12:34 Sizni hech reklama bezovta qiladimi? | |
Aytaylik,
ishdan horib keldingiz. Issiqqina choyni simirib, qadrdon joyingizda
uzalgansiz. Ko‘zingiz televizorda. Oila a'zolaringiz bilan serial (bu
payt faqat serial ko‘riladi) ko‘rib o‘tiribsiz. Shunda ekranda
vaqti-vaqti bilan, yaxshi-yomon, ta'bingizga qarab har xil reklama
roliklari aylana boshlaydi. Ba'zida qayta-qayta, aralash-quralash
baqir-chaqir (reklama so‘zi aslidayam lotincha "reklamars" so‘zidan
olingan bo‘lib, "baqirmoq" ma'nosini bildiradi) qilaverib, rosmana
asabingizni egovlaydi. Yuqoridagi savolga esa ikkilanib o‘tirmay, ha
deb javob berasiz.
Lekin ishoning bu bozor iqtisodiyotining eng kerakli, suv va havoday zarur shartlaridan biridir. Chunki tadbirkorliksiz taraqqiyot bo‘lmaganidek, reklamasiz tadbirkorlik ham bo‘lmaydi. Qolaversa, sizning bozordan sifatli, ko‘nglingizdagidek narsa xarid qilishingizning beminnat garovi ham aynan reklama bo‘lishi kerak. Ehtimol, ana shu sababdan hamki insoniyat har bir jabhada reklama munosabatlariga ehtiyoj sezib kelgan. Ko‘hna Misr va qadimgi Vizantiyadan topilgan toshga va pergamentlarga bitilgan yozuvlarda ham bugungi reklama unsularining uchrashi so‘zimiz isbotidir. Manbalarda ko‘rsatilishicha ilk bor rasman 1650 yilda London gazetalarining birida 12 ta yo‘qolgan otni topishga va topganga mukofot berilishiga doir reklama e'loni chop etilgan ekan. Mana, oradan qariyb 400 yilga yaqin vaqt o‘tibdi hamki reklamaning ta'siri zarracha susaygani yo‘q. XX asrga kelib, hatto siyosat olami ham reklamaga ehtiyoj seza boshladi. To‘g‘rirog‘i reklama siyosat maydoniga ham dadil qadam qo‘ydi. "Reklama iqtisodiy san'at", - deb charchamaydigan frantsiyalik "reklama qiroli" Jak Segala 1981 yilda shov-shuvli ishga qo‘l uradi. U o‘sha paytlardagi Frantsiya prezidentligiga da'vogarlar - Valeri Jiskar d'Esten, Jak Shirak va Fransua Mitteranlarga o‘z yordamini taklif qiladi. Ulardan faqat Fransua Mitterangina bu taklifni qabul qilib, Jakning fikri bilan barcha tasvirlarda chakkasiga qizil atirgul taqqan holda namoyon bo‘la boshlaydi. Ma'lumki atirgul Frantsiyada tinchlik ramzi hisoblanadi. Xalq Fransua Mitteran timsolida tinchlikparvar inson ramzini ko‘rib, unga ishonch bildiradi. Jak Segala katta obro‘ va anchagina mablag‘ egasiga aylanadi. Uning xizmatlaridan boshqa ko‘plab, Yevropa davlatlarining rahbarlari ham foydalangan. Reklamaga mutaxassislar ko‘plab ta'riflar berishadi. Ba'zilar uni "o‘z vaqtida juda yaxshi aytilgan haqiqat" desa, ba'zilar "reklama chop ettirilgan savdodir" deb aytishadi. Boshqa bir kishilarning fikricha esa, "reklama - savdo dvigatelidir". Ta'riflar turlicha bo‘lsa ham, ulardan kelib chiqadigan tub ildiz bitta: Reklama kerakli va uning qudrati beqiyos. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, jahonda bir yilda reklamaga o‘rtacha 500 milliard AQSh dollari sarflanar ekan. Har holda chakana bo‘lmagan bu miqdorning o‘ziyoq reklamaning nechog‘li salohiyatga ega ekanligini anglatib turibdi. O‘zbekistonda ham reklamaga katta e'tibor berilmoqda. Yangilanishlar, kishi diqqatini o‘ziga tortuvchi (reklamada eng muhimi shu) unsurlar ko‘zga tashlanmoqda. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, televidenieda necha yillardan buyon berilayotgan "Bo‘shman" (Mars shokoladi reklamasi), "Sinib qoldingmi" - (Snekers shokoladi reklamasi) kabi mantiqqa zid so‘zlar, ba'zi dori preparatlari reklamalarida esa kishi g‘ashiga tegadigan jarangdor, jozibador qofiyadosh so‘zlar tiqishtirilayotgani reklamalarga bachkanalik to‘nini kiydirib qo‘ymoqda. Bu holatlarda mulohazakorlik bilan ish yuritilsa zarar qilmasdi. Xorij reklamalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilish oqibatida ba'zan noqulay ahvolga tushib qolish holatlari ham bo‘lgan. Masalan "Parker Pen" firmasi Lotin Amerikasida "Agar Parkeringiz bo‘lsa, sizni hech kim yo‘ldan urolmaydi" shiori ostida o‘z mahsulotlari reklamasini boshlaydi. Oxir oqibatda esa, "Parker"ning o‘zi uyatli ahvolga tushib qoladi. Ma'lum bo‘lishicha, "yo‘ldan urmoq" so‘zi ispancha "homilador bo‘lib qolish" ma'nosini bildirar ekan. Bunday misollar juda ko‘p. Shu sababli xorij reklamalari mahalliy tilga o‘girilayotganda, avvalo xalqning milliy mentalitetiga, urf-odatlari, turmush tarzidan tortib tilining etimalogik xususiyatlariga qadar e'tibor qaratmoq darkor. Keyingi paytlarda antireklama iborasi tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Bunda mahsulot yoki xizmatning yaxshi yoki ishonchliligi muhim rol o‘ynamaydi. Asosiysi mijozning qitiq-patiga tegib, xotirasiga chirmoviqday o‘rnashib olinsa bas. Antireklamaning bor bo‘y-basti shunda namoyon bo‘ladi. Matbuot reklamasi televidenieda berilayotgan reklamalardan farq qiladi. Unda so‘zlarning jozibardorligi, fikrning tushunarliligi, ayni paytda sarlavhaning antiqaligi muhim ahamiyatga ega. Ammo ochig‘ini aytganda matbuot reklamalari bizda TV reklamalaridan sezilarli darajada orqada. Ma'lumki, rivojlangan davlatlarda gazetaning xarajatlari uning nusxasi yoki narxi bilan bog‘lanmaydi. Bil'aks faqat reklamalardan tushadigan daromad nashrning barcha xarajatlarini ortig‘i bilan qoplaydi. Masalan dunyoga millionlab nusxalarda tarqaydigan ayrim eng nomdor gazetalarining bir nusxasini chiqarishning o‘zi bir necha million AQSh dollariga yetishi barobarida, uni sotuvdan arzimagan bir necha o‘n tsentga olish mumkin. Albatta, o‘rtadagi tafovut va jurnalistlarga beriladigan maosh va qalam haqini reklamadan tushadigan foyda qoplaydi. Agar bizda ham bunga yetarlicha e'tibor qaratilsa, nazardan chetda qolayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanilsa, gazetalarimizning adadi sezilarli oshgan, qog‘oz sifati yaxshilanish imkoniyati ko‘paygan bo‘lardi. Qolaversa, gazetalarning obuna va chakana sotuvdagi narxi ham bir necha bor arzonlashgan bo‘larmidi? Balki o‘shanda gazeta do‘konlaridagi sevimli gazetalarimizni, aytaylik, 30-40 so‘mga sotib olish imkoni tug‘ilardi! Albatta, bir qarashda bu fikrlar shunchaki havoyi gaplardek tuyulishi mumkin. Biroq nazarimizda uddalasa bo‘ladigan ish! Axir, fiziklar uchun moddiyat va quvvat toifasidagi hodisa, matematiklar uchun abstrakt miqdor, geneteklar uchun nasliy belgilar vorisligini saqlovchi universal sxema, faylasuflar uchun moddiyatning eng muhim xususiyatlaridan biri bo‘lgan axborotgina taraqqiyotning zamini baquvvat pillapoyasi hisoblanadi. Aytish mumkinki, ana shu masalalarim ham eng avvalo kishilarni qiziqtiradigan, sehrlaydigan va foyda keltiradigan axborot vositasi reklama yordamida amalga oshirish mumkin bo‘lardi. Inomjon Abdiyev, | |
|
Всего комментариев: 0 | |