ONALARINGIZ QORNIDAN BIRON NARSANI BILMAGAN
HOLINGIZDA ChIQARDI
Imom Zahabiy " سير أعلام النبلاء"
nomli kitoblarining 13- jildi 285-sahifasida Baqiy ibn Maxlad tarjimai holida shunday
deydilar "Baqiy ibn Maxlad ilm va amalda yetakchi imom, peshvo va
hofizdir. O’xshashi yo‘q, tengsiz tafsir va musnad kitobining muallifi.
Andalusga juda katta ilm olib kirgan. Mujtahid, solih, ishonchli, rosgo‘y, ilmu
amalda peshvo tengi yo‘q robboniy olimdir".
Shunchalik maqtovga sazovor bo‘lgan bu inson qanday qilib olim bo‘lib yetishdi?
Onasidan olim bo‘lib tug‘ilmagani aniq.
"Alloh sizlarni onalaringiz qornidan biron narsani bilmagan holingizda chiqardi"
(Nahl surasi 78-oyat)
Demak ibn Maxlad ham olim bo‘lishidan oldin tolib bo‘lgan. Tolib yo‘liqishi
kerak bo‘lgan qiyinchiliklarga yo‘liqqan, og‘ir kunlarni boshidan kechirgan. O’qish,
yozish, yodlash, shahardan shaharga o‘tib olimlar huzuriga borish, tinimsiz
izlanish va sabr-bardosh bilan ilmga yetishgan. Kelinglar, uning ilm tahsiliga
ham bir nazar tashlaylik.
"سير"ning
13-jildi, 292-sahifasida keladi.
"Ayrim olimlar Baqiy ibn Maxladning nabirasi Abdurrahmon ibn Ahmad
kitobidan naql qiladilar. "Bobomiz Makkadan to‘ppa-to‘g‘ri Bag‘dodga yo‘l
oldi. Ahmad ibn Hanbal bilan uchrashish bobomizning katta orzu-armoni edi. Bobomiz
hikoya qilib deydi:
Bag‘dodga yaqinlashganimda Ahmad ibn Hanbal haqida noxush xabar eshitdim. Ahmad
ibn Hanbal ahli sunna e’tiqodida mahkam turib "Qur’on Allohning kalomi, maxluq
emas" deb to‘g‘ri aqidadan bir qadam ham ortga chekinmay sobit turgan emishlar.
Saroyga chirmashib olgan "mu’taziliylar" (naqldan aqlni ustun qo‘yguvchi
firqa, ya’ni Qur’on va sunnatdan o‘z noqis aqllarini ustun qo‘yguvchilar) xalifani
imomga qarshi gij-gijlab qo‘ygan. Natijada imom dars berishdan taqiqlanganlar.
Buni eshitib yuragim siqildi. Tushkun ruhda Bag‘dodga kirib keldim. Kiraga uy
olib joylashdim. Jome’ masjidini surishtirib topib keldim. Jome’da juda katta
ilmiy davra bo‘layotgan ekan. Davraning boshida bir kishi "rijollar"
haqida gapirmoqda. "Bu kishi kim?" deb so‘radim. "Yahyo ibn Ma’iyn"
deyishdi. Davradan joy olib o‘tirdim. Bir ozdan so‘ng o‘rnimdan turib Yahyo ibn
Ma’iynga qarata:
– Ey Abu Zakariyo, men o‘z yurtidan uzoq musofirman. Bir nechta savollarim bor.
Alloh rahmat qilgur, savollarimga javob bersangiz,- dedim.
– So‘rayver,- dedi olim.
Men o‘zim ko‘rgan-bilgan hadis rivoyat qilguvchi kishilar haqida so‘radim. So‘ragan
kishilarimning ayrimlari haqida iliq so‘zlar aytdi, ayrimlarini ayblab, tanqid
qildi.
– Hishom ibn Ammorga nima deysiz?-so‘radim men.
– Hishom ibn Ammor – u Abu Validdir. Dimashqdan, hadisi olinadigan ishonchli kishi,
balki ishonchlidan ham yuqoridadir.
"Boshqalarda ham savol bor, shuncha so‘raganingiz yetar", degan
ovozlar ko‘tarilib qoldi. Men tik turganimcha qimirlamay savolda davom etdim.
