Islom dini ilmga undaydi. Bu hammaga ma’lum, oydek ravshan, isbot talab
qilinmaydigan haqiqatdir. "Din ilmga qarshi" deyilgan uydirma gap esa
asossizdir. Behayo va beiymonlarning odamlarni dindan bezdirish uchun o‘ylab
topgan bo‘htonidir.
Yigitlikni inson umrining
bahori qilgan Alloh subhanahu va taologa hadsiz hamd sano aytamiz. Yigitlikni
voyaga yetmagan kichik bolalar ham, yoshi bir joyga borib qolgan keksa chollar
ham orzu-havas qiladigan , oltinga topilmas, bebaho davr qilib yaratgan yetuk
hikmat va ulug‘ qudrat sohibi bo‘lmish yaratguvchimiz – Xoliqi barhaqqa shukronalar
aytamiz.
Barcha hamd, go‘zal sano, cheksiz shukr va maqtovlarimiz bizlarga aql-zakovat,
fahm-farosat in’om etgan, ilm va iymon yo‘liga yo‘llagan Alloh taologadir
Bashariyat ustozi, Rosulus saqalayn Muhammad sallalohu alayhi vassalomga salot
va salomlar aytamiz. Eng afzal salotimiz, qalbimiz to‘ridan chiqqan samimiy
salomimiz bizlarni ilmga undagan va bitmas-tuganmas ilmiy meros qoldirgan
payg‘ambarimiz Abul Qosim Muhammad ibn Abdulloh sallalohu alayhi vassalomgadir.
Allohim, olimlar qalamida oxirgi qatra siyoh qolgunga qadar, toki kitobu
daftarlarda qalam o‘rmalar ekan, "Iqro!" – "O’qi!" ilohiy
amrini tadbiq qilib zulumotga cho‘mgan olamni nurafshon aylagan, arzimas
muammolar yechimi uchun shoshilib qilich dastagiga qo‘l cho‘zgan xalq qo‘liga
qalam tutqazib ilm-ma’rifat tarqatgan payg‘ambarimiz sallalohu alayhi
vassalomga salomimiz yo‘lla, rosuling merosidan benasib qo‘yma, mahsharda
bizlarni rosuling qo‘lidan Havzi Kavsar suvi bilan siyla, fazlu karaming ila
lutf etib, bizlarni habibing bilan birga Firdavsda jamla. Iloho, nuqsonimiz har
qancha ko‘p bo‘lsa ham, keng rahmatingga umidimiz juda ham katta, noumid
qo‘yma.
Imom Ahmad musnadlarida va imom Termiziy sunanlarida keltiradilar:
"Madinai munavvaradan Dimashq shahriga Abud Dardoni izlab bir kishi keldi.
Abud Dardodan bir hadis haqida so‘radi. Abud Dardo (atigi bir hadis uchun uzoq
masofa bosib kelgan) kishiga qarata:
– Bu diyorlarga biron bir yumush bilan, savdo-sotiq uchun keldingizmi yoki
faqat shu hadis uchunmi?- deb so‘radilar.
– Faqat hadis uchun keldim,- deb javob berdi yigit.
– Undoq bo‘lsa quvoning, xushnud bo‘ling. Men Rosululloh sallalohu alayhi
vassalomning shundoq deya marhamat qilayotganlarini eshitganman: "Qaysiki
banda ilm istab yo‘lga chiqsa, maloikalar uning oyog‘i ostiga qanotlarini
yozgaylar. U tolib ilmni jannat yo‘liga yo‘naltirilgay. Albatta, olimning
haqiga osmonlardagi va yerdagi jonzotlar istig‘for aytgaylar. Hatto dengizdagi
baliqlargacha unga istig‘for aytgay.
Olimning obiddan ortiqligi to‘lin oyning boshqa yulduzlardan ortiqligidek.
Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘ridilar. Payg‘ambarlar dinoru dirham emas,
balki ilm meros qoldirganlar. Bu merosdan olgan kishi juda katta nasibani
qo‘lga kiritibdi".
Boshqa rivoyatlarda:"Kim ilm istab yo‘lga chiqsa Alloh uni jannat yo‘liga
yo‘llaydi", boshqa bir lafzda "Alloh unga jannat yo‘lini yengil
qiladi", deyilgan.
"Albatta olimning haqiga osmonlardagi va yerdagi jonzotlar istig‘for
aytgaylar".
