08:57 Yodgor Sa'diyevning pushaymoni | |
Sahifamizning bugungi mehmoni — O’zbekiston xalq artisti, el ardog‘idagi san’atkor Yodgor Sa’diev. Uning ayni damdagi xayollari, so‘nggi bor kulgani yoki yig‘lagani, kimgadir sevgi izhor qilgani yoki… Agar sahifamiz sizga qiziq tuyulsa, o‘qing. Xullas, so‘z — "Asadbek"ka... Urishgani... Qo‘l
ostimdagi xodimlarni har kuni urishaman. Noto‘g‘ri xatti-harakat qilishsa, insoniylik
chegarasidan chiqib ketishsa, gap eshitishadi. Jahlim chiqsa, lov etib yonaman-u,
lop etib o‘chaman. Shunday vaqtlarda ularni qattiq urishib, xafa qilib qo‘yishim
mumkin. Yig‘lagani...
(Uzoq o‘ylanib). Qaerdan topasizlar shunaqa savollarni?! Insonning ichidagi sirini
fosh etishga, qalbida saqlagan sirini bilishga urinasizlar... Bir qo‘shiqda aytilganidek,
"erkak kishi ko‘z yoshi to‘ksa, tog‘lar qulab tushadi". Keling, tog‘lar
qulamay tursin. So‘nggi bor qachon yig‘laganim ham sir bo‘la qolsin. Baqirgani... (Samimiy
kulib). Har kuni baqiraman. Xodimlarim noto‘g‘ri ish qilishsa, "unday qilma,
mana bunday qil", deb baqiraman. Uyda ham shunday. Jahlim chiqsa, o‘g‘limga,
nabiralarimga baqiraman. Shahar poezdiga mingani...
O’tgan yili ro‘za kirmasdan avval Al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilgani borganimizda
"Registon" poezdiga chiqqandim. Avtobusga mingani...
A-a-ncha bo‘ldi. Avtobus, trolleybusga yigirma-yigirma besh yil avval minganman.
Hozir ehtiyojim tug‘ilmaydi. O’zimning shaxsiy "Nexia" avtomashinam bor. Qimmatbaho xaridi...
Oxirgi marotaba 8 martda kelinoyingiz Zaylixon, qizim Munis, kelinim Nargiza, katta
nabiram Zarina, kenjatoy nabiram Mahbubaga sovg‘a xarid kildim. Narx darajasida
qimmat bo‘lmasligi mumkin-u, lekin ular qimmatbahodek qabul qilishdi. Nima sovga
qilganimni esa aytmayman. Bozorga borgani...
Bozorga doim o‘zim tushaman. Chunki, savdolashishni yaxshi ko‘raman. Avval
"Chorsu"ga tushardim. Hozir esa ishxonamizga yaqin bo‘lgani uchun
"Oloy" bozoriga yo‘l olaman. Bozorda bo‘ladigan eng qiziq gap-so‘z —
besh so‘mlik mahsulotni sotuvchilar menga o‘n so‘mga pullamoqchi bo‘lishadi. Savdolashib,
sakkiz so‘mga olaman (kuladi). Tushunaman, ular ham foyda uchun o‘tirishadi. Agar
yaxshi maxsulot bo‘lsa, savdolashmasdan xarid qilaman. Bozorchi "Yodgor Sa’dievning
puli ko‘p", deb o‘ylaydi. Sovg‘asi... Do‘stlarim,
qarindoshlarim turli-tuman sovg‘alar tayyorlashadi. O’zim ham ularning e’tiboriga
munosib javob qaytarishga harakat qilaman. Men uchun eng katta va qadrli so‘nggi
sovg‘a – Tohir Malikning "Iblis devoni" asari bo‘ldi. "Yaxshi ko‘raman"i...
Deyarli har kuni to‘rtta nabiram Zarina, Mahbuba, Aziz, Asilbeklarga "men sizlarni
yaxshi ko‘raman-u, nima uchun aytganimni qilmaysizlar?" deyman. Shundan keyin
aytganimni qilishadi. "Yomon ko‘raman"i...
Hech kimga aytmaganman. Bu gapni odamning yuziga aytish axloqiy qoidalarga to‘g‘ri
kelmaydi. Odamlardagi en-n-g yomon xususiyat — yolg‘on va sotqinlik. Menga xoinlik
qilganlarga yaxshilik qilib, ularni jazolaganman. "Kechirimli bo‘lgin-u,
o‘sha insonning yomonligini unutma", degan gap ham bor. Kechirimliman, ammo
yomonligini unutmayman. Joyida haqorat kilishim ham mumkin. Orqasidan gapirmayman,
chunki onam shunday tarbiya berganlar. Aytishadi-ku, "o‘ng yuzingga urganga
chap yuzingni tutib ber", deb. O’rtadagi muammo shu bilan yechilishi mumkin.
Bu hayotda hamma narsani ko‘rib bo‘ldim... Xudbinligi... Bu
so‘zni umuman tushunmayman, yaqiniga ham yo‘lamayman. Yuqotgani... (Kayfiyati
o‘zgardi). 1999 yilda onajonim Mahbubaxon ayani yo‘qotdim. Shuning uchun ham kenja
nabiramga u kishining ismini qo‘yganman. Og‘ir kunlarimda har doim ayamni esga olaman.
