Главная » 2008»Сентябрь»9 » Saylovga 100 kun qolganda ikki nomzod o'z bayonotlari bilan chiqdi
09:30
Saylovga 100 kun qolganda ikki nomzod o'z bayonotlari bilan chiqdi
AQShda prezidentlik saylovi yaqinlashgan sayin Oq uyga xo‘jayinlik qilishga harakat
qilayotgan nomzodlarning g‘oliblik uchun bo‘lgan kurashlari avjiga chiqmoqda.
Yaqinda demokratlar vakili Barak Obama Afg‘oniston, Iroq, Isroil kabi bir qator
mamlakatlarda saylovoldi safarida bo‘lib, u joylarda o‘z rejalari bilan chiqishlar
qildi. Uning «Agar prezident bo‘lib saylansam, 16 oy ichida AQSh qo‘shinlarini Iroqdan
olib chiqaman», degan mazmundagi bayonoti shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.
U saylovga 100 kun qolganligi munosabati bilan chiqish qilib, agar prezidentlikka
saylansa, qanday odam o‘zining o‘ng qo‘l yordamchisi bo‘lishi mumkinligi haqida
gapirdi. Barak Obamaning aytishicha, «Bosh vazirning qanday odam bo‘lishi ahamiyatli
emas», ekan. U o‘z yordamchisining «chuqur bilimli, boy tajribasi bilan o‘zining
kamchiliklarini to‘ldirishi lozim»ligini bildirdi.
Barak Obama o‘zining sobiq raqobatchisi Xillari Klintonning fazilatli tomonlariga
yuqori baho berdi. «U bizning safimizdagi eng intiluvchan, bilimli va jasur siyosatchilardan
biri hisoblanadi», dedi u. Shuningdek, Obama senatorlar Jek Rid va Kler Makkaskil
faoliyatlariga ham yuksak baho berdi.
Respublikachilar vakili Jon Makkeyn ham o‘zini siyosat olamida ko‘rsatish uchun
shov-shuvli bayonoti bilan chiqdi. U Rossiyaning hozirgi rahbariyatini «yomon» ko‘radigan
shaxslarga yaxshi ko‘rinish uchun bu mamlakatning siyosiy qarashlariga tosh otishni
boshladi.
Prezidentlikka nomzod Jon Makkeynning aytishicha, hozir Rossiyani Medvedev emas,
V.Putin boshqarayotgan emish. Putin prezidentligi vaqtidagi Gruziya va Ukrainaga
bo‘lgan qarashlarning davom etayotganligi unga mutlaqo yoqmas ekan. Shuning uchun
ham agar u prezident bo‘lib qolsa, birinchi navbatda Rossiyani «katta sakkizlik»dan
chiqarishga harakat qilarmish.
Makkeynning bu bayonotiga bir qator siyosatdonlar o‘sha vaqtning o‘zida javob qaytarishdi.
«Makkeynning taklifi bo‘yicha ish tutilsa, katta siyosiy xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lardi,
— dedi Barak Obama. — Yadro qurolining tarqalishini cheklashda Rossiyaning roli
katta».
Rossiya prezidenti D.Medvedev esa Makkeynning bayonotini nojiddiy safsata deya baholadi.
Ammo Rossiyaning hozirgi siyosatini tanqid qilib kelayotgan huquq himoyachilari
Yelena Bonner va Vladimir Bukovskiy Makkeynning bayonotidan quvvat olganday, zudlik
bilan prezident bo‘lish uchun kurashayotgan nomzodlarga ochiq xat bilan murojaat
qilib, Rossiyani «katta sakkizlik» davlatlari tarkibidan chiqarish ayni muddao bo‘lar
edi, deb ayyuhannos solishdi.
Yuqori lavozimga chiqish uchun harakat qilayotgan har bir shaxsning kichkinagina
bayonoti ham katta shov-shuvga sabab bo‘lishi mumkin. Uning bir so‘zi obro‘yini
oshirishi, birgina so‘zi ko‘p mehnat evaziga to‘plagan obro‘-e’tiborini bir pulga
chiqarib yuborishi ham mumkin. Nomzodlarning har bir gapini yuzlab siyosatdonlar,
mutaxassislar sinchiklab o‘rganadilar, undan keyin xulosa chiqaradilar.
Oddiy xalq esa, bo‘lajak prezidentdan mamlakatning tinch va farovon bo‘lishini,
dunyoda urush bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini talab qiladi. Shu nuqtai nazardan qarasak,
Barak Obama yuritayotgan siyosat oddiy aholini ko‘proq qiziqtirmoqda. Uning qanday
natija berishini vakt ko‘rsatadi. Unga bor-yo‘g‘i 3 oydan sal ko‘proq vaqt qoldi.