14:28 Ekran ortidagi havf | |
Shaxsning dunyoqarashi, ma’naviyati, qolaversa, tafakkuri
shakllanishida ommaviy axborot vositalarining ta’siri katta.
Avvalambor, OAV deganda biz nazarda tutayotgan matbuot nashrlari,
radio, televidenie, internet kabilardan eng ommaviy, barcha uchun qulay
bo‘lganini ajrataylik. Aksariyat mutaxassislarning fikricha, bugungi
kunda bunday axborot vositasi televideniedir. Xo‘sh, televideniening
shaxs rivojlanishi, uning ma’naviyati shakllanishiga ta’siri qanday? U
o‘quvchi yoshlarning bilimini, dunyoqarashini to‘ldiradimi, boyitadimi?
Ayrim guruh vakillari televidenieni asrimizning fojiasi deb qaraydilar. Uni «axborot-ko‘ngilochar giyohvandlik» («informatsionno-razvlekatelny narkotik») deb hisoblaydilar. Televidenie muxlislarni o‘ziga jalb qiladi, insonning tafakkur va xulq-atvorini, aql-idrokini stereotiplashtirib oladi. Bu esa qaysidir ma’noda shaxsni fantaziyadan, ijodiy tashabbusdan, mustaqil fikr yuritish va harakat qilish yo‘nalishidan mahrum etadi. U oilada, jamoada, do‘stlar bilan bo‘ladigan munosabatlarda muloqotni rasmiy va yuzaki qilib qo‘yadi. Chunki u siz uchun o‘ylaydi, fikr yuritadi, xulosa chiqaradi va qaror qabul qiladi. Britaniyalik jamiyatshunos olim Ye.Stengelning fikricha, insonlar borgan sari bir-birlari bilan kam aloqa qilmoqdalar. Ular his-tuyg‘u va ehtiroslarga yo‘g‘rilgan jonli muloqotdan ko‘ra jonsiz predmetlarni — radio, televidenie va matbuotni afzal ko‘radilar. Bunday holat yoshidan qat’i nazar barcha shaxslar uchun taalluqlidir. Ayniqsa, shaxs sifatida endi shakllanib kelayotgan bolalar bunga tezroq duchor bo‘lmoqdalar. Statistik ma’lumotlardan ayon bo‘lishicha, bo‘sh vaqti bo‘lishiga qaramay, bolalar bilan ota-onalarning muloqotlari sezilarli darajada kamaygan. Demak, bola bilan ota-onaning orasidagi muloqotga bo‘lgan ruhiy talab va ehtiyojni ikkala taraf uchun ham televidenie singari jonsiz institutlar qondiradi. Eng achinarlisi, bolalar va o‘smirlarning badiiy adabiyot mutolaasiga qiziqishlari pasaygan, ular oson yo‘lga o‘tib olishgan. Ya’ni, zangori ekrandan berilayotgan axborotlar bilangina qoniqish hosil qiladilar. Bu, albatta, aqlni zo‘riqtirib kitob o‘qishdan ko‘ra osonroq. Yana bir tadqiqotchi V. Pekard oynai jahon bolalarda muayyan olam haqidagi tasavvurlarning kamayishiga, ulardagi ijtimoiylashuv, nutqning rivojlanishi kabi faoliyatlarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. Olimning fikricha, bolalar teleko‘rsatuvlarni qancha ko‘p ko‘rsalar, shuncha «diqqatni jamlay olmaslik» kasaliga duchor bo‘ladilar. O‘quvchi-yoshlarning dunyoqarashi, o‘y-fikrlari tafakkuridagi rivojlanish jarayoniga televideniening ta’sirini aniqroq tasavvur qilish uchun quyidagi ma’lumotlarga e’tibor beraylik: — 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 60 foizi har kuni televizor tomosha qiladi; — 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 50 foizi teleko‘rsatuvlarni tanlamay tomosha qiladi; — 6 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 25 foizi biror bir teleko‘rsatuvni 5 martadan 45 martagacha takror tomosha qilar ekan; — 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 8 foizi televizor tomosha qilishni, undan so‘nggina ochiq havoda sayr qilishni va oila a’zolari bilan muloqot qilishni birinchi o‘ringa qo‘yishgan. Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, bugungi kun bolasining ota-onasi ham, ustozi ham, yaqin do‘sti ham televizor bo‘lib qolmoqda. Biz bolalarni televizor tomosha qilishdan butunlay cheklab qo‘yish fikridan yiroqmiz. Faqat bu jarayonni nazoratga olish zarur. Televizorning bola ruhiyatiga, shaxs sifatida shakllanishiga salbiy ta’sirini suv yuzasida faqat uchi ko‘rinib turgan aysbergga o‘xshatish mumkin. Chunki bir qaraganda bezarar bu faoliyat bola uchun, uning komil inson bo‘lib yetishishi uchun hal qiluvchi masala bo‘lib bormoqda. Ushbu muammoni chuqurroq o‘rganish maqsadida maktabimiz o‘quvchilarining ota-onalari orasida tadqiqot olib bordik. Natijalar quyidagicha: «Farzandingiz qanday teleko‘rsatuvlarni yoqtirishini bilasizmi?» degan savolga 67 foiz ota-onalar «yo‘q» deb javob berishdi. 89,2 foiz ota-onalar farzandlari bilan birga tomosha qilgan ko‘rsatuvlarini muhokama qilishmas ekan. «Farzandingiz tarbiyasiga oynai jahon yomon ta’sir qilishi mumkinmi?» degan savolga 73 foiz ota-onalar «Ha» deb javob berishdi. Ko‘pchilik ota-onalar bolalari fanlarni bo‘sh o‘zlashtirishida, muomalada qo‘pol bo‘lishlarida televidenieni aybdor qiladilar-u, buning oldini olish choralarini izlamaydilar. Ko‘rinib turibdiki, ota-onalar farzandlarining hayotlarida televizor muhim ahamiyatga ega ekanligini anglasalar-da, ularning qanday ko‘rsatuvlar tomosha qilishlari, taassurotlari bilan qiziqmaydilar. Rus olimi I. Shatskiy «Televizor — dahshatli xavf, uning oldida bolalar o‘zlarini kuchsiz va ojiz his etadilar» deb yozadi. Inson hayotining, ma’naviy dunyosining ajralmas qismiga aylanib borayotgan zangori ekranni «dahshatli xavf» deyishga olim yetarli asosga ega. Olamni, atrof-muhitni endigina anglayotgan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajratishni o‘rganayotgan bolaning murg‘ak qalbiga har soatda fahsh, jangarilik, zo‘rovonlikni namoyish etayotgan filmlar bilan kirib borishni nazarda tutib rus olimi shunday xulosaga kelgandir, balki. Taniqli adibimiz Tohir Malikning «Jinoyatning uzun yo‘li» nomli asarida voyaga yetmaganlar qanday qilib jinoyat yo‘liga kirib qolishlari chuqur tahlil qilingan. Asarning birinchi bo‘limida muallif «Bolalarning yomon yo‘lga kirib ketishiga kim aybdor?» degan savoliga bir necha joyda, turli kasb egalari orasidan javob olgani haqida yozadi. Natijada esa 25 foiz respondentlar ota-onani, 15 foizi maktabni, 10 foizi militsiyani, 35 foizi esa televizor va videoni ayblashgan. Shu o‘rinda muhtaram adibimizning fikrlariga e’tibor qarataylik: «Yigirmanchi asrning so‘nggi o‘n yilligidagi javoblar bahsida («Kim aybdor?» savoliga) «Televidenie» degan fikr tobora kengroq o‘rin ola boshladi. Televidenie va video, ayniqsa, sharqona tarbiya, odob bilan