Shu orqali kuch-quvvat to‘plab, o‘zimni o‘nglashga harakat qilaman, ishlash qobiliyatim
ham oshadi. Xatosi... Kim xato
qilmaydi, deysiz... (Uzoq o‘ylanib). Endi bu xato deyiladimi-yo‘qmi... O’n sakkiz
yildan beri sahnaga chiqmayman. Oxirgi kunlardagi katta xatoim shu, menimcha. Yana
bir xatoim — ishonuvchanman. Shu tufayli "Shaytanat" filmi prokatga chiqib
ketdi. Bundan katta xato bo‘lmasa kerak. Ular harom pul topishyapti, baribir teshib
chiqadi. Yangiligi...
"Shaytanat"ning bir kunlik suratga olish jarayoni qolgan. U ham bo‘lsa,
Asadbekning o‘n besh yoshligi, rafiqasi Manzuraning un uch yoshlik davri! Shunga
mos aktyorlar topolmayapmiz... Tohir Malikning "Iblis devori" asari ustida
ish boshlash arafasidamiz. Nasib etsa, shu yil muxlislar hukmiga havola qilamiz. Roli... So‘nggi
ijro etgan rolim — Asadbek. Tohir Malikning yangi asarida esa ham rejissyor, ham
militsiya mayori rolida ish boshlayapman. (Kulib). Meni boshqa ampulada ham ko‘rishsin. Kech kelgani...
Hayotimda biror marta biror joyda yotib qolmaganman. Qaerda bo‘lmay, uyga qaytib
kelaman. Nari borsa, kechasi soat o‘n bir, uzog‘i bilan o‘n ikkilarda! Taom tayyorlagani...
Bahorning ilk bayrami — 8 mart kuni uydagi qizlarga osh tayyorlab berdim. Asabim
buzilsa, ovqat pishiraman. Bu ish asablarni tinchlantiradi. Chunki, butun diqqat-e’tibor,
fikr faqat qozondagi masalliqqa qaratiladi. Deyarli barcha ovqatni tayyorlashni
bilaman, xamirli taom bundan mustasno. Yigit kishi mazali ovqat pishirishni bilish
kerak. Sayohati... Ish yuzasidan
yangi yilgacha bir haftaga Moskvaga borib keldim. Chetga chiqsam, uzog‘i bilan un
kundan ortiq turolmayman. Sog‘ingani... Ayamni
ko‘p sog‘inaman. Kimgadir erish tuyular, ammo shu darajaga erishishimda onamning
hissasi beqiyos! Mehmoni... 8 mart
kuni qizlarimni kutdim. Oilaviy hordiq chiqargani...
Har yakshanba kuni oilam bilan sayr qilishga, ovqatlanishga boramiz. Bu odatni sira
kanda qilmaymiz. Kuttirgani... Esimda
yo‘q. Va’da qilgan joyimga vaqtida borishga harakat qilaman. Kutganimni ham eslolmayman.
Sabrli bo‘lganim uchun kech qoladiganlarni ham tushunaman. Bunday holatlarga
hayotiy qarayman. Demak, ishi chiqib qolgan bo‘lishi mumkin. Mana, siz vaqtida keldingiz.
Ochig‘ini aytsam, siz bilan uchrashishim yodimdan ko‘tarilib ketibdi (kuladi). Noqulay vaziyati...
Ijodkor o‘z xayoli bilan yuradi. Balki, o‘zim bilmagan holda boshqalarni noqulay
vaziyatga tushirib qo‘ygandirman? O’zim bunday holga tushganimni eslay olmayman. Injiqligi... Bolaligimdan
injiqman. Bir do‘stim "ja-a-a oshirvorasiz-a, sizdek injiq odamni ko‘rmaganman",
deydi. Aytganimni qildirmay qo‘ymayman, eslataveraman (kuladi). Zarina ismli nabiram
xuddi o‘zim. Aynan mendek injiq. Orzusi... Bobur
Mirzo haqida film ishlash niyatim bor. Bosh rolni o‘zim ijro etmoqchiman. Juda katta
ish bo‘ladi. Bunga vaqt kerak. O’qigan asari...
Tohir Malikning "Talvasa" asarini qaytadan o‘qib chiqyapman. Tohir aka
bilan ko‘nglimizdagi asarni darrov tushunib olamiz. U kishini zamonamizning
zabardast, insofli, imonli yozuvchilaridan biri deb bilaman. So‘nggi paytlarda
badiiy asarlardan sal chetlashib, stsenariylar o‘qiyapman. Shifokorga borgani...
Keling, shuni eslamaylik. Oxirgi marta juda ko‘plab shifokorlarga murojaat kilishga
to‘g‘ri kelyapti. Balki, yoshim bilan bog‘liqdir?! Va vaqtida murojaat qilish kerak
ekan. O’zbeklar boshi yostiqqa tekkanidan keyingina shifokorga boradi. Bo‘lmasa,
yuraveradi... Bu masalada, yahudiylardan o‘rnak olishimiz kerak. Armoni... Bir odamdan
"armoningiz bormi?" deb so‘rashgan ekan. "yo‘q" deya javob
beribdi. Shunda, "armoningiz yo‘qligi sizga armon bo‘lsin", deyishibdi.
Armonim yo‘qligi men uchun armon. Pushaymoni... Pushaymonim
bor, lekin aytmayman. Unutmang, san’atkor muxlislari uchun hamisha sirli bo‘lib
qolishi kerak. | |
|
Всего комментариев: 0 | |