Osmonlardagi jonzotlarning sonini ularni yo‘qdan bor etganning O’zi biladi. Yerdagilarning
adadi ham ularni vujudga keltirib, birini yuradigan, birini uchadigan, yana
birini sudralib yuradigan qilib yaratgan Zotning O’ziga ma’lum. Hadislarda kelishicha,
bani bashardan biri birodari haqiga g‘oyibona duo qilsa, Alloh izni bilan duosi
ijobat bo‘lar ekan. Agar u inson uchun bir odam farzandi emas, balki osmonlaru
yerdagilar – Maloikalardan to yerdagi chumolilargacha duo qilsachi?
Rosuli Akram r "osmon" demadilar, balki "osmonlar" deb
ko‘plik siyg‘asida marhamat qildilar, toinki istig‘for aytguvchilar yetti osmon
ahlini o‘z ichiga olishi uchun.
"Hatto dengizdagi baliqlargacha unga istig‘for aytgay".
Shu sabablar tufayli ham siz azizlarning e’tiboringizga bir talay qiziqarli ma’lumotlarni
havola etamiz. Shoyad, ilm talabida yurganlar bu gulshan sari yanada ildamroq
talpinishsa, qolganlar esa ilm atalmish gulshanning tengsiz dargoh ekanligidan
xabar topishsa...
IShONChLI XABAR
Olimlarning aytishicha,
dengizdagi maxluqotlar yerdagilardan ko‘ra turi, navi va soni jihatidan bir necha
bor ko‘p bo‘lar ekan. Yerdagilar va dengizdagilarning olim haqiga duo qilib
istig‘for aytishining hikmatlaridan ayrimlari tongi otgan asrimizda yana ham yaqqollashib
borayotir. E’zozlanib boqilayotgan chorva mollar va parranda qushlarga turli
kasalliklar yetgani hech kimga sir emas. Chet elda "mollar jinni
bo‘libdi", "qushlar gripp – tumov bo‘libdi, u kasallik odamlarga ham yuqub
insoniyat hayotiga xavf solmoqda", degan xabarlar ko‘plarning tinchini
buzib, vahimaga solib qo‘ydi.( )
Yer yuzida hayot davom etishi uchun suv bilan havo qanchalar zarur bo‘lsa, o‘sha
hayotning osuda, farovon, saodatli davom etishi uchun olimlar suv va havodek
zarur ekan. Osmonlaru yerdagilarning, hatto dengizdagi baliqlarning olim
haqqiga istig‘for aytishining siri ham shunda bo‘lsa kerak, Allohu a’lam.
Alloh taolo najot topganlarning birinchi sifatini Quroni karimning dastlabki
suralarida bayon qilib deydi: "G’aybga iymon keltiradilar".
"Ular sizga nozil
qilingan va sizdan oldingilarga nozil qilingan narsalarga iymon
keltiradilar".
"Parvardigorlari tarafidan hidoyat topganlar ana o‘shalardir va najot
topguvchilar ham ularning o‘zidir".
Aqlli kishi ishonchli
xabarni tasdiqlaydi. Shimoliy muz okeanida oq ayiqlar yashar ekan degan xabarni
tasdiqlash uchun, shimoliy muz okeaniga borib, oq ayiqni o‘z ko‘zi bilan
ko‘rib, qo‘li bilan ushlab kelishi shart emas. Xabar ishonchli odamdan kelishi
kifoya. Dengiz tubida ko‘zni qamashtiradigan dur-gavharlar, xilma-xil injular
bor ekan, degan xabarni tasdiqlash uchun, dengiz tubiga sho‘ng‘ish shart emas. Do‘konlarda
sotuvda turgan durlarga boqib qo‘yishning o‘zi yetarli. Shuningdek, simda
tokning bor-yo‘qligini bilish uchun, simni o‘zini ushlash kerak emas, balki
lampochkadan chiqayotgan yorug‘lik, elektr pechkadan chiqayotgan issiqlik,
konditsionerdan chiqayotgan muzdek havo kabilar simdagi tokning borligiga
dalolatdir. Quruqlikni sog‘ingan dengizchilar yerga yaqinlashib qolgandagi
quvonchlarini qadamlarini yerga qo‘yganlaridan keyin emas, balki undan ancha
ilgarroq, quruqlikning nishonasi bo‘lmish oqchorloqlar galasini ko‘rishlari
bilanoq boshlab yuboradilar. Yerni ko‘rmasalar ham, yerning borligiga dalolat
qiladigan belgilarni ko‘radilar. Demak, ishonchli xabar va osorlar, belgiyu nishonalar
ilm manbalaridan deb hisoblanadi.
Kim bilurdi odamu olam nadur, hayvon nechuk?
Bo‘lmasa erdi agar insonda bu osori ilm.
Alloh va Rasulidan kelgan
xabarni hech taraddud qilmay qabul qilish aqli raso donolar ishidir. "Fan
olimlari buni qachon tasdiqlar ekan?" deb, yillab, balki asrlab vaqt talab
qiladigan tajribalarni kutib o‘tirmaydilar.
