‘ng bunday nurli hayotga qadam qo‘yganida 50 yoshlar bo‘sag‘asida edi. Bundan keyin yana 30 yillardan mo‘lroq umr kechirdi. Nihoyat, 80 yoshlar atrofida qariyb bir necha o‘n yillardan beri tortinib kelayotgan ishga qo‘l urdi. So‘nggi din deb tan olingan Islom va payg‘ambari oxirzamon Muhammad (s.a.v.) hayotini o‘rganish bilan cheklanmay Abdulloh Suhravardiyning Hindistonda nashr etilgan «Hazrati Muhammadning hadislari» risolasidagi hikmatlardan bir kitobcha tartib qilib, «Posrednik» nashriyotida chop (1909) qildirdi. Majmuaga kirgan va o‘ta nozik ruhoniy did bilan saylangan ushbu hadislarni o‘qiganda, ulug‘ Tolstoy e'tiqodining naqadar teranligi, diniy bag‘rikenglik tushunchasi mana shunday ulug‘ adiblarga tegishli ekaniga ishonish mumkin bo‘ladi. Chunki 1879-1882 yillarda yaratilgan va sho‘ro vaqtida uzoq payt xalqdan yashirilgan «Iqrornoma» bilan bu to‘plamga jamlangan hadislar o‘rtasida mantiqiy bir izchillik sezila boshladi. Lev Tolstoyning islomga bo‘lgan samimiy hurmati tabiiy edi, biroq buni jahon afkor ommasiga shunday yetkazib bo‘lmas ham edi. Ayni shu yili kavkazlik ziyoli oila Ibrohim og‘a Vekilov va uning zavjasi Yelena Yefimovnadan maktub kelib, ora yo‘lda ikkilangan farzandlarining iymon-e'tiqodini islomga yo‘naltirish maqsadida Tolstoydan maslahat so‘raganlari bo‘ldi. Tolstoyning javob xatidagi «Musulmonlikning nasroniylikdan ustunligiga va, ayniqsa, farzandlaringiz xizmat qilmoqchi bo‘lgan g‘oyaning oliyjanobligiga butun qalbim bilan qo‘shilaman. Xristian ideali va ta'limotini har narsadan baland tutgan bir inson uchun buni aytish g‘oyat g‘alati bo‘lsa-da, aytishim kerakki, musulmonlik o‘ziga xos tashqi ko‘rinish jihatidan ham cherkov xristianligidan qiyos qilib bo‘lmas darajada ustun ekanligi menda hech bir shubha uyg‘otmaydi. Agar bir kishiga cherkov xristianligi yoxud Islom diniga kirish borasida tanlash ixtiyori berilsa, o‘ylaymanki, har bir aqlli odam murakkab va tushunarsiz ilohiyotdan, uch sifatli Ollohdan, gunohdan chiqarish marosimiyu boshqa diniy udumlardan, Isoning onasiga yolvorishidan, «Muqaddas shaxslar» va ularning rasmlari oldidagi son-sanoqsiz ibodatlardan ko‘ra yagona Ollohni va Uning payg‘ambarlarini; Islom dinini, albatta, ustun ko‘radi. Boshqacha bo‘lish ham mumkin emas» kabi fikrlar tasodifiy aytilgan yoki bir mushtipar onaga bildirilgan hamdardlik oqibati emas, balki yillar, o‘n yillar davomida o‘ylangan, izlangan va nihoyat umrning poyonida bir yo‘nalishga kirgan e'tiqodning samarasi ekanini anglash mumkin. Yo‘q, biz ulug‘ rus adibi Lev Tolstoyni Islom bilan bog‘lamoqchi emasmiz. Zero, Tolstoyning islomiy ta'limi tugal emasligi «Izrecheniya Magameta ne voshedshie v Koran» («Hazrati Muhammadning Qur'onga kirmagan hadislari») sarlavhasidanoq ma'lum. Biroq umrining oxirida Allohga bo‘lgan e'tiqodini turli ishoralar bilan izhor qilgan buyuk nemis shoiri Gyote kabi Islomga bo‘lgan samimiy hurmatini e'tirof etmoqchimiz, xolos. Ayni