...Ro‘zadorligi esidan chiqib yeb ichib yoki jinsiy yaqinlik qilib qo‘ysa,
ro‘zasi ochilmaydi. Ammo esiga
tushishi bilan darhol mazkur ishlarni to‘xtatishi shart. Jinsiy yaqinlik
qilayotgan kishi ro‘zadorligini eslashi bilan ajrashi kerak. Agar undan keyin
ham turib qolsa, ro‘zasi buziladi...
Ro‘zani buzadigan va faqat qazo tutishni vojib
qilib, kafforotni vojib qilmaydigan narsalar
1. G’izomas va g‘izo
ma’nosidamas narsani tanovul qilmoq. Bunda odatda g‘izo sanalmaydigan va inson
tabi yemoqqa moyil bo‘lmaydigan narsalar ko‘zda tutilgan. Misol uchun
ro‘zadorning xom guruch, xamir, biror narsa aralashtirilmagan un kabi
narsalarni yemog‘i.
2. Birdaniga ko‘p tuzni yeb yuborsa ham ro‘zasi ochilib uning qazosini tutib
beradi.
3. Pishmagan mevani yesa ham.
4. Tishlari orasida qolgan no‘xotdan katta narsani yesa ham...
5. Danak, paxta, qog‘oz, teri yesa ham.
6. Tosh, temir parchasi, tuproq, tangaga o‘xshash narsalarni yutib yuborsa ham.
7. O’z amali bilan ichiga tutun kirgazsa ham.
8. Orqasidan, burnidan, tomog‘idan va ayol kishining oldidan ichiga suv yoki
dori kiritilsa ham.
9. Qulog‘iga moy tomizsa ham. Suv tomizsa, ochilmaydi.
10. Ayol kishining old a’zosidan qatra tomizilsa ham ro‘zasini qazo qilib
tutmog‘i lozim bo‘ladi. Erkak kishining old a’zosidan qatra tomizilganda bu gap
yo‘q.
11. Qasddan og‘zi to‘lib qussa ham qazo tutadi. Agar ro‘zaligi esidan chiqqan,
og‘zi to‘lmay qusgan, taom emas balg‘am qusgan bo‘lsa, ro‘zasi ochilmaydi.
12. G’izo va davoni bemorlik, safar, majburlash, xato, beparvolik yoki shubha kabi
shar’iy uzrlar ila tanovul qilsa, qazosini tutib beradi.
13. Og‘zini chayib turganda xato qilib suv ichiga ketib qolsa, ro‘zasi ochiladi
va qazo tutadi.
14. Boshidagi yoki qornidagi jarohatga dori qo‘yganda ichiga yoki dimog‘iga
ketib qolsa ham.
15. Birov uxlab yotgan odamning qorniga suv kiritib yuborsa ham.
16. Ayol kishi xizmatga yaramay qolaman deb taom yesa ham.
16. Birov avval esida yo‘q taom yegan yoki jinsiy yaqinlik qilgan bo‘lsa,
ro‘zasi ochilmaydi. Ammo hukmni bilmay, bo‘lar ish bo‘ldi deb keyin yana taom
esa yoki jinsiy yaqinlik qilsa, qazo ro‘za tutib berishi lozim bo‘ladi.
17. Birov kechasi ro‘za tutishni niyat qilmadi. Kunduzi niyat qildi. Keyin bu
niyatim to‘g‘ri bo‘lmasa kerak degan shubha bilan taom yevorsa, ro‘zasi
ochiladi va qazo tutishi vojib bo‘ladi.
18. Birov hali tong otmagan bo‘lsa kerak deb yeb ichdi yoki jinsiy yaqinlik
qildi. Keyin bilsa, tong otib bo‘lgan ekan. Ro‘zasining qazosini tutadi.
19. Birov quyosh botgan bo‘lsa kerak deb yeb ichdi yoki jinsiy yaqinlik qildi.
Keyin bilsa, quyosh botmagan ekan. Ro‘zasining qazosini tutadi.
20. Birov taom yeb yoki jinsiy yaqinlik qilib turganda tong otib qoldi. Darhol
qilayotgan ishini to‘xtatsa, ro‘zasi to‘g‘ri bo‘laveradi.
21. Shahvatini to‘liq bo‘lmagan holda qondirsa ham faqat qazo tutadi.
22. Quchoqlash, o‘pish va shunga o‘xshash ishlar tufayli maniysi to‘kilsa, qazo
tutadi.
23. Uxlab yotgan ayolga jinsiy yaqinlik qilinsa, o‘sha ayol qazo tutadi.
24. Ayol kishi farjiga moy yoki shunga o‘xshash narsalarni tomizsa ham.
25. Ro‘zador shaxs orqasiga suv yoki moy bilan ho‘llangan panjasini kiritsa
ham.
26. Ro‘zador shaxs orqasiga paxta, latta va shunga o‘xshash narsalarni kiritsa
ham.
27. Ayol kishi ichki farjiga suv yoki moy bilan ho‘llangan panjasini yoki
paxta, latta va shunga o‘xshash narsalarni kiritsa ham.
28. Ramazon ro‘zasidan boshqa ro‘zalarni ochgan bo‘lsa, faqat qazo tutish vojib
bo‘ladi. Kafforot vojib bo‘lmaydi.
