Dushanba, 18.11.2024, 05:43
Приветствую Вас, Mehmon
Главная » 2008 » Март » 20 » Yevropa siyosatini o'zgartirgan holat
14:51
Yevropa siyosatini o'zgartirgan holat
Yoki Rossiya va Polsha ko‘pga cho‘zilgan iqtisodiy kelishmovchilikni bataraf etish arafasida
Polsha va Rossiya o‘rtasida bir necha yildan buyon davom etib kelgan sovuq munosabatlar o‘rnini iliq qo‘shnichilik aloqalari egallayapti. Bir vaqtlar yagona lagerda bo‘lgan va zamona zayli bilan ikki qutbga ayrilgan davlatlar hamkorligining yana qayta jonlanayotgani Polsha siyosiy hayotida ro‘y bergan so‘nggi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
Joriy yilning oktyabrida bo‘lgan parlament saylovida Donald Tusk boshchiligidagi “Fuqarolik platformasi” partiyasi g‘alaba qozondi va mamlakat qonunlariga ko‘ra qonunchilik idorasida ko‘p o‘rin egallagan siyosiy guruh sifatida hukumatni shakl­lantirdi. Partiya yetakchisi Donald Tusk esa mamlakat bosh vaziri vazifasini egalladi.
Sharqiy Yevropa yuragida joylashgan Polsha sobiq sho‘rolar davridanoq mintaqa hayotida muhim o‘rin tutgan. Kommunistik rejim qulab, mamlakat rivojlanishnig yangi yo‘liga o‘tgani va Yevropa tomon yuz burganidan keyin Varshavaning siyosiy maydondagi o‘rni yanada oshdi. Xabaringiz bor, 2005 yili Polsha hukumati tepasiga Rossiyaga qarshi kayfiyatda bo‘lgan aka-uka Lex va Yaroslav Kachinskiylar kelishdi. “Adolat va qonun” partiyasining asoschilari bo‘lgan aka-ukalarning biri Polsha prezidenti (L. Kachinskiy), yana biri bosh vaziri (Ya. Kachinskiy) lavozimiga o‘tirishdi. Davlat va hukumat boshqaruvini bir paytning o‘zida qo‘lga kiritgan arboblar sifatida tarixga kirgan egizaklar avval-boshdan Rossiyaga qarshi siyo­satni tanlashdi. Bu holat oxir-oqibat  mo‘’tadil fikrli Yevropa Ittifoqi davlatlarining Rossiya­ga bo‘lgan munosabatini ham keskinlashtirdi.
Hammasi 2005 yili Rossiya Polshadan go‘sht mahsulotlari keltirishni man etganidan boshlandi. Bu holat  Moskva tomonidan “Polsha boshqa davlatlarda tayyorlanayotgan sifatsiz go‘sht mahsulotlarini  ekcport qilayotgani” bilan izohlandi.
O‘shanda mana shu arzimagan mojaro ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni butunlay to‘xtatib qo‘yishi, boz ustiga bu holat Yevropa Ittifoqi siyosatiga ta’sir etishi hech kimning, hattoki Moskva va Varshava rasmiylarining ham xayoliga kelmagan edi. Lekin katta siyosatda mojaroning katta-kichigi bo‘lmasligi bu gal ham o‘z tasdig‘ini topdi.
Yaroslav Kachinskiy hukumati Rossiyaning bu harakatini Polshaga qarshi fitna deb baholadi va munosib javob berishga va’da berdi.  Garchi Kreml ma’muriyati qiziqqonligi bilan tanilgan Polsha bosh vaziri so‘ziga e’tibor bermagan bo‘lsa ham, keyinroq - “munosib javob” berilganidan keyin anchayin murakkab ahvolga tushib qoldi.
Ayni o‘sha paytlarda Rossiya tash­qi ishlar vaziri polshalik hamkasbiga Moskvaga tashrif buyurish to‘g‘risida taklif yubordi. Yuqoridagi taqiqdan qattiq xafa bo‘lganini oshkora bildirgan Polsha tashqi ishlar vazirligi taklifga umuman javob bermadi. Shu tariqa ikki tomonlama munosabatlar sovuqlashib ketdi.
Aslida go‘sht eksportining to‘xtatilishi shunchaki iqtisodiy chora emasligi ayon edi. Kreml mazkur taqiqni Polshada egizaklar hukumatni egallagani va ular Rossiyaga qarshi siyosat yuritayotganiga javoban joriy etgandi. (Rasmiy Moskva bu usulga tez-tez murojaat qilib turadi. Masalan, 2006 yili Gruziya bilan munosabatlar yomonlashgan paytda gruzin vinosi eksporti ham embargo qo‘yilgandi).
O‘z navbatida Polsha hukumatining Kremlga nisbatan to‘nini ters kiyib olishini ham faqatgina go‘sht eksporti taqiqlanishi bilan bog‘lash to‘g‘ri emas. Aka-uka Kachinskiylar mazkur hodisadan ancha oldinroq Rossiyaga nisbatan keskin pozitsiyani tanlagandilar.
Ko‘pchilik tahlilchilar Moskva- Varshava munosabatlarini yaxshilash yo‘llarini tushuntirolmay turgan pallada Polsha hukumati tepasiga liberal fikrli, mo‘’tadil qarashli Donald Tusk keldi-yu, juda ko‘p savollarga javob topildi. Yangi hukumatni shakllantirgan D. Tusk eng avvalo Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash niyatini bildirdi. Agar uning muxolifi bo‘lgan avvalgi bosh vazir Kreml bilan muzokaralarni mutlaqo rad etgan bo‘lsa, u hamma ishni qo‘shni davlat bilan til topishishdan boshladi. Donald Tusk Rossiya Polsha uchun yaxshi hamkor bo‘lgani, munosabatlardagi sovuqchilik endilikda barham topishini aytdi. Yangi bosh vazir bildirgan fikrlarining amaliy ifodasi sifatida Polsha bundan buyon Rossiyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo bo‘lishiga qarshi emasligini e’lon qildi.
Rossiyadek yirik davlatga Polsha kabi endigina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan mamlakatning bepisand munosabati og‘ir botgani turgan gap. Lekin Donald Tuskning avvalgi hukumat aybini tan olib, munosabatlarni yaxshilashni taklif qilgani Rossiya tomonidan bee’tibor qoldirilmadi. Moskva o‘tgan hafta barcha mojarolarning “doya”si bo‘lgan embargoni olib tashladi.
Katta siyosatda har doim ham “salomga yarasha alik” tamoyili amal qiladi. Polsha hukumati ham Rossiya tomonidan ko‘rsatilgan e’tiborga munosib javob berdi. Tashqi ishlar vazirligi Polshaning Rossiya-Yevropa Ittifoqi hamkorlik bitimi masalasidagi pozitsiyasini o‘zgarishini e’lon qildi.
Shu tariqa iqtisodiy kelishmovchilik bartaraf bo‘lyapti. Tomonlar shu kunlarda go‘shtga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish to‘g‘ridagi bitim va hamkorlikni yangidan kengaytirish borasidagi hujjatlar imzolashga hozirlik ko‘rishyapti.

Sobirjon Yoqubov. "Hurriyat" gazetasidan olindi
Категория: Siyosat | Просмотров: 1447 | Добавил: hamma | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]