11:33 BMT Bosh kotibi islomga qarshi filmni qoraladi | |
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun gollandiyalik siyosatchi Gert Vilders
tomonidan suratga olingan filmni keskin tanqid qildi. “Fitna” deb
nomlangan 15 daqiqalik film o‘tgan hafta Internet saytlari orqali
tarqatilgandi.
Gollandiyadagi “Ozodlik” partiyasi yetakchisi bo‘lgan ushbu shaxs bundan avval ham islom diniga qarshi fikrlari tufayli diniy nizo qo‘zg‘ashda ayblangan. “Fitna” filmi o‘z nomi bilan dunyo dinlari o‘rtasida ixtilof va ziddiyatni kuchaytirishga qaratilgan. Unda muallif islomni zo‘ravonlik dini deb talqin qiladi. Muqaddas din hattoki fashizm g‘oyasi bilan muqoyasa etiladi. Filmda daniyalik Kurt Vestgaardning bundan oldinroq keskin noroziliklarga sabab bo‘lgan, Muhammad alayhissalom tasvirlangan karikaturalari ham namoyish etilgan. — Gert Vildersning islomga qarshi ochiq haqorat bo‘lgan filmini keskin qoralayman, — deydi BMT Bosh kotibi. — Bu o‘rinda fikr erkinligi xususida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. Erkinlik har doim ham ijtimoiy mas’uliyat talab etadi. Ayni paytda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Sloveniya davlati ham ushbu filmni adovat uyg‘otishga urinish deb atadi. Film musulmon olamida keskin norozilik keltirib chiqardi. Pokistonda shu munosabat bilan namoyishlar o‘tkazildi. Islomobod hukumati Niderlandiya elchisiga norozilik notasi yuborib, mamlakat rahbariyatidan tuhmat va haqorat uchun Gert Vildersni sudga tortishni talab qildi. Indoneziya, Bangladesh, Eron davlatlari ham “Fitna” filmini diniy adovat uyg‘otuvchi uydirma deb baholagan. Ushbu hodisa Niderlandiya hukumati tomonidan tanqidiy qabul qilindi. Mamlakat bosh vaziri Yan Peter Balkenende islom va zo‘ravonlik tushunchalarini yonma-yon qo‘yish butkul mumkin emasligi, ushbu din ekstremizmga qarshi ekanini ta’kidladi. | |
|
Всего комментариев: 0 | |