– Yana bir kishi haqida so‘ramoqchiman, Ahmad ibn Hanbalga nima deysiz?
Yahyo ibn Ma’iyn menga taajjublanib boqib:
– Biz-a?! Bizdeklar Ahmad haqida gapiramizmi?! Bizga kim qo‘yibdi u kishi
haqida gapirishga. Modomiyki so‘rabsan aytay: Ahmad ibn Hanbal musulmonlar peshvosi
va imomi, musulmonlarning eng afzali va eng yaxshisidir,- dedi.
Dars tugagach Ahmad ibn Hanbal manzilini topib bordim. Eshik qoqdim. Imomning
o‘zlari eshikni ochdilar. Men o‘zimni tanishtirdim.
– Men musofirman. Uzoq o‘lkadan keldim. Bag‘dodga ilk kelishim. Tolibi
hadisman, Rosululloh e sunnatlarini jamlayman. Safarimdan yagona murod sizni
ko‘rib, sizdan hadis eshitishdir.
– Ichkariga kiring, birovning ko‘zi tushib qolmasin – dedilar. Ichkariga
kirdim.
– Qaerdan keldingiz?
– Uzoq Mag‘ribdan.
– Afriqodanmi?
– Undan ham olisdan. Afriqoga kelish uchun kemaga minamiz, o‘rtada dengiz bor.
Men Andalusdanman.
– Ha, juda olisdan kelibsiz. Men sizga bajonidil yaxshilik qilmoqchiman, biroq,
hozirgi kunlarda meni dars aytishdan man etishdi...
– Bularning barchasidan xabardorman. Ijozat bersangiz o‘z fikrimni bildirsam.
– Marhamat.
– Meni Bag‘dodda hech kim tanimaydi. Agar ruxsat bersangiz har kuni uyingizga
tilanchi suratida kelib dars olsam. Har kelganimda bir dona hadis aytsangiz ham
boshim osmonga yetadi.
– Yaxshi tadbir, hozircha ilmiy davralarda ko‘rinmay turganingiz ma’qul. Muhaddislar
oldiga ham bormay turing.
– Bosh ustiga.
Taklifim qabul bo‘lganidan quvonib ketdim. Ustimga janda tashlab, boshimga eskiroq
matodan o‘rab, qo‘limda hassa bilan har kuni imom Ahmad rahmatullohi alayh
uylariga tilanib keldim. Har kelganimda imom menga ikkita, gohida uchta yo
undan ko‘proq hadis aytardilar.
Imom Ahmad boshiga tushgan qora kunlar ham ko‘tarildi. Haqiqat g‘alaba qozondi.
Imom yana qaytadan dars bera boshladilar. Men ham eski jandamdan qutulib oshkora
darslariga qatnay boshladim. Imom Ahmad dars berishni boshlagan dastlabki kunda
Jome’ga keldim. Jome’ talabalar bilan to‘lib bo‘lgan edi. Qalam, daftar
ko‘targan talabalar yozishga shay. Men zo‘r-bazo‘r eshik yonidan joy oldim. Imom
Ahmad meni uzoqdan ko‘rib qolib: "Tolibi ilmga yo‘l beringlar"
dedilar. Men xijolatdan yonoqlarim qizarib ahli sunna val jamoa imomi yonlarida
o‘tirib sarvarimiz Rosululloh e hadislarini eshita boshladim".
ILM LAZZATI
Ilm tahsilida qiyinchilikning
kelishi tabiiy hol. Ana shu qiyinchiliklarni yengib olganlargina murodga
yetadilar. Ilm ostonasida ro‘baru kelgan birinchi qiynchilikka yengilib ortga chekinish
oqillar ishi emas. "Burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydiribdi"
deganlaridek, seni o‘qishga qabul qilishmasa, birvarakayga o‘qishni tashlab
ketma, boshqa chorasini top.