Ha, osmonning yetti qavat ekanligiga iymon keltiramiz. Har bir osmon oralig‘i
500 yillik masofa ekanligini tasdiqlaymiz. Har bir osmonda maloikalar borligiga
va ular yerdagi olimlarga istig‘for aytishiga, tolibi ilm uchun qanotini yozib
hurmat qilishiga iymon keltiramiz. Quruqlik va dengizdagi jonzotlar kurrai
zaminda osuda hayot kechuviga sabab bo‘luvchi ilm ahliga istig‘for aytishini
inkor etmaymiz.
Muhammad alayhissalotu vassalomga nozil bo‘lgan din va u kishidan oldingi
payg‘ambarlarga nozil bo‘lgan din ta’limoti ana shundaydir. Samoviy dinlarda,
jumladan Islom dinida ilm olg‘a suriladi. Ilm egalari olqishlanadi.
ILM YO’LI MAShAQQATLI YO’L
Tabiiyki ilm yo‘li
atroflari rayhon va atirgullar bilan bezatilgan, qalin gilamlar to‘shalgan, soya-salqin,
huzurbaxsh yo‘l emas. Ilm yo‘li o‘ziga yarasha mashaqqatli, qiyin yo‘l.
Sabr-bardosh talab qiladigan og‘ir, zahmatli yo‘l. Tolib ilm maktab va
madrasalarning shinam xonalarida, qulay o‘rindiqlarda o‘tirsa ham, uning uchun
barcha qulayliklar muhayyo qilinsa ham, ilm yo‘li baribir og‘irligicha
qolaveradi.
"Ulul azm" deb tanilgan beshta ulug‘ payg‘ambarlardan biri, mushti
bilan xarsang- toshni sindirgan Muso alayhis salom ilm yo‘lida qiyinchilikka
yo‘liqqanlarini tan olib:"Haqiqatan bu safarimizda juda charchadik"
dedilar.
Muso payg‘ambar Xizr alayhimassalom yonlariga ilm talabida yayov kezib
keldilar. Xizr alayhissalomni topgach Muso alayhissalom o‘zlarini uzoqdan-uzoq
tanishtirmadilar. "Men Muso ibn Imron – kalimullohman. Alloh menga Tur
tog‘ida nido qilib so‘zlagan. Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarman. Alloh
menga Tavrotni o‘z qo‘li bilan bitdi. Zolim podshoh Fir’avnning kuni mening
qo‘limda bitdi. Dengizga hassam bilan urganimda Alloh amri bilan dengiz biz uchun
quruqlikka aylandi. Mashhur sehrgarlar menga berilgan mo‘jiza yonida lol qolib,
iymon keltirishdi," deb o‘zlarini kim ekanliklarini bildirib qo‘ymadilar. Samimiylikdan
yiroq bo‘lgan bu kabi tanishuv uslubidan o‘zlarini chetga olib, payg‘ambarona
odob, kamoli kamtarlik, o‘ta tavozulik bilan, o‘zlarini shogird, Xizrni esa
ustoz maqomida bilib, tolibi ilm odobida:
"Menga ta’lim berishingiz uchun sizga ergashsam maylimi?" dedilar.
Xizr alayhissalom qarshilarida turgan ulug‘ insonning kim ekanligini juda yaxshi
bilar edilar. Shunday bo‘lsada Muso savoliga ustoz maqomida turib:
"Aniqki, sen men bilan birga sabr qilishga toqating yetmas", dedilar.
Muso alayhissalomdan javob kutmay :
" Zotan o‘zing egallab olmagan narsaga qanday sabr qilursan
?!"dedilar
Muso alayhissalom shogirdlik axloq-odobiga rioya qilib:
"Insha Alloh, mening sabr-toqatli ekanligimni ko‘rursiz", deb ahd
berdilar. Hayal o‘tmay shogirdlikning ilk qadamlaridayoq:
"Sen men bilan birga sabr qilishga hargiz toqating yetmas,
demaganmidim?!" deyilgan hayfsan keldi. Bir ozdan so‘ng xuddi avvalgidek
ikkinchi hayfsan keldi: " Men senga, men bilan birga sabr qilishga hargiz
toqating yetmas, demaganmidim ?! "
Hali murodga yetmay, yarim yo‘ldayoq ikki hayfsandan so‘ng, ustoz shogirdini
o‘qishdan chetlaganini e’lon qildi.
"Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga
toqating yetmagan narsalarning sharhidan ogoh qilurman".