mana shu ehtirom dohiyona tafakkur bilan mukarram bir iymon-e'tiqod natijasi ekanini kitobda ketma-ket keltirilayotgan manbalar tasdiqlab turibdi. To‘g‘ri, Tolstoyning «Iqrornoma»sini o‘z davrida, µatto undan 50 yil keyin ham «bevaqt alahsirash» deb baholaganlar bo‘lgan, bu asarni ta'qib qilib, ulug‘ adib asarlari kulliyotiga qo‘shmay kelgan davrlar ham bo‘lgan. Biroq «Iqrornoma» yaratilganidan qariyb 110 yil keyin (1991 yil) Lev Tolstoy to‘la asarlari jildlaridan o‘rin olgan ekan, ehtimol, Tolstoy asarlarining keyingi nashrlaridan ham iymonli maslahatgo‘y adibning Vekilovlar oilasiga yozgan xati va uning saylamasidagi «Hazrati Muhammadning hadislari» o‘rin olsa ajab emas. Hamidulla Boltaboev, professor **************** TOLSTOYNING E'TIQODI Dunyoga mashhur rus yozuvchisi Lev Tolstoyning «Hazrati Muhammad» risolasi bir necha muhim ahamiyatga ega. Avvalo, bu asar nasroniylar ko‘p yashaydigan Rusiyada yozilib, 1909 yilda nashr etilgan. Bu risolani hayotlik chog‘idayoq juda katta shuhrat qozongan jahonning ulug‘ yozuvchilaridan biri, rus adibi Lev Nikolaevich Tolstoy nashrga tayyorlagan. Katta mol-mulk egasi bo‘lgan Lev Tolstoy dinni chuqur tahlil qilishi, bu xususda teran mulohaza yuritishi bilan ko‘pchilik e'tiborini tortdi. Boshqalardan farqli o‘laroq, u dinga shovinistlarcha yondashmadi. Din mohiyatini tushunishga intilishi, haqiqatga sadoqati va mol-dunyoga unchalik e'tibor bermasligi tufayli u diniy haqiqatlarni anglashga yaqinlashdi. Lev Tolstoy Hazrati Muhammadga (s.a.v.) hurmati va Islom diniga nisbatan hayrati natijasida tasnif etgan bu asari bilan yuksak madaniyatli va diniy ma'lumotlarga ega bugungi o‘quvchilarni hayratlantirmaydi, deb o‘ylaymiz. Lev Tolstoy bu kitobchani boshqa asarlari bilan birga (1909), rus o‘quvchilarini Hazrati Muhammad (s.a.v.)ning hadislari bilan tanishtirish maqsadida tasnif etgan. Ishonch bilan ayta olamizki, ushbu kitobcha ko‘plab kitobxonlarning diniy tushuncha va tarbiyasiga ta'sir qilgan. Chunki Hazrati Muhammad (s.a.v.)ning shaxsiyati, ul zotning ilohiy qudratga asoslangan fikrlari, shuningdek, Rusiyada e'tiborli dindorlardan biri sanalgan Tolstoyning tavsiya-taqdimi mazkur kitobchaning ta'sirini oshirgan. Sobiq sho‘rolar davrida L. N. Tolstoyning asarlari qayta-qayta chop etilgan bo‘lsa-da, u zot tasnif etgan ushbu risola biror marta ham nashr etilmagan. Chunki sho‘rolar hukmronligining dastlabki yillaridanoq kishilar majburan dahriy ettirila boshlangan. Buni istamagan kishilar 1938 yilda «qatag‘on qurbonlari»ga aylangan. Shunday bir paytda Lev Tolstoyning din to‘g‘risidagi mulohazalariga istisno sifatida qaralmasligi tabiiy. O'sha davrdagi vaziyat to‘g‘risida tasavvur hosil qilish uchun bir voqeani misol sifatida keltirishimiz mumkin. 