Agar sen uchun bir universitet eshigi yopilsa, o‘nlab ilm olish dargohlarining
darvozasi lang ochiq. Tushkunlikka tushma, ortga chekinma. "Aqlli odam
nordon limondan shirin sharbat tayyorlaydi, nodon esa asalni zaharga aylantiradi,
bir musibatni ikki musibat qiladi". Ilm olish, izlanish, ijtihod va kashfiyot,
ixtiro, yangilik eshiklarini hech kim berkita olmaydi. Holbuki bunday urinish
bo‘lgan va hanuz davom etmoqda. O’z tarixini o‘rganishdan to‘sish, diniy ta’limotdan
to‘sish, fan-texnika borasida faoliyatni o‘stirishdan to‘sish va hatto iqtisod
va tibbiyotda olg‘a siljitmaslik harakatlari, hiyla va firib ishlatib xaloiqni
savodsizlantirish, inkor qilib bo‘lmas haqiqat. Shunday bo‘lsa ham ilm-fan
yo‘lini hech kim to‘sa olmaydi, faqatgina ilm-fanga rag‘bat bo‘lsa bas.
Ilm o‘rganish uchun katta lektsiya zali, mikrofon, ko‘chma, osma yoki devorga
o‘rnatilgan mustahkam doskalar shart emas. (Topilsa juda soz,topilmasa nachora).
Shundayin zabardast olimlar borki ularning har biri alohida katta bir dorilfunun.
Sen ularni izla. Ilmlarini ol. Universitetga kirib olib o‘zing suymagan domla
lektsiyasini majburan tinglab ensang qotib o‘tirgandan ko‘ra, har bir so‘zi
tilla suvi bilan yozilajak xolis olimlar dargohiga bor. Kibrni sindirib, ilm
yo‘lida biroz xorlikning achchiq suvlaridan ho‘pla, umr bo‘yi izzat sharobidan
ichgaysan.
O’zing suyib tanlagan fanning chinakam egasi bo‘l. Izlan, kashfiyotga intil,
o‘qi va o‘qit, o‘rgan va o‘rgat. Niyatingni to‘g‘irla, o‘shanda mashaqqatlar
rohatga, ilm yo‘lidagi azob-uqubatlar lazzatga aylanadi.
Sayyid Siddiq Hasan al-Qannujiy, al-Buxoriy o‘zlarining "الحطة" nomli kitoblarining
17-sahifasida ilm lazzati haqida so‘zlayotib ulug‘ imom, ilmi va amali bilan
hanuz odamlarga rahnamo bo‘lib kelayotgan Abu Hanifa رحمة الله عليه so‘zlarini
keltiradilar:
"Biz topayotgan ilm lazzatini podshohlar bilib qolsa bormi, ular bizga qarshi
qilich yalong‘ochlab urush qilishdan toymaydilar".
Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy deydilar:
"أين أبناء الملوك من هذه اللذة" "Podshohlar o‘g‘li bu lazzatni qaydan ham topsin?!"
Hissiy lazzatlardan totli bo‘lgan ma’naviy lazzatni ham bir tatib ko‘r. Kimdir
uyiga diplom – bir parcha qog‘oz bilan qaytsa, sen ilm-ma’rifat bilan qayt.
Sen orzu qilgan akademik nizomga asoslangan o‘quv yurtlaridagi ahvolga bir
nazar tashlaylik. Akademik o‘quv yili va uning zimnidan akademik o‘quv
soatlarini taqriban chamalaylik.
Bir yilda o‘n ikki oy bo‘lsa, shu o‘n ikki oyning to‘qqiz oyi tahsil uchun uch
oyi ta’til uchun ajratiladi. O’qishga ajratilgan to‘qqiz oyning ichida turli
munosabatlar, bayramlar bahonasida tolib ilmlarga qo‘shimcha qisqa ta’tillar
beriladi. O’sha qisqa ta’tillar majmuasi bir oy yoki undan ko‘p bo‘lishi
mumkin. Bundan tashqari har haftada tolibi ilmga ikki kun haqli dam olish kuni
beriladi. Bu, bir oyda sakkiz kun demakdir. Ilm tahsili uchun ajratilgan
to‘qqiz oy ichida esa 64 kun yo undan ozroq dam olish kuni bo‘lar ekan. 64 kun
ikki oy demakdir.
Demak, uch oy yozgi ta’til, bir oy turli munosabatlar bahonasida beriladigan ta’til,
ikki oy dam olish kunlari yig‘imi.
