17:28 Yod | |
Insonning
buqoq kasalligi bilan og‘rishiga asosiy sabab inson organizmida yod
miqdorining yetishmasligidir. Xo‘sh, kishilarni bu kasallikdan himoya
qiluvchi yod ko‘proq qanday mahsulotlar tarkibida bo‘ladi? Ular
kasallik xavfini kamaytirishda yordam bera oladimi?
Bu
kabi savollarga Toshkent Tibbiyot akademiyasining endokrinolog
shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Dilorom Arzumetova javob
beradi:
— Buqoq — yod yetishmovchiligi guruhiga kirgan kasalliklardan
biri. Bu kasallik butun dunyoda ma’lum. Mamlakatimiz hududida esa u
ko‘p yillardan beri mavjud. Kasallikning oldini olish uchun tarkibida
yod miqdori ko‘p bo‘lgan mevalar — xurmo, yong‘oq va temir moddasi ko‘p
bo‘lgan olma, behi muntazam iste’mol qilinishi kerak. Yod — bu inson
organizmi uchun har kuni kerak bo‘lgan juda muhim mikroelementdir. U
ko‘proq tuzlarning tarkibiga qo‘shiladi. Ayniqsa, yod okean baliqlarida
ko‘p bo‘ladi. Agar buqoq paydo bo‘lmasdan oldin ana shunday mahsulotlar
kundalik iste’mol qilinsa kasallik avj olmaydi. Ko‘pchilik bemorlar
kasallik kuchayib ketganidan keyin murojaat qilishadi, vaqtida tibbiy
ko‘rikdan o‘tib turmaydi. Qizig‘i shuki, ayrim kishilar “yod” deganda
dorixonalarda sotiladigan suyuq dorini tushunar, hattoki shu dorini
iste’mol qilinayotgan narsaga tomizib yeyilsa, buqoqni kichraytiradi
deb o‘ylashar ekan.
— Yod tanqisligi qachondan boshlab paydo bo‘ldi va hozirda buqoq kasalligining qanday turlari aniqlangan?
— Yod yetishmovchiligi azaldan bor, lekin buqoq kasalligi so‘nggi
yillarda sezilarli ravishda insonlar salomatligiga salbiy ta’sir
qilmoqda.
Bunga asosiy sabab profilaktikaning kamligidir. Shu bois uning har
xil — tarqoq, tugunli, aralash, zaharli kabi turlari tez-tez uchrab
turadi. Bu kasallik avval 35 yoshdan oshgan kishilarda uchrar edi.
Hozirda hatto 16 yoshli o‘smirlar ham shikoyat qilib kelishmoqda.
— Uni davolashning qanday samarali usullari qo‘llanilmoqda? Yodlangan tuzning qanday foydali jihatlari bor?
— Buqoq kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni davolashning turli xil
yo‘llari mavjud. Biroq, bu usullar har doim ham to‘liq foyda
beravermaydi. Shuning uchun buqoq paydo bo‘lmasdan avval tarkibida yod
bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilib borish kerak.
Yodning organizm uchun ahamiyatli jihatlari ko‘p. U organizmning
rivojlanish davrini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yadi, bosh miyaning rivojlanishi,
barcha organlarning to‘g‘ri shakllanishiga yordam beradi.
Bolalar organizmida yod tanqisligi ularning aqliy rivojini 20
foizgacha pasayishiga olib keladi, kasalliklarga qarshi kurashish
qobiliyati (immunitet)ni kuchsizlantiradi. Ana shu muammolarga duch
kelmaslikning eng samarali usuli — yodlangan tuzdan foydalanishdir.
Yodlangan tuz — salomatlik va aqliy rivoj garovi. Uni do‘kon va
savdo majmualaridan sotib olish mumkin. Biroq, ana shu tuzlar qay
darajada talabga javob beryapti? Buning uchun xarid chog‘ida uni
sinchiklab ko‘rib, tuz qadoqlangan xaltachaga “yodlangan” deb yozilgan
bo‘lsagina olish kerak. Qolaversa, sotuvchidan mahsulotning sifat
sertifikatini talab qilish lozim.
Yod uchuvchan element hisoblanadi. Shuning uchun yodlangan tuzni
zich yopiladigan idishda saqlashni maslahat beraman. Shuni unutmangki,
kaliy yodid bilan yodlangan tuzning yaroqlilik muddati 3 oy, kaliy
yodidi bilan yodlangan tuzning yaroqlilik muddati esa bir oy. Yodlangan
tuzni sotib olish va saqlash vaqtida shu jihatlarga etibor bermoq kerak.
Yodlangan tuzni kattayu kichik, barcha birdek iste’mol qilishi
lozim. Buqoq kasalligi bezovta qilgan bemorlar har doim, albatta
shifokor tavsiyasi bilan “yodid”, “yodmarin”, “yodbalans” kabi
dorilarni muntazam ichib yurishi shart. Ushbu dorilarning tarkibi
deyarli bir xil. Shu bois buqoqning turiga qarab ulardan biri tavsiya
etiladi. Yana bir qo‘shimcha ma’lumot sifatida, Toshkent farmzavodida
“mikroyodid”, “antestrumin” kabi tarkibida yod elementi ko‘p miqdorda
bo‘lgan yangi turdagi dorilar ishlab chiqarila boshlanganini aytish
joiz. Ularning narxi ham cho‘ntakbop.
Muammo shundaki, arzon bo‘lgani uchun ko‘p dorixonalarda
sotilmaydi. Aslida bu dorilar hamma dorixonalarga olib kelinishi zarur.
Shundagina aholi salomatligi yo‘lida va sog‘lom avlodning kamol topishi
uchun ijobiy samara bergan bo‘lar edi.
Zebo ABDUQODIROVA
| |
|
Всего комментариев: 2 | |||
Ник: arofat
Ник: ghgf
| |||