Vidolashuv oldidan tahsildan chetlash sabablariga ishora qilib:
"Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vilidir"
dedilar.
"Kahf" surasida keltirilgan ushbu kichik qissada sabr kalimasining
yetti marta ketma-ket kelishi bilan ilmga osonlikcha va yengillik bilan yetib
bo‘lmasligi uqtirilmoqda.
O’quvchida "Alloh taolo Muso alayhissalomga Tavrotni nozil qilgan, shunga
ko‘ra shar’iy ilmlarga payg‘ambar muhtoj emas. Xo‘sh, nega unda Xizr
alayhissalom yoniga ilm talabida bordilar?" degan savol paydo bo‘lishi
mumkin. Shu savolga qisqa to‘xtab, oydinlik kiritib o‘tsak, toki o‘quvchi zehni
bu savol bilan band bo‘lib, asosiy maqsaddan chetlab qolmasin. Avvalo, Alloh ta’oloning
buyrug‘ini bajardilar. Ikkinchidan, zamondosh, muhojir olimlarimizdan Mahmud
Taroziy (Oltinxon to‘ra) tafsirlarida deydilar : "Muso alayhissalomga shariat
asrorlari berilib, Xizr alayhissalomga koinot asrorlari berilgan edi". Mahmud
Taroziy bu so‘zni olgan manba’larini bila olmadim. Lekin qissadagi hodisalar kechimi
Mahmud Taroziy so‘zlarini tasdiqlaydi. Rosululloh sollollohu alayhi vasallam
Muso va Xizr qissasini davom etishini orzu qilib "Muso sabr qilganlarida, yana
qanday hodisalar va yana qanday hikmatlar sodir bo‘lishini bilardik" degan
ekanlar. Ana shularga ko‘ra, Muso alayhissalom Xizr alayhissalom ilmiga muhtoj
bo‘lgandir, deb xulosa qilamiz, vallohu a’lam. Mufassir so‘zlaridan murod
so‘filarning "payg‘ambarga shariat berilgan, avliyoga haqiqat
berilgan" degan e’tiqodi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, biz bu masalada hurmatli
olimimiz fikrlariga qo‘shilolmaymiz.
Xizr alayhissalom Muso alayhissalomga bir chumchuqni ko‘rsatib: "Ey Muso
sendagi ilm va mendagi ilm va barcha olamdagi ilm qo‘shilganda ham Alloh
taoloning ilmi yonida, dengizdan olingan chumchuq tumshug‘idagi qatracha
bo‘lur" dedilar.
Payg‘ambarlik va bani Isroilni boshqarishdek muhim vazifalarini tashlab, Xizr
yoniga ilm talabida yayov kezib kelgan Muso alayhissalomga aytilgan ushbu
purhikmat so‘z barcha tolib ilmlar, olimlar, shoir, yozuvchilar va har bir
ilm-fan sohasiga qadam qo‘ygan ziyolilarga asqatgudek buyuk bir qoidadir. Toki
zaif banda o‘ziga berilgan ozgina ilm bilan mag‘rurlanib ketmasin, Yaratguvchisiga
tik boqmasin, unga isyon qilmasin.
O’ris botanik olimlaridan Michurin meva daraxtlarni chatishtirib yangi nav
hosil qiladi. Uzoq izlanishdan so‘ng yaxshi natija olgan olim o‘z ilmidan
mag‘rurlanib ketib "biz yaratguvchimiz" deb jar solgan ekan. Hayal
o‘tmay banda peshonasiga bitilgan o‘lim Michurinni o‘z domiga tortadi. Tuproqqa
qorishgan "yaratguvchi" o‘ziga qayta jon yaratishga ojiz bo‘lib,
qurt-qumursqalarga yem bo‘lib ketdi. Koshki edi ish qumursqalarga yem bo‘lish
bilan yakun topsa....
Mo‘yqalam sohiblaridan biri inson aqlini lol qoldiradigan darajada juda katta
asar yaratadi. Xuddi nafas olayotgandek qilib bir inson suratini chizadi.
Haqiqatdan surat tirik insonga juda-juda o‘xshar edi. Bundan mag‘rurlanib
ketgan rassom suratga baqirib "Gapir, gapir, gapirsangchi" deb
baqirib yuborgan ekan. Bu mag‘rur rassom bilmaydiki, u faqatgina tashqi shaklni
ko‘rib, o‘sha o‘zi ko‘rgannigina qalamga olgan xolos. Undagi bor mahorat rang
tanglab, rangni o‘z o‘rnida ishlata olishida edi. Ammo teri to‘qimalari, suyak
to‘qimalari, tomirdagi qon moddalari, biri to‘kilib, yana biri chiqayotgan
tuklar, biri o‘lib, yana biri yangitdan paydo bo‘layotgan insonga zarur
moddalar, inson ichidagi tinimsiz harakat, ko‘rish, eshitish, gapirish, his
qilish qobiliyatidagi sir-asrorlar u bechoraga ko‘rinmasdi. Insonni haykaldan
ajratib, tirik jonzot qilib turgan ruh haqida u hech qanday ma’lumotga ega emasdi.