Alloh haqi, insof bilan aytgin, yigitlik davrini ilmga bag‘ishlagan talabaning
ilm tahsili uchun qancha vaqti qolyapti?! Roppa-rosa olti oy. U olti oyni yeyish-ichish,
o‘yin-kulgi, tartibsiz uyqu, hordiq, pardoz-andoz, ziyorat, bozor kezish,
do‘konma do‘kon daydish va nazoratsiz, bekorchi yigitning bizga qorong‘i
"zaruriy ishlariga" taqsimlab chiq. "Issiq jon"
deganlaridek talabaning betoblik davrini ham bunga qo‘shib qo‘y. Sog‘ligida
qo‘liga kitob olmagan kishi, betobligida kitob olarmidi? Shulardan ortganini
o‘qishga ber. Natijada tahsilga ajratilgan to‘rt yil ikki yilga qisqaradi, ana shu
ikki yilning bir yili yoki undan ozi sof o‘qish kunlariga to‘g‘ri keladi.
To‘rt yilning hammasini o‘qishga bag‘ishlab, o‘quv yillaridan, ta’tillardan
unumli foydalanayotgan talabalar yo‘q emas, bor, ko‘plab topiladi. Lekin shuning
muqobilida o‘quv yillarining hammasini ta’tilga aylantirib yuborib, o‘qishni
bitirar paytda "Diplom" bilan qaytayotganlar ham yo‘q emas. Ana o‘shandaylar
din nomidan gapirsa, ana o‘shandaylar tabib – vrach, doktor nomini olsa, ana ushandaylar
qozi-yu, ana shular ikki kishini tepasiga rahbar bo‘lsa qiyomatni kutishdan
bo‘lak chora qolmaydi. Yerning ustidan ko‘ra, osti afzal bo‘lib qoladi.
Akademik nizomda o‘qish kunlari o‘qib, dam olish kunlari dam olib, ta’tilda uxlab,
o‘ynab-kulib yurib, pirovardida quruq nazariyaboz bo‘lib chiqqanlardan biri
"kulliyotga kirganda tavozuli johil edim, kulliyotni bitirarda betavozu,
mutakabbir johil bo‘lib chiqdim," deb afsuslangan ekan.
Uzoq yillar diniy ta’lim olib qishlog‘iga qaytgan yigitdan janoza namoziga
o‘tib berishini so‘rashibdi. Yigit umrida janoza namozi o‘qimagan ekan, janoza
qanday o‘qilishini ham bilmas ekan. (Chog‘i o‘sha kuni darsga kelmagan, kelgan
bo‘lsada qolipi darsdayu, qalbi dars tashqarisida kezgan) Har nechuk, yigit
"Allohu akbar" deb quloq qoqib namozni boshlabdi. Bir ozdan so‘ng yana
"Allohu akbar" deb ruku’ga ketibdi. Diniy savodi yo‘q avom xalq esa
nima qilarini bilmay hayron... Yarmi imomga ergashib ruku’ga egilgan, qolgan yarmi
tik turgan holida qotib qolgan. Ana shunaqasi ham bo‘lar ekan...
Do‘sting kulliyotga qabul bo‘lib ichkarida esnab o‘tirsa, sen kulliyot tashqarisida
yugurib-elib, uyquni qochirib olimlar xuzuriga borib o‘qi. Ostonalarida o‘tir.
Ajab emaski, Alloh sendagi sadoqatga mukofot o‘laroq ilmingga, sa’y-harakatingga
barakotlar bersa. Ajab emaski, jaholatdagi qavmingni jaholatdan qutqarsang.
Saodatga tashna xalqingga saodat olib kelishga sababchi bo‘lsang. O’shanda
yigitlikni zoei qilgan do‘sting afsuslanib nadomat cheksa, sen do‘ppingni
osmonga otib quvonarsan. Ana o‘shandagina yeru osmondagilar, hatto dengizdagi
baliqlar ham senga istig‘for aytishadi.