1978 yili (mazkur kitobcha nashr qilinganidan 70 yil keyin) Ozarboyjon jumhuriyatining nufuzli jurnallaridan biri «Ozarboyjon»da bu risolaning «Kirish» qismi va unga ilova tarzida turk generalining turmush o‘rtog‘i - Ye. Vekilovaning Lev Tolstoyga yozgan maktubi ozarboyjonchaga o‘girilib, chop etilishi mo‘ljallandi. Ammo Bakudagi tsenzura tashkiloti bunga ruxsat bermadi. Sababi esa Tolstoy kabi bir ulug‘ rus yozuvchisining Islom dini va Hazrati Muhammad (s.a.v.) haqida ijobiy fikrlar aytgani edi. Bosh muharrir mazkur kitobchaning «Kirish» qismi va Ye. Vekilovaning maktubini chop etish maqsadida jurnalning ushbu soni nashrini uzoq vaqt kechiktirdi va ruxsat olish uchun Moskvaga murojaat qildi. U yerdan «Ha, nashr etish mumkin» degan javob kelgach, risola va maktublar o‘quvchilarga yetkazildi. Shunday qilib, ushbu kitobdagi maktublar 1978 yilda ilk bor Ozarboyjon matbuotida ozar va rus tillarida e'lon qilindi. Tolstoy tasnif etgan risola va maktublar ancha shov-shuv bo‘ldi. Lekin Tolstoy kabi dohiy bir qalamkash, Islomga buyuk rag‘bat va hurmati bor shaxs, asariga nom tanlashda jiddiy xatolikka yo‘l qo‘ygan. Bizningcha, Islom dini Rus imperiyasi zamonida ochiq-oshkor ta'qiqlanmagan bo‘lsa-da, u Rusiyada o‘rganilishi mumkin bo‘lmagan bir din edi. Balki shu boisdan bo‘lsa kerak, Tolstoy ham risolasiga nom tanlashda yanglishgan. 70 yil hukm surgan Sovetlar Ittifoqi parchalanganidan keyin diniy qadriyatlarga qaytadan ahamiyat berilishi tufayli Lev Tolstoyning risolasi 1990 yilda o‘z tili - rus tilida nashr etildi. Afsuski, Tolstoyning xatosini risolaning Ozarboyjondagi ushbu nashriga muharrirlik qilgan noshir Gayibov ham takrorladi. Biz esa bu kitobni tarjima qilar ekanmiz, nomlanishdagi yanglishishni islomiy atamashunoslikni asos qilib olgan holda, texnik xato deya qabul qilib, uni tuzatishga majbur bo‘ldik. Tolstoy nashr etgan vaqtda risolaning nomi «Hazrati Muhammadning Qur'onga kirmagan hadislari» edi. Bu nomlanish xatodir. Chunki «Qur'on» Olloh kalomidir. Hadislar esa Hazrati Muhammadning (s.a.v.) so‘zlaridir. Shuning uchun Tolstoyning mazkur risolasini «Hazrati Muhammad» deya nomlashni to‘g‘ri deya bildik. Diqqatingizni yana bir narsaga qaratmoqchimiz. Rusiyada rus millatiga mansub, islomni qabul qilgan Valeriya Poroxova degan ayol bor. Bu ayol arab yigitiga turmushga chiqib, eri bilan 11 yil Saudiya Arabistonida yashagan. Bu rus ayoli islom dinini chuqur o‘rgangan va musulmon bo‘lgan edi. V. Poroxova «Qur'oni karim»ni ruschaga tarjima qildi va bu tarjima ilohiyotchi (islomshunos)lar tomonidan ma'qul ko‘rildi. Poroxova xonim katta jasorat bilan «Tolstoy va Islom» mavzusini ommaviy axborot vositalariga olib chiqdi va keng yoritdi. Poroxova xonim L. N. Tolstoy umrining oxirgi damlarida Islom diniga hurmat bilan qaraganini ommaviy axborot vositalarida ma'lum qildi. Sovet hukumati esa uzoq yillar bu haqiqatni yashirishga urindi. Poroxova xonim katta jasorat ko‘rsatib, bu muhim hujjatni nashr ettirdi. Rus xalqi, xususan, rus ziyolilari va olimlari L. N. Tolstoyni donishmand inson sifatida sevishardi. Ulug‘ adibning Islomga bo‘lgan hurmati rus jamoatchiligi ichida Islomga qarshi kayfiyat uyg‘otishi mumkin edi. Rusiya davlati Tolstoy kabi bir dohiyning Islomga hurmat-ehtiromi jamoatchilikka ma'lum qilinishiga ruxsat berolmas edi. Shu boisdan Tolstoy tomonidan tasnif qilingan «Hazrati Muhammad (s.a.v.) hadislari» risolasi uzoq vaqt yashirin tutildi. Doktor, professor Telman Xurshid o‘g‘li Aliev, Voqif Tehmez o‘g‘li Xalilov. Boku, Ozarboyjon. 2005 yil aprel
