13:38 O’g’irlangan buyuk kashfiyot | |
O‘z
g‘oyalarini abadiylashtirish insoniyatning doimiy orzularidan biridir.
Buning uchun u dastlab o‘z fikrlarini g‘orlardagi devorlarga tosh
bo‘laklari bilan o‘yib yozdi, so‘ngra mum bilan qoplangan suyak
tayoqchalar (stilo) yordamida pishirilgan gil doskachalar ustiga bitdi.
Xitoylik mutafakkirlar hayvonlar junidan olingan yoki tivitdan yasalgan
qalamlarda o‘z qarashlarini ifoda etganlar. Siyohi esa qorakuyadan
olinardi. Taraqqiyotning shiddatli oqimi boshqa usullardan ham foydalanib ko‘rish imkonini berdi. Siyohning tarkibiy qismlari ham o‘zgarib bordi. Mozi(yong‘oq turi) asosida tayyorlangan ruchka "qoni" uzoq vaqt yashab qoldi. UOTERMANNING PEROSI Ilgarilari epistolyar(maktubshunoslik) janri muxlislari bambuk yoki qamish poyasidan yasalgan qalamlarni ishlatishgan. VIII asrga kelib, ramziy ma'noda aytganda, o‘simliklar o‘rnini hayvonlar egalladi. Gap shundaki, aynan shu davrdan boshlab ruchka tarixiga yangi nav - g‘oz, tovus yoki qarg‘a kabi qushlarning patlaridan tayyorlangan perolar kirib keldi. Biroq bu bilan ayrim muammolar hal etilmadi. Yangi turdagi yozuv vositasiga ega bo‘lish uchun dastlab patlarni yog‘sizlantirish, quritish, kesish va mos shaklga kelguncha, uchini chiqarishdek oddiy bo‘lmagan jarayonlarni amalga oshirish zarur edi. Shuning uchun ham tadqiqotlar katta tezlikda davom ettirildi. Pero qalpog‘i, toshbaqa pallasi, boshqa hayvonlar shohi va suyagidan tayyorlangan siyohdonlar mana shunday izlanishlarning navbatdagi mahsullari edi. Bugungi kunda po‘latdan ishlangan pero birinchi kim tomonidan yaratilganini hech kim aniq aytib berolmaydi. Qolaversa, uning asoschisi bo‘lishdek sharafli ishga nomzodlar ham bir talay. Ulardan biri angliyalik usta Xarrisondir. U 1780 yili ilk bor o‘zi yasagan po‘lat perolarni Birmingem bozorlarida sotgan. 1828 yilga kelib, yozuv vositasining yanada takomillashgan shakllari paydo bo‘ldi. Biz bilgan peroli ruchkalarni 1883 yildan boshlab Lyuis Edson Uoterman ishlab chiqargan. Uning mahsulotlari qisqa vaqt ichida mashhurlik shohsupasiga ko‘tarildi. Tamaki shaklini eslatuvchi yozish vositalari nafaqat ko‘rinishi, balki siyohining oqib ketmasligi bilan (uning ajdodlarida bunday ko‘rsatkich deyarli yo‘q edi) ham odamlarning mehrini qozondi. Hozirgi kunda ham "Uoterman" rusumidagi ruchkalar shon-sharaf va nozik didning timsoli hisoblanadi. Siyoh bilan ta'minlovchi mexanizmdagi matematik aniqlik, ko‘rinishdagi nafislik, uning yordamida yozishga chog‘langan barmoqlarga baxsh etilgan qulaylik - bularning barchasi Uotermanning kashfiyotida mujassam edi. "Uoterman" ruchkalari boshqalaridan ijodning yuksak namunasi ekanligi bilan ham ajralib turadi. Ruchkalar "Mahsulotlarning dizayni Lyuis Edson Uotermanning afsonaviy yangiligiga mos bo‘lishi kerak!" shiori ostida sotuvga chiqariladi. Ularni ishlab chiqarishda kumush va oltindan katta miqdorda foydalaniladi. Ayrim ruchkalar perosidan tortib, korpusigacha sof oltindan ishlangan. "Uoterman" oltin ruchkasi asrlardan buyon ajoyib sovg‘a va omad belgisi hamda an'anaviy sifat vazifasini katta muvaffaqiyat bilan bajarib kelayapti. SHERLOK XOLMS ILK MARTA U ORQALI TASVIRLANGAN "Uoterman"ning asosiy raqobatchisi "Parker", ayniqsa, g‘arblik aristokratlar o‘rtasida keng tanilgan. U siyosatchilar hamda san'at ahlining sevimli ish va ijod vositalariga aylangan. Aynan shu turdagi ruchka bilan taniqli yozuvchi Artur Konan-Doyl mashhur qahramoni - Sherlok Xolms haqidagi asarini yozgan. Buyuk Britaniyaning qirollik saroyida ham "Parker" peroli ruchkalarini hujjatlarni imzolash uchun qo‘llash allaqachon