Horun ar-Rashid yoniga bir faylasuf kelib Qur’onda ikki marotaba takrorlangan
qissalarni bir joyda jamlab, keraksizini chiqarib tashlashni taklif etadi. Bu ishni
uning o‘zidan boshqa hech bir kimsa uddalay olmasligini ham uqtirib qo‘yadi. Horun
ar-Rashid uning so‘zlarini tinglab bo‘lgach, tabibni chorlatadi. Tabibning bu
mavzuga ne aloqasi bor? deb ko‘pchilik hayron bo‘ladi. Tabib kalimasining eshitgan
olim ham mufassirni, faqihni, yoki biron bir olimni chaqirmay, tabibni ham chaqiradimi?
deb ensasi qotadi. Tabib kelgach: "Janobi tabib qarshingizdagi
"olim" qoidalariga binoan har ikki narsaning biri ortiqcha ekan. Shunga
ko‘ra ulug‘ Yaratuvchimizning kitobi Qur’ondagi ikki marta takrorlangan
qissalarni bir qilish taklifini ko‘tarib chiqdilar. Biz olimimiz qoidalarini
avvalo o‘zlarida tajribadan o‘tkazsak. Olimdagi ikki bir xil a’zoni kesib tashlasangiz.
Odamga ikki qo‘l, ikki oyoq, ikki ko‘z, yigirmata barmoqning ne keragi
bor?!" deydi. Faylasuf o‘z taklifidan xijolat chekib yerga qaraydi. Saroy
ahli podshoh tutumiga tasanno aytadilar.
Kahf surasida Muso va Xizr alayhimassalom qissalari ortidan Iskandar Zulqarnayn
qissasi keltiriladi. Mislsiz, mustahkam devor, hali-hanuz o‘xshashi
topilmayotgan, tengsiz, baland istehkom qurilishi qissa qilinadi. Ajablanarli
joyi shundaki, haqiqatda juda og‘ir, mashaqqatli amalni bajarish jarayoni hikoyasida
biron marotaba "sabr" kalimasi zikr qilinmaydi.
Ilm yo‘lining og‘irligi ilm o‘qiyotganlarga ham, boshqa sohadagilarga ham ayon.
Olimlar hayotini o‘qisangiz, ularning ilm tahsilida yo‘liqqan qiyinchiliklariga
guvoh bo‘lasiz. Abdul Fattah Abu G’udda صفحات من صبر العلماء nomli kitobida ana shu mashaqqatlarga batafsil
to‘xtab, misollar keltiradi. Qiziqqanlar shu kitobga murojat qilishingiz
mumkin. Biz esa u kitobda yozilmagan hozirgi zamon toliblari duchor bo‘layotgan
ilm tahsilidagi bir mashaqqat haqida to‘xtaymiz. O’qish niyatida uzoq masofa
bosib kelib, o‘qishga qabul bo‘lmagan toliblar muammosiga diqqatingizni jalb
qilamiz.
NAZARDAN ChYeTDA QOLGAN MUAMMO
Dunyoga dovrug‘i ketgan, mashhur
oliy o‘quv yurtining qabulxonasiga har yili sanoqsiz hujjatlar oqib keladi. Yer
yuzining turli mintaqalaridan yig‘ilib kelayotgan hujjatlar bir xonaga sig‘ishi
mumkin, ammo hujjat egalarining hammasi ham o‘qish dargohiga sig‘ib ketishi
amri mahol . Shuning uchun qabul qo‘mitasi tuziladi. Qabul qo‘mitasi saralash ishlarini
boshlaganda sanoqli hujjatlargina qabulga musharraf bo‘ladi. Qabul bo‘lmay
qolgan umri kalta hujjatlar makulatura xazinasini boytishga topshiriladi.
Jonsiz hujjatlar ortida yurak hovuchlab turgan jonli insonlar esa qabul
natijasiga ko‘z tikkan. Natijalar kimnidir quvontiradigan, kimnidir qayg‘u,
g‘am-g‘ussaga ko‘madigan. Qabul bo‘lgan yigitlar "g‘alaba" nash’u
namosidan do‘ppisini osmonga otib quvonsa, qabul bo‘lmagan yigitlar jinoyat
sodir qilgan kishidek boshini xam qilib qayg‘uga cho‘madi.