chiqisha olmay qoldi. Frantsiyalik yozuvchi Mopassan behayo voqealarni tasvir etish bilan olam aro mashhur bo‘lgan. Hindistonlik ulug‘ adib Tagor «Ishqilib mening xalqimga Mopassan yetib kelmasin» - deb umid qilgan ekan. Tagor millatiga xos odob, pokizaligini saqlash qayg‘usida shunday degan. Ne ajabki, bugun ayni shu Hindistondagi yashirin kinostudiyalar behayo filmlar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. Bugungi o‘smir-yoshlarga Otelloning rashkli muhabbati begona, Otabek va Kumushning taqdirini yig‘lab o‘qimaydilar. Ularda surur(romantika) yo‘qmi yoki qahri qattiq bo‘lib o‘syaptilarmi? G‘arb kinolari sel kabi yog‘dirayotgan «erkin muhabbat g‘oyasi» odamiylik odobidan g‘olib kelmayaptimi?». Oynai jahonning yoshlar ongiga ta’siri haqida yozar ekan, Tohir Malik Rossiya televideniesida namoyish etilgan mash’um fojia haqida yozadi. Uyiga sal kechroq kelgani uchun onasi va akalaridan tanbeh eshitgan 16 yoshli o‘smir ularni bolta bilan chopib tashlaydi. So‘ngra qo‘rqib qolgan ukasi qo‘liga pul tutqazib buvisinikiga yuboradi. O‘zi esa bamaylixotir ko‘ngilxushlik qilgani pivoxonaga yo‘l oladi. Suhbatlashayotgan muxbir o‘smirning vahshiylashishi sabablaridan biri u tomosha qilgan filmda ekanligini ta’kidlaydi. Chunki o‘smirning iqror bo‘lishicha, zulm va o‘ldirishlar aks ettirilgan bir filmni u 86 (!) marta tomosha qilgan ekan. Ruhshunoslar bolaning shaxs sifatida shakllanishida qiziquvchanlik va biror bir xususiyati bilan boshqalardan ajralib turishga moyillik yetakchilik qilishi haqida ko‘p ta’kidlashadi. Shu bois, bola kundalik hayotida uchramaydigan ekrandagi holatga katta qiziqish bilan qaraydi. Film qahramonlarining g‘ayriinsoniy qobiliyatlariga taqlid qilishni xohlaydi. Bunday paytda bolaning yonida katta hayotiy tajribaga ega shaxs bo‘lsa, uning to‘g‘ri xulosa chiqarishiga ko‘mak beradi. Aks holda, ekranda namoyish etilayotgan sahna, targ‘ib etilayotgan g‘oya bola ongiga qumga tushgan suvdek singib ketadi. Televidenie haqida gapirar ekanmiz, ko‘rsatuvlar haqida to‘xtalmay iloj yo‘q. Dasturdan joy olgan badiiy filmlarda milliy qadriyatlarimizga yot unsurlar uchrab turadi. Masalan, ko‘pchilik sevib tomosha qilgan «Xinoli qor» serialidagi bosh qahramonlar Ali va uning seviklisi Nazar (ularning tuyg‘ulari qanchalik sof bo‘lmasin) barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan oila va nikoh rishtalarini poymol qiladilar. Buni ko‘rgan yoshlar ongida oila mustahkamligiga zid keltiruvchi g‘oyalar tug‘ilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Yoki yoshlarimiz sevib tomosha qiladigan videokliplarni olaylik. Yarim-yalang‘och «raqqosa»lar qurshovida «ishla qaley, privet jononalarga» qabilida «qo‘shiq» kuylayotganlardan o‘rnak olgan o‘quvchi-yoshlar so‘zlashuv, kiyinish, yurish-turishda ularga taqlid qilmoqdalar. Teledasturlardan ba’zan tarbiyaga zid va milliy qadriyatlarimizga yot ko‘rsatuvlar ham o‘rin olmoqda. Nurali Xudayberganov,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi. | |
|
Всего комментариев: 0 | |