odat tusiga kirgan. "Parker" savdo belgisi ham "Karter" soatlari kabi muhim imidj aksessuariga aylanib ulgurgan. "Kolibri", "Rubinato", "Dyuran" rusumidagi unchalik qimmat bo‘lmagan ruchkalar esa maktab o‘quvchilari uchun ajoyib sovg‘a bo‘lishi mumkin. Peroli ruchkalar yozish vositalarining davomiy evolyutsiyasidagi so‘ngisi bo‘lib qolmadi. SHARIKLI RUCHKALAR OLAMI Bu boradagi muhim voqea sharikli ruchkaning yaratilishi bo‘ldi. O‘ziga xos avtoruchka uchun 1888 yili amerikalik Jon Loud patent olgan bo‘lsa-da, bu aytarli darajada samara keltirmadi. Muammo shunda ediki, yangi turdagi bitish vositasining siyohi qog‘ozga (cho‘ntakka ham) oqib ketar yoki qotib qolardi. Bunday ruchkada yozish katta mashaqqat edi, ammo ushbu ommabop g‘oya unutilib ketmadi. 1938 yili vengriyalik Jozef Biro bizgacha yetib kelgan sharikli ruchkalarni yaratdi... Sariq, qizil va oq rangli oltin bilan ishlov berilgan va mashhur logotip ikkita "C" harfi tushirilgan "Karter" ("Cartier") avtoruchkalari ishbilarmon ayollar uchun ideal sovg‘a hisoblanadi. "S.T.Dyupon"ga tegishli va platina hamda Xitoy laki bilan ishlov berilgan jiddiy ko‘rinishdagi mahsulotlar erkaklarga yoqishi tabiiy. Originallik shinavandalariga sadaf, kumush hamda smola bilan ishlov berilgan "Montegrappa" ruchkalari, zeb-ziynat va dabdabaga qiziquvchilar uchun yashm(nefrit) qimmatbaho toshidan yasalgan qopqoq kiygizilgan "Aurora" sharikli "siyohli qalami" tavsiya qilinadi. Bu boradagi eng uyg‘un savdo belgisi "Monteblank" sanaladi. Uning tog‘ billuri tomchilari, sintetik sapfir(zangori yoki yashil rangli qimmatbaho tosh), ametist (binafsharang qimmatbaho tosh) yoxud yoqut bilan bezatilgan mumtoz avtoruchkalari ilhombaxshdir. KELAJAK - ROLLERLARNIKIMI? Kantselyariya olamiga shiddat bilan kirib kelgan yana bir ruchka turi rollerlardir. Aylantirib ochiladigan mazkur yozish vositalariga asos qilinib sharikli va peroli ruchkalarning mushtarak texnologiyasi olingan. Bu borada alyuminiy, kumush, oltin va bir qator kamyob yog‘och turlarini ishlatadigan "Jan Per Lepin" firmasi ancha ilgarilab ketgan. Yuqori dizayn va sifatga ega hamda cheklangan miqdorda rollerlarni sotuvga chiqaruvchi mazkur tashkilot jahon bozorida o‘ziga yarasha obro‘ga ega. "Bossert end Erxard"ning toza kumushdan yasalgan, tilla suvi yuritilib, qora lak va gravyuralar bilan bezak berilgan ruchkalari, frantsuz kompaniyasi - "Korloff"ga tegishli va tarashlangan olmos bilan ishlov berilgan mahsulotlar adabiyot yoki ilmiy ijod dunyosidan ko‘ra zargarlik olamida ko‘proq shuhrat qozongan. RASMIYATCHILARNING SEVIMLI O‘YINCHOG‘I Sir emaski, ayrim ishbilarmon shaxslar ruchkaga qaraganda qalamni ma'qul ko‘radilar. Biror bir siyosatchi yoki tadbirkorning stoli ustida qalam tursa, bu uning rasmiyatga o‘ta moyilligi va barchadan tozalikni talab qiluvchi shaxs ekanidan darak berar ekan. Oddiy qalamni har doim kerakli vaziyatda saqlash qiyin bo‘lgani uchun, ular mexanik tarzda ishlaydigan yozuv tayoqchasini ishlatishadi, chunki uchini chiqarish yoki o‘tkirlash kabi muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lishidan tashqari, unda bitilgan so‘zlar va jumlalar chiroyli hamda ifodali ko‘rinadi. Bu borada "Karter"ning oltin, platinali mahsulotlarining oldiga tushadigani yo‘q. "Uoterman" ham o‘zining po‘lat kollektsiyasi bilan undan qolishmaslikka harakat qiladi. OMADSIZ JURNALIST Avtoruchkaning yaratilishi va tarqalishi tarixi taqdir o‘yinlariga boy o‘tgani bois, u haqda to‘liqroq to‘xtalib o‘tish qiziqarlidir. ...1943 yilning 10 iyunida mojar jurnalisti Jozef Biro o‘zining sharikli ruchkasiga patent oldi. Shu yili London