Har yili takrorlanadigan bu manzarani kuzatib turgan xayrixoh insonlar qalbini
"g‘alaba gashtini erta surayotgan yigit o‘z zimmasiga yuklanayotgan mas’uliyat
og‘irligini anglab yetarmikin? Sabr-bardosh bilan o‘qishni nihoyasiga
yetkazarmikin? O’qishni tamomlagach insoniyatga foydasi tegadigan kishi bo‘lib
yetisharmikin? O’tkinchi qayg‘uga taslim bo‘lib, yuragi siqilayotgan mana bu
yigit o‘z muammosini oqilona hal qilarmikin? Yoki o‘qishdan ko‘ngli sovib, ilm
bilan butunlay vidolashib ketarmikin?" degan xavflar tirnaydi.
Bir necha yillardan beri o‘qishga kirish orzusida yurgan yigitning orzusi ushalar
payti yetganda o‘qishga qabul bo‘lmasligi, umidi puchga chiqib uyga qaytishi
juda og‘ir holat. Ayniqsa bir joyda o‘sib ulg‘aygan ikki do‘st bir kunda
ota-onasi, do‘st-yorlari bilan xayrlashib o‘qish safariga chiqib ketsa-yu, biri
o‘qishga qabul bo‘lib, ikkinchisi qabul bo‘lmay uyga shumshayib kirib kelishidek
og‘ir hol bo‘lmasa kerak. Boshiga musibat tushgan kishi qanchalar tassaliga
muhtoj bo‘lsa, orzusi ushalmagan bu yigit ham shu qadar tasalliga muhtoj.
O’pkasi to‘lib turgan yigit chora izlaydi. Kimdir "so‘ngi chora" deb
"qo‘lidan ish keladigan, hamma joyga gapi o‘tadigan kishi"ni
qidiradi. Shunday odam topilsa o‘qishni davom ettiradi, topilmasa o‘qishni
yig‘ishtirib qo‘ya qoladi. Kimdir yagona Xoliqqa yuzlanadi. Ilmini ziyoda qilishini
so‘raydi. Yaxshilik qaerda bo‘lsa, uni o‘sha yerda qilishini so‘raydi. Tushkunlikka
tushmaydi, boyagidek o‘qishini davom ettiraveradi. Kimdir osmon uzulib boshiga
tushganidek qayg‘u va g‘amga botadi. Nima qilarini bilmaydi. "Nahot o‘qishga
kirolmasam-a, nahot diplom ololmasam-a?" deb ruhan eziladi.
Ushbu risolaga qo‘l urishimizdan maqsad ham ana shunday yigitlarga tasalli berish
va o‘zini muammo girdobida his qilayotgan g‘amgin yigitga muammoni to‘g‘ri hal
qilishida bir oz ko‘maklashishdir.
Darvoqe, poyoniga yetgan asr paydo qilgan o‘lat – faqat diplom uchun o‘qish niyatida
bo‘lganlarga risolamizning foyda berishi qiyin. Shuningdek obru topish, odamlar
diqqatini o‘ziga jalb qilish, "xorijda o‘qib kelgan" degan nomga erishish
uchun o‘qiyotganlarga ham o‘gitlarning kor qilishi qiyin. Ochig‘ini aytganda shu
ikki tomondan "e’tiroz zarbasi kelib qolarmikin" degan xavotirimiz
ham bor edi, lekin katta manfaatlar daldasida o‘z fikrlarimizni oq qog‘ozga tushirishga
jur’at qildik. Dil so‘zlarimizni himmati oliy, niyati xolis bo‘lgan tolibi
ilmlarga qaratamiz.
YIGITLIK DAVRINI G’ANIMAT BILGANLARGA XITOB!
Ilm payg‘ambarlar merosi.
Bu merosdan olish uchun payg‘ambarlarga nasabdosh bo‘lish shart emas. Ota-ona
merosidan shariat belgilagan miqdornigina olsang, payg‘ambarlar merosidan
istaganingcha, mehnatga yarasha nasiba olishing mumkin. Ko‘p vaqt sarflab, ko‘p
mehnat qilsang ko‘p ulush, oz vaqt sarflab, oz mehnat qilsang o‘shanga yarasha
oz ulush olasan.
Ilmga haddan ziyoda uyqu, keragidan ortiq o‘yin-kulgi, tanballik, tong sahargacha
oshna-og‘aynilar bilan bedorlik, televizor va kampyutir qarshisida tunni kunga
ulash va kunni tunga almashtirish bilan yetishilmaydi. Ilm mansab, nasab,
mol-dunyo bilan topilmaydi.
