10:28 Halokatga yetaklovchi yo'l | |
Giyohvand moddalar qabul qilinishi inson salomatligiga rahna
solib, turli xil asab kasalliklarining kelib chiqishi, nogiron bolalar
tug‘ilishi, oilalar barbod bo‘lishi oqibatida farzandlarning yetim
qolishiga olib keladi. Buning natijasida esa, nafaqat oilalar, balki
butun jamiyat ijtimoiy va iqtisodiy zarar ko‘radi. Dunyo mutaxassis
shifokorlarining ta’kidlashlaricha, bolalarning aqliy va jismoniy
nuqson bilan tug‘ilishiga eng avvalo alkogol ichimliklar va giyohvand
moddalar sabab bo‘layotgan ekan.
So‘nggi
yillar mobaynida insoniyat jinoyatchilik, qurolli to‘qnashuvlar,
ekologik muammolar, turli xavfli kasalliklar bilan bir qatorda
giyohvandlik balosidan ham aziyat chekmoqda. Insonga oniy lazzat,
vaqtincha yengil kayfiyat, soxta tasavvurlar bag‘ishlovchi moddalar
organizmga shu darajada zarar yetkazadiki, natijada odamning jismoniy
va aqliy faoliyati tiklab bo‘lmas darajada shikastlanadi. Ayanchlisi, u
o‘limga olib keladi. Tibbiyotchilarning fikriga ko‘ra, giyohvand
moddalar o‘pka raki, jinsiy zaiflik va ruhiy xastaliklarni yuzaga
keltiradi.
Giyohvand moddalarga, xususan, geroin, kakoinga o‘rganib qolgan
kishi uni o‘z vaqtida qabul qilmasa, og‘uga o‘ta kuchli ehtiyoj sezadi.
Shu modda dozasini qabul qilgach esa, o‘zini go‘yo “osmonning yettinchi
qavati”da sezadi. Tanada sarxushlik, rohatlanish hissini tuyadi. Aslida
esa lahzalik rohat deya inson o‘z ixtiyori bilan halokat tomon qadam
qo‘ygan bo‘ladi. Bordi-yu, giyohvandlik moddalari xumori tutib, xuruj
qilib qolsa, u holda giyohvand kimsa unga erishish maqsadida har qanday
jinoyatu razilliklardan ham tap tortmaydi. Zotan, butun dunyo
osoyishtaligiga rahna solayotgan terrorizmning tag zamirida ham
narkobiznes yotibdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xavotirlisi, giyohvandlikka asosan yoshlar, ba’zan hatto ayollar
ham kirib kelmoqdalar. Yoshlar ko‘pincha yon-atrofidagi ulfatlarga
taqlid qilib giyohvand moddalar iste’moliga ruju qo‘ymoqdalar. Bu esa
o‘z navbatida ota-onalarning farzandlarini nazorat qilmasligi,
yoshlarning diskotekayu, tungi klublarda sayoq yurishlaridan
boshlanadi. Yoshlar tabiatiga xos xususiyat shuki, ular hamma narsaga
qiziqish bilan qaraydilar. Ko‘rgan va eshitganlarini o‘zlarida ham
sinab ko‘rishga harakat qiladilar. Jumladan, ayrimlar ko‘knori ichib,
turli kimyoviy moddalarni hidlab, nasha chekib kayf qila boshlaydilar.
Ana shu boshlang‘ich bosqichda bebosh yoshlar nazoratga olinmasa,
qarovsiz qoldirilsa, qarabsizki, ular tuppa-tuzuk giyohvandga
aylanadi-qoladi. Jamiyat uchun eng xavfli tomoni, yosh-yalang,
o‘smirlar to‘planadigan diskoteka zallarida giyohvand moddalar savdosi
bilan shug‘ullanuvchilar ham uchrab turadi. Ana shu xususida
mutaxassisning fikr-mulohazasini oldik.
Gulnora BOTIRALIYEVA,
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani markaziy poliklinikasi qoshidagi narkologiya xonasi 1-toifali vrach-narkologi:
– Giyohvandlik illatining avj olishi, ayniqsa, uning yoshlar va
xotin-qizlar orasida uchrashi bevosita millat genofondiga salbiy
ta’sir ko‘rsatadi. Giyohvand moddalarni hatto eng kam miqdorda iste’mol
qiluvchi ota-onalardan mayib-majruh, yanada achinarlisi, aqli zaif
farzandlar tug‘ilishi kuzatiladi.