dizayn muzeyiga tashrif buyuruvchilar mazkur yangilikni arzon narxi hamda katta qulayliklarga ega bo‘lgani uchun dunyoning eng buyuk kashfiyoti deb tan oldilar, ammo bundan kasbdoshimiz emas, balki uddaburon tijoratchi katta foyda ko‘rdi. Millionlab dollar daromad keltiradigan kashfiyot qilish mumkin, ammo uni himoya etish-chi? Ehtimol, vengr ijodkori 1930 yillar oxirida o‘z xayollari ustida bosh qotirayotgan paytda shu jihatni o‘ylamagan ko‘rinadi. Aslida Jozef Laslo Biro faqatgina jurnalist emas, balki tadqiqotchi ham edi. U sharikli ruchkaning loyihasini o‘zi ko‘p yozgani, shuning uchun siyohga ehtiyoji ko‘p tug‘ilgani hamda siyohdog‘lar joniga tekkani uchun ham yaratdi, deyish mumkin. Kashfiyot moliyaviy jihatdan katta miqdordagi foyda keltirishi ayon bo‘lgach, Buyuk Britaniya Harbiy havo kuchlari(HHK) o‘z uchuvchilari uchun mazkur patent huquqini sotib oldi. Ular uchun havo bo‘shliqlarida peroli ruchkalardan foydalanish juda noqulay edi. Biro Argentinaga yuborilgani uchun Tumanli albionda o‘z biznesini davom ettira olmadi. Janubiy Amerika mamlakatida qalamkash yangiligini qayta patentlatdi. Yangi turdagi ruchkani ishlab chiqarish huquqini "Eversharp" kompaniyasi 1 mln. dollarga xarid qildi. Shundan so‘ng, Argentina korxonasi arzon sharikli ruchkalarni keng ommaga yetkazib berish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Mahsulotning narx va qo‘llash jihatdan qulayliklari butun o‘lkani o‘ziga asir etdi, ammo u jahon miqyosiga chiqishga intilgan bir paytda o‘shandagi patent tizimi sababli katta baxtsizlik kelib chiqdi. Qoidalarga ko‘ra, Vengriya hamda Argentinada patent olgan janob Birodan ko‘chirmakashlik amalga oshirilmasligi uchun butun dunyoni aylanib, boshqa yurtlarda ham o‘z mahsulotini patentlash talab qilinardi. Buning esa iloji yo‘q edi. AYYOR TADBIRKOR Kunlardan birida Argentinada aylanib yurgan amerikalik tijoratchi Milton Reynolds oddiy, ammo adolatsiz usulni qo‘llab, Biro va "Eversharp"dan sharikli ruchkani yaratish texnologiyasini o‘g‘irlab ketdi. U ko‘chadagi rastalardan bir nechta avtoruchka sotib oldi. Ish tajribasi Reynoldsga qo‘lidagi kichkinagina va arzon narsa orqasidan katta miqdordagi daromad topish mumkinligini aytib turardi. "Qaynar qozon"dan tashrif buyurgan ayyor biznesmen mazkur mahsulot bor-yo‘g‘i ikki davlatda sotilishini bilib oldi. Dunyodagi eng katta bozorlarga ega bo‘lgan AQShdagi holat u uchun begona emasdi. Sharikli ruchkani «yankilar yurti»da o‘z nomiga patentlashga erishgach, mahsulotni katta miqdorda ishlab chiqarishga kirishdi. Tez vaqt ichida u katta muvaffaqiyatni qo‘lga kiritdi. Nyu-York shahridagi "Jimbela" do‘konida bir kunda 10 mingta avtoruchka sotilardi. Amerikalik tijoratchi xaridorlarni dastlab "Suv ostida yoza oladigan ruchkalardan oling!" shiori bilan o‘ziga jalb etgani ham qiziq. O‘g‘irlangan g‘oya tufayli janob Milton Reynolds millionerga aylandi. Biro esa uni patentga egalik qilish huquqidan mahrum etish uchun sudga bergan bo‘lsa-da, yakunda mag‘lubiyatga uchradi. Yevropalik jurnalist-kashfiyotchi xafa bo‘lgani aniq. Uning mahsuloti esa "millionerlarni yaratish"ni an'anaga aylantirdi. 1958 yili frantsuz Marsel Bik «BIC» nomli ruchka modellarini ishlab chiqarishga kirishdi. Bugungi kunda shu nomdagi korporatsiya AQShdagi sharikli ruchka bozorining uchdan birini nazorat qiladi. Nima bo‘lganda ham, ruchkalar jamiyatning har bir voyaga yetgan vakilining eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lishda hali uzoq vaqt davom etishi, shubhasiz. Saidjon MAXSUMOV, "Ma'rifat" muxbiri. ziyouz.com | |
|
Всего комментариев: 1 | ||
Ник: altair
| ||