Ilm xolis niyat, tinimsiz mehnat – davomli o‘qish, o‘rganish, izlanish,
kunduzlari olimlar davrasida-yu, kechalari uzoq mutolaa bilan hosil bo‘ladi.
Jarir ibn Hozim deydi: " Hasanga yetti yil qatnab ilm oldim. Yetti yil
davomida biron kun dam olganim yo‘q".
Imom Buxoriydan ba’zi talabalar so‘rashdi:
– Zehnni o‘tkirlash uchun biron narsa (dori) iste’mol qilish kerakmi?
– Ko‘p mutolaa qilish kerak, - deb javob berdilar.
Ibn Abi Hotim ar-Roziy hikoya qiladi: "Yetti oy Misrda olimlar huzurida
tahsil oldik. Shu muddat ichida biron marotaba ichimizga issiq ovqat kirmadi.
Bir kuni do‘stim bilan ustoz uyiga borsak "shayx betoblar" deyishdi. Orqaga
qaytdik. Yo‘lda xom baliq sotayotgan ekan, yegimiz kelib baliqdan xarid qildik.
Uyga yetib kelsak ikkinchi ustoz huzuriga boradigan vaqt yaqinlashib qolibdi. Baliqni
tashlab, darsga ketdik. Darslar ko‘payib ketib baliqqa uch kun qarolmadik. Uchinchi
kuni baliq aynimasdan oldin xomligicha yedik".
Rivoyat qilishlaricha, o‘zini "aslzodaman, payg‘ambar sulolasidanman"
deb da’vo qilguvchi kishi bo‘lar ekan. U namoz, ro‘zaga beparvo, beadab kishi ekan.
Unga qo‘shni bo‘lib bir olim ham yashar ekan. Olim qop-qora, lablari do‘rdaygan
habashiy edi. Olimning uyi doim talabalar bilan gavjum. Ko‘chaga chiqqanda ham,
uyga qaytganda ham uning atrofida tolib ilmlar. Hamisha tolib ilmlar qurshovida
izzat-ikromda yuradigan bu olimga qo‘shnining hasadi kelibdi. Payt poylab uning
yo‘lini to‘sibdi.
– Ey qora xotinning o‘g‘li, qora! Ota-bobong kim edi-yu, sen kimsan?! O’zingdan
ketib qolma! Men aslzodaman, odamlar meni hurmat qilishi kerak, sendek
qoravoyni emas, – deb haqoratlabdi.
Olim g‘azabnok talabalarni tinchlantirib bosiqlik bilan unga shunday javob
qaytaribdi:
– To‘g‘ri aytasan. Men qora xotinning o‘g‘li qoraman. Ota-bobolarim tutgan yo‘l
noto‘g‘ri yo‘l. Shuni anglab yetib ota-bobolarim yo‘lini tashladim. Ular
ketidan yurmadim. Sening ota-bobolaring yo‘lini to‘g‘ri deb topdim. Ular
ortidan ergashdim. Merosidan nasiba oldim. Ko‘rganingdek shu darajaga yetishdim.
Ammo sen bobolaring yo‘lini tashlab, mening bobolarim yo‘lidan yurding va shu
ahvolga tushding".
Yigitlik Alloh taoloning bandalarga bergan buyuk in’omidir. Bu ne’mat hammaga
ham berilmagan, berilganlarning hammasi ham bu ne’matdan oqilona foydalana
olmagan. Kimdir yigitlikni yosh bolalardek o‘yin kulgi bilan zoe qilib
o‘tkazsa, kimdir barakotli bu davrni bekorchi chollardek uyqu bilan o‘tkazadi. Yana
kimlardir yigitlikni g‘animat bilib yoshlikda ham, keksalikda ham erishib
bo‘lmaydigan ishlarga qo‘l uradi. Sening yigitlikda ilm yo‘lini tanlashing olqishga
sazovor oqilona tadbirdir. Lekin, gohida ilm yo‘lida turli to‘siqlar,
qarama-qarshiliklar, yetishmovchilik va mashaqqatlarga duch kelasan. Ana shu
to‘siq va mashaqqatlardan biri o‘quv dargohiga qabul bo‘lmasligingdir. Agar ilm
olish uchun tanlagan yo‘ling biron-bir sababga ko‘ra senga berkilsa, orqaga
qaytib ketma, ikkinchi yo‘lga o‘t. Ikkinchisi berkilsa uchinchisini izla. Ilm
tahsili uchun yo‘llar ko‘p. Ilm sen o‘ylaganchalik bir bino – madrasa yoki jome’a
ichiga cheklanmagan.