Ayni damda birgina Yangiyo‘l tumani Gulbahor qo‘rg‘onida
joylashgan tuman markaziy poliklinikasi qoshidagi narkologiya xonasida
39 nafar giyohvand ro‘yxatga olingan. Kishini iztirobga soladigan
jihati shundaki, ana shu ro‘yxatga olinganlarning 4 nafarini ayollar
tashkil etadi.
Ro‘yxatda turuvchi giyohvandlarning oila a’zolari sha’ni hamda
ularning farzandlari kelajagini o‘ylab ular bilan anonim tarzda
profilaktika ishlari olib boriladi. Ular Toshkent viloyatining
Angren shahrida joylashgan maxsus narkologiya dispanseriga majburiy davolanish uchun yuboriladi. To‘lqin SAIDOV (ismlar o‘zgartirildi):
– Yoshim qirqni qoralab qoldi. Oilam, ikki nafar farzandim bor.
Turmush o‘rtog‘im oliy ma’lumotli. Yaxshigina kasb egasi edi. Mening
giyohvandlik botqog‘iga botishim bois u o‘zi sevgan kasbidan voz kechib
ro‘zg‘or tebratish, meni davolatish bilan ovora.
O‘zim ham haydovchi edim. Ammo qayta-qayta xumor tutishi, “dori”ga
pul kerak bo‘lganligi bois “Damas” avtomashinamni sotishga majbur
bo‘ldim. Avval-boshda mashinamni sotganimni yaqinlarimdan yashirdim.
Xabardor bo‘lishgach esa, sen o‘z farzandlaring rizqiga xiyonat
qilding, deya tergashdi. Hozir davolanyapman. Nasib qilsa ijaraga
bo‘lsa ham mashina olib ro‘zg‘or uchun jon kuydiraman.
Abdulla TOJIYEV:
– Oilamiz boshiga musibat tushdi. Endigina 23 yoshni qarshilagan
farzandimiz To‘lqin vafot etdi. Shifokorlarning ta’kidlashlaricha, u
giyohvand moddasini o‘ta ko‘p miqdorda qabul qilganligi bois jon taslim
qilibdi. Farzandim oxirgi paytlarda uydan chiqib ketib biz bilan
yashamay qo‘ygandi. Ammo o‘limidan bir necha kun avval uyga kelib,
endi giyohvandlik yo‘lidan qaytishini, uylanib oila qurgach biz bilan
birga yashashini aytgandi. Uning o‘limini eshitiboq oldiga yetib
bordim. Sho‘rlik bolam bir ahvolda qotib qolgandi. Har ikkala
qo‘lining bilaklari shpritsdan ilma-teshik bo‘lib ketibdi.
Aslida To‘lqinning shu ko‘yga tushishida o‘zimiz ham aybdormiz.
Uni yolg‘iz o‘g‘il, naslimiz davomchisi, deb yeru ko‘kka ishonmasdik.
Esiz, u hatto o‘zidan zurriyod qoldirishga ham ulgurmadi...
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, Yer yuzida
bugungi kunda 200 millionga yaqin kishi giyohvand moddalarini notabiiy
iste’mol qilmoqda. Birgina Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan geroin
moddasini 13,5 milliondan ortiq kishi qabul qilar ekan. Giyohvandlik
dardiga mubtalo bo‘lganlarning anchagina qismi OITS dardiga mubtalo
bo‘lgan.
Bir necha yil burun Yangiyo‘l tumanida giyohvandlik oqibatida
sodir etilgan jinoyatdan xabar topgan har qanday tosh yurak ham larzaga
keladi. Tumanning Qovunchi qishlog‘ida yashovchi giyohvand gumroh
farzand 9 oy yuragi tubida ko‘tarib yurib dunyoga keltirgan o‘z
onasini oniy lazzat ta’sirida o‘tinday sarjinlab chopib tashlaydi. Bu
ham yetmaganday jinoyatini yashirish maqsadida bo‘laklarga bo‘lingan
ona jasadini hovlining o‘ziga taxlab ustidan beton quyib yubordi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, militsiya xodimlari betonni temir
aslahalar bilan ko‘chirishganda jasaddan faqat suyaklaru bir tutamgina
soch qolgandi, xolos.
Ko‘rib turganingizday jinoyat, giyohvandlik millat tanlamaydi. Bu
illatlar domiga tushgan har qanday odam qismati ayanchli yakun topadi.
Shunday ekan, barchamiz yaqin kishilarimizni, ayniqsa, farzandlarimizni
asr vabosi deya atalayotgan giyohvandlik balosidan asrab qolaylik.
Nargiza PIRNAZAROVA,
«Hurriyat» muxbiri.
| |
|
Всего комментариев: 2 | |||
Ник: xurshida
Ник: jasur
| |||