Ro‘zani buzadigan va ham qazo tutishni, ham
kafforotni vojib qiladigan narsalar
1. G’izo yoki uning
ma’nosidagi narsani shar’iy uzrsiz yemog‘i. Odatda ozuqa sifatida tanavvul
qilinadigan barcha narsalar g‘izoga kiradi. Dori, popiros, sigara, afyun, nasha
va shunga o‘xshash narsalar g‘izo ma’nosidagi narsalarga kiradi. Ushbu
holatlarda ro‘zasini ochgan odam ham qazosini tutadi, ham qul ozod qilish,
oltmish kun ketma ket ro‘za tutish, unga qodir bo‘lmasa, oltmish miskinga taom
berish bilan kafforotni ado qiladi.
2. Birovning g‘iybatini qilganidan, qon oldirganidan, shahvat bilan
ushlaganidan yoki o‘pganidan, quchoqlashib yotganidan, mo‘ylabini moylaganidan
keyin ro‘zam ochilib ketdi degan o‘y bilan qasddan yeb ichib yuborsa ham qazo
tutib, ham kafforot ado qiladi.
(Faqih ro‘zang ochilibdi deb fatvo bersa bundan mustasno. Unda faqat qazo
tutadi. Kafforot vojib bo‘lmaydi).
3. Og‘ziga kirgan yomg‘ir suvini, xotinining tufigini lazzat uchun, kesakxo‘r
odam kesakni yutib yuborsa ham.
4. Farj shahvatini to‘la ravishda qondirsa ham. Unda ishtaha tortadigan odam
jinsining oldi yoki orasiga olatni kiritish ko‘zda tutilgan. Agar maniy
to‘kilishi bo‘lmasa ham.
5. Ayol kishi kichik yoshdagi bolani yoki majnunni o‘ziga yaqinlik qilishga
imkon bersa, unga ham qazo, ham kafforot vojib bo‘ladi.
Ro‘zani buzmaydigan narsalar
1. Ro‘zadorligi esidan
chiqib yeb ichib yoki jinsiy yaqinlik qilib qo‘ysa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo
esiga tushishi bilan darhol mazkur ishlarni to‘xtatishi shart. Jinsiy yaqinlik
qilayotgan kishi ro‘zadorligini eslashi bilan ajrashi kerak. Agar undan keyin
ham turib qolsa, ro‘zasi buziladi.
2. Nazar solgani yoki o‘ylagani oqibatida maniysi to‘kilsa, o‘zi gunohkor
bo‘lsa ham ro‘zasi ochilmaydi. Kunduz kuni ehtilom bo‘lib qolsa ham ro‘zasi
ochilmaydi.
3. Ko‘ziga dori tomizsa yoki surma qo‘ysa ham ro‘zasi ochilmaydi.
4. Qon oldirsa ham ro‘zasi ochilmaydi.
5. Misvok qilsa ham ro‘zasi ochilmaydi.
6. Mubolag‘asiz og‘iz burunni chaysa ham ro‘zasi ochilmaydi.
7. G’usl qilsa yoki salqinlash uchun ho‘l lattaga o‘ransa ham ro‘zasi
ochilmaydi.
8. G’iybat qilsa yoki og‘zini ochishni niyat qilsa ham ro‘zasi ochilmaydi.
9. Ro‘zadorning ichiga uning ixtiyorisiz tutun, changu g‘ubor yoki pashsha
kirsa ham ro‘zasi ochilmaydi. Ammo ro‘zadorligini eslab turib xushbo‘y narsani
tutatib hidlasa, ro‘zasi ochiladi.
10. Tish oldirib qon yoki dorini yutmagan bo‘lsa ham ro‘zasi ochilmaydi.
11. Erkak kishining jinsiy olatidan suv, moy yoki dori kiritilsa ro‘zasi
ochilmaydi. Quloqdan suv kirsa ham, quloqni kovlasa ham ro‘zasi ochilmaydi.
Ammo bu kabi ishlarni qilmagan ma’qul.
12. Balg‘am yoki mishqining kirish yoki chiqishi bilan ham ro‘zasi ochilmaydi.
13. O’z ixtiyoridan tashqari holda majbur bo‘lib qussa ham ro‘zasi ochilmaydi.
14. Tishlari orasida qolgan no‘xotdan kichik narsani yesa ham ro‘zasi
ochilmaydi.
15. Junub holida yurishi ila ham ro‘zasi ochilmaydi.
16. Muskulga, teri ostiga va ukol qilish bilan ham ro‘zasi ochilmaydi.
Hanafiy ulamolar ro‘zador kishi uchun makruh
bo‘lgan ishlarni ham sanab o‘tganlar:
1. Uzrsiz biror narsani
tatib ko‘rish va chaynash.
Chunki bunga o‘xshash narsalar ro‘zaning buzilishiga olib borishi mumkin.
2. Saqich chaynash.
Bu ishni qilgan odamni og‘zi ochiq deb o‘ylaydilar.
3. Quchoqlashish, o‘pish va ushlash kabi shahvatni qo‘zg‘aydigan ishlar.
4. Qasd ila tupigini og‘zida to‘plash va uni yutish.
5. Ro‘zadorni zaiflashishiga olib boradigan qon oldirish kabi ishlarni qilish.
manba: www.islom.uz
|