"Qur’on tarjimoni" va "ummat bilimdoni" deb tanilgan ulug‘
sahoba, mufassirlar peshvosi Abdulloh ibn Abbos r.aning ilm tahsilidagi
zukkoligiga qarab o‘rnak ol.
Abdulloh ibn Abbos r.a ayni ilm olish pallasiga yetganda ilm manba’i bo‘lmish
Rosuli Akram sallalohu alayhi vassalom olamdan o‘tdilar. Rosululloh sallalohu
alayhi vassalom vafotlari juda og‘ir musibat va katta yo‘qotish bo‘ldi. Odamlar
ota-onalaridan ko‘ra g‘amxo‘rroq bo‘lgan insondan judo bo‘ldilar. Birinchi
muallim, ulug‘ ustozlaridan ayrildilar. Kunda olayotgan ma’naviy ozuqalaridan
mahrum qoldilar.
Abdulloh barcha sahobalar qatori qayg‘uga cho‘mdi, ko‘zini yoshladi, lekin
sarosimaga tushmadi. "Rosululloh sallalohu alayhi vassalomdan keyin bizga
kim ham dars bera olardi. Rosululloh sallalohu alayhi vassalomning qisqa,
sermazmun, shirin suhbatlarini tinglaganimizdan keyin kimning ham so‘zidan
mazza olardik?" degan xayolga berilib, iztirobga tushmadi. Zotan,
Rosululloh sallalohu alayhi vassalom vafotlari bilan Abdulloh uchun katta ilm
yo‘li berkilgan edi. Abdulloh zukkolik qilib ikkinchi ilm yo‘liga o‘tdi.
Rosululloh sallalohu alayhi vassalomdan ilm olish nasib bo‘lmagach, Rosululloh
sallalohu alayhi vassalom ilmlarini olgan katta sahobalarni g‘animat bilib ular
qo‘lida tahsil oldi. Rosululloh sallalohu alayhi vassalomni rioya qilmagan
o‘lim sahobalarni rioya qilmasligini anglab yetdi.
Ibn Kasir "البداية والنهاية" nomli kitoblarining 8-jildi
298-sahifasida, ibn Abdul Bar "جامع بيان العلم و
فضله" nomli
kitoblarining 1-jildi 106- sahifasida qo‘yidagi xabarni keltiradilar.
Ikrima Abdulloh ibn Abbos r.a dan rivoyat qiladi: "Rosululloh sallalohu
alayhi vassalom vafot etganlarida men yosh yigit edim. Ansoriy (madinalik)
tengdoshimni birgalikda ilm tahsil qilishga undadim.
– Men bilan yurmaysanmi, Rosululloh sallalohu alayhi vassalom sahobalari
ko‘pligida ulardan ta’lim olamiz,- dedim.
– Qiziqsanda, axir shunday katta olim sahobalar bo‘la turib, kim ham sening
ilmingga muhtoj bo‘lardi,- dedi yigit.
Men uni o‘z holiga qo‘yib, bir o‘zim sahobalardan ta’lim olishga kirishdim. Turli
mas’alalarni ulardan so‘ray boshladim. Rosululloh sallalohu alayhi vassalomdan
hadis eshitgan har bir sahoba ketidan ergashdim. Uylariga borib eshik qoqmay,
ostonada ular chiqishini kutib o‘tirdim.
Sahobalardan biri hadis rivoyat qilganini eshitib qoldim. Darhol o‘sha hadisni
(atigi bir hadis) o‘z qulog‘im bilan eshitish uchun sahoba uylariga bordim. Eshik
yonida o‘tirib uydan chiqishlarini kutdim. Kutish asnosida shamol ko‘tarilib
ustimga qumlarni uchirib keldi. Va nihoyat eshik ochilib men kutgan kishi uydan
chiqib keldi. Meni chang-to‘zonda qolganimni ko‘rib hayrat ila:
– Ie, Rosululloh jiyanlari?! Ostonada o‘tirishingiz nimasi?! Meni chorlatsangiz
o‘zim yoningizga yetib borar edim. Ko‘p ovora bo‘libsizda, - dedi.
– Undoq demang. Siz emas, aksincha men sizning yoningizga kelishim kerak. Rosululloh
sallalohu alayhi vassalomdan bir hadis aytganingizni eshitdim. Ana shu hadisni
qayta o‘zingizdan eshitmoqchiman,- dedim.
Oradan yillar o‘tdi. Birin-ketin ulug‘ sahobalar olamdan o‘tib, odamlar mendan
turli xil mas’alalarni so‘ray boshladi.
Yoshlikda men bilan ilm o‘rganmagan yigit har qachon meni odamlar davrasida
ko‘rsa "bu yigit mendan ancha aqlli ekan" deb o‘tadigan bo‘ldi.
|