LEV TOLSTOY HAZRATI MUHAMMAD (S.A.V.)GA MAFTUN YOZUVCHI Ulug‘ rus yozuvchisi Lev Nikolaevich Tolstoyning islom diniga ehtirom ko‘rsatganini bilishning o‘ziyoq bir muhammadiy sifatida bizni quvontirdi. Shu boisdan ham bunday jahonga mashhur zotning Hazrati Muhammad bilan bog‘liq risolasini turkchaga tarjima qilib, o‘quvchilarga yetkazishga hissa qo‘shishdan faxrlanaman. Kapitan Kusto (Cousteau) musulmonlikni qabul qilganini Frantsiyaning «Match» jurnalida bergan intervyusini o‘qib bunga ishona olmagan edim. 1983 yilning may oyida aynan shu jurnalda Clement Torez haqida ham shu mavzudagi maqolani o‘qidim. Torez Frantsiya Kommunistik partiyasi rahbari edi. U: «Insoniyat endi kommunizmga emas, haqiqiy qiblasi bo‘lmish Ka'baga qaytajak, kommunizm tugadi...» der va falastinlik turmush o‘rtog‘i bilan birga gazeta va jurnallarga bu haqda juda ko‘p intervyular berishardi. G'arbda juda mashhur bo‘lib, keyinchalik islom dinini qabul qilganlar faqatgina shu kishilargina emas, albatta. Yana ortga nazar tashlasak, Frants Bismark, Gyote, hatto, rus shoiri Aleksandr Pushkin va boshqalar ham islom diniga ehtirom bilan qaraganini ko‘ramiz. Bunday shaxslardan yana birini yozuvchi Alev Alatlidan boshqa deyarli hech kim bilmagan, 2001 yil boshida musulmon bo‘lgan Rusiyaning Din Ishlari raisi V. Polosindir. E'tiborlisi shundaki, V. Polosin butun Rusiya ommaviy axborot vakillari huzurida musulmon bo‘lganini bayon etarkan, jumladan bunday dedi: «Butun jamoatchilik oldida guvohlik beramanki, men ortadoks cherkovining popi ham, mudiri ham emasman. Men endi musulmonman... Yana guvohlik beramanki, men kitobi bo‘lgan barcha dinlarning, Hazrati Ibrohimdan boshlab barcha payg‘ambarlarning ulug‘ odati bo‘lmish haqiqiy iymonning tolibi sifatida yagona to‘g‘ri dinga iqror bo‘ldim. Ijtimoiy hayotimni ham e'tiqodimga muvofiq shakllantirishga qaror qildim. Va musulmon bo‘ldim». Ortodokslikning qal'asi - qo‘shnimiz Rusiyada V. Polosinning musulmon bo‘lishi qanday aks-sado berishini o‘ylab ko‘ring. Ammo u 1999 yilda Rusiya ortodoks patriarxalligining uyushmasi va diniy jamoalari aloqalari qo‘mitasi raisi va Oliy Sovet Vijdon erkinligi qo‘mitasi boshlig‘i va Rusiya Federatsiyasi vakillari majlisi - «Duma»da deputat bo‘lgan. Bosh pop Vyacheslav Polosinning (Turkiyada Diyonat ishlari boshqoni maqomiga to‘g‘ri keladi) musulmon bo‘lganini nimagadir Turkiyada toki Alev Alatli ma'lum qilmaganiga qadar hech kim bilmadi. V. Polosin ayni paytda Moskva Davlat universiteti falsafa fakulteti, Zagors Diniy maktabi va Rusiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasi bitiruvchisi ham edi. Men bu ma'lumotni Alev Alatlining «Gogolning izini topmoqchi emasmiz» kitobida o‘qigach, avvaliga ishonmadim. Bunday voqea shov-shuv bo‘lmasdan qolishi mumkin emasligi haqida o‘yladim. V. Polosin musulmon bo‘lganini aytgach, uning boshiga tushishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar haqida nimalar o‘ylashini so‘rashganida: «Hammamiz foniymiz, oxir-oqibat bu dunyodan ketamiz. Inson bolasining tahdid vahimalariga itoat etmoqdan ko‘ra Haqiqatga taslim bo‘lgan holda dunyodan ketish yaxshiroqdir!» deb javob bergan. Turmush o‘rtog‘i ham musulmon bo‘lganini, o‘zi Ali ismini olganini aytgan V. Polosin, rus mamlakatida nasroniylikdan musulmonlikka o‘tgan eng so‘nggi mashhur kishidir. 1978 yilda Moris Bacaill va R. Graudy lar musulmon bo‘lishganda ham shunday quvongan edik. Bu shaxslar o‘tmishda kommunistlarning yetakchi g‘oyaviy arboblari edilar. Yana kimlardir qaerdadir yashirin yoki oshkora Islomga kirib, musulmon bo‘lganidan biz bexabar qolgandirmiz. L. Tolstoy musulmonlikni sotsializm to‘g‘risidagi g‘oyalar eng avj olgan va ular ko‘pchilikni o‘z ta'siriga tortgan bir zamonda tilga oldi. U paytda bunday bir ishga kirishish o‘zini iskanjaga solish va o‘limni bo‘yniga olish bilan barobar edi. L. Tolstoy shu ishni qildi. U ijodda yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan va moddiy jihatdan hech narsaga muhtoj bo‘lmagan bir paytda bu ishga qo‘l urdi. Bu vaqt hech kim «u zaif edi, yordamga muhtoj edi...» deyolmasdi. L. Tolstoy bularning hammasini tushungan, bilgan holda, Hazrati Muhammad (s.a.v.) hadislarini to‘plab, rus xalqiga taqdim etdi. Chunki poydevori zaif ekanligi aniq bo‘lgan sotsializm uni o‘z ta'siriga ololmagan edi. Bu ulug‘ yozuvchi imkoni bo‘la turib, o‘zi yashayotgan jamiyat ne'matlaridan bahramand bo‘lish o‘rniga musulmon kabi yashamoqlikni afzal ko‘rdi... Ulug‘ yozuvchining Yelena Vekilovaga yozgan maktubi L. Tolstoyning musulmonlikka va islom diniga muhabbatini ochiq-oshkor ifoda etgan edi. Yana ushbu xatda yozuvchi islom dinining boshqa dinlar tushgan holatga tushmaganligini, Hazrat Muhammad tadbiq etgan din eng so‘nggi va eng mukammal din ekanligini ta'kidlaydi va boshqa dinlardagi botil jihatlar va xurofotlarga diqqatni jalb etadi. Hadislardan tanlanganlari ham go‘yo rus xalqiga va ularni aldaganlarga bir dars-ibrat beradigan mazmunga ega. L. Tolstoy tanlab olgan bu hadislar orqali asl adolat va tenglik, haqiqiy qardoshlik va fidoyilik, hatto insonga hurmat va muhabbat ham islomda mavjudligini ta'kidlamoqchi bo‘ldi... L. Tolstoy tasnif etgan hadislardan aksariyatining manbasini aniqladik. Aniqlay olmaganlarimiz balki «Kutubi sitta»dan boshqa hadis kitoblardan olingan bo‘lishi mumkin... Orif Arslon. 2005 yil, may. "Hazrati Muhammad (s.a.v) hadislari Lev Tolstoy Saylamasida" kitobidan olindi. www.ziyouz.com | |
|
Всего комментариев: 0 | |