Bir yilning o‘n ikki oyining hammasidan unumli foydalan. O’n ikki oyning
yigitlik kunlaring ekanini unutma. Shag‘dam oldinga ketayotgan sermahsul
yigitlik davring orqaga qaytmasligini yodingdan ko‘tarma. Yigitlikdan keyin boshqa
bir davr keladi, u davrdagi yelib yugirishlar go‘yo yerga mustahkam qotirilgan,
joyidan jilmas velosipedni jon jahdi bilan haydashdek gap.
Ibn Javziy deydi: "Yoshligini ilmga sarflaganlar, keksayganda izzat-ikrom
mevasini yig‘adi".
Ahmad ibn Hanbaldan so‘rashdi:
– Qachongacha ilm o‘rganamiz?
– Qabrga qo‘yilguncha,-javob berdilar imom.
Abu Rayhon Beruniy oxirgi nafaslarini olayotgan hayotining so‘ngi soatlarida
yonlariga ahli ilmlardan biri kirib keldi, hol-ahvol so‘radi. Shunda olim:
– Kecha faroiz ilmidan momoning nasibasi haqida nima deb aytib eding? –
deydilar.
– Taqsir, hozir o‘rnimikin, betobsiz...
– Ha, ayni o‘rni. Agar men xato tushungan bo‘lsam o‘limim oldidan xatoimni
to‘g‘irlab, Alloh huzuriga tavba bilan borayin, agar sen xato qilayotgan
bo‘lsang, o‘limim oldidan bir xatoni to‘g‘irlab ketayin.
Yigit olim oldidan hovliga chiqqanda, ichkaridan ayollarning yig‘i tovushi eshitildi.
Hayratni oshiradigan yana bir hikoya.
"أحكام النساء" kitobining muallifi Jamoliddin Abu Faraj
hech qanday diplomga ega bo‘lmagan o‘tmishdagi ayollarning ilmiy darajasi va
nodir taqvosiga misol keltirib deydi : "Bir ayol non yopaman deb xamir
qoriyotganda "eringiz olamdan o‘tdi", degan xabar keladi. Noxush xabarni
eshitgan ayol xamirdan qo‘lini olib "endi bu xamirda bizga sheriklar paydo
bo‘lib qoldi", degan ekan, ya’ni merosni nazarda tutmoqda. Eri o‘lgan
ayol, agar eridan farzandi bo‘lsa, erning qoldirgan mol mulkidan sakkizdan bir
qismini olishga haqlidir, farzand bo‘lmasa to‘rtdan birini oladi. Agar ayollar
birdan ortiq bo‘lsalar, ularning hammalari o‘sha bir ulushda sherikdirlar. Xamir
qoriyotgan ayol shariatning bu hukmini anglab yetib, xamirning hammasiga egalik
qilishdan qo‘rqqan ekan.
To‘rt-besh yil o‘qib "olim bo‘ldim" deyishlikning o‘zi xato, bilimini
hayotga tatbiq qilmaslik ikkinchi katta xato. O’qiganiga amal qilmay va o‘qishni
yig‘ishtirib qo‘ygan kishi onasidan qanday johil tug‘ilgan bo‘lsa, ayni o‘sha
johilligiga qaytib qolishi hech gap emas. Kundalik taom kanda qilinmaganidek,
kundalik o‘qish ham kanda qilinmasligi kerak.
"UNIVYeRSITYeTGA KIRMAY OLIM BO’LISh
MUMKINMI?"
Avvalo shuni eslatib o‘tish
o‘rinliki, biz bu savolni o‘rtaga tashlash bilan qadimdan yetuk olimlarni yetishib
chiqishiga sabab bo‘lgan, hozirda ham tahsinga loyiq ish-faoliyat olib
borayotgan, din va dunyo ravnaqi yo‘lida katta hissa qo‘shayotgan, ulug‘ ilmiy
dargohlar – universitet, dorilfunun, jome’alar qadriga til tekkizmoqchi emasmiz.
Ular olib borayotgan yuksak, olamshumul ishlarga shubha bildirmaymiz. Bu kabi
o‘quv muassasalarining insoniyatga xizmati inkor qilib bo‘lmas darajada ulkan. Maorifga,
ilm-fanga jiddiy e’tibor qaratayotgan davlatlarning taraqqiyot shohsupasini egallab,
qo‘ldan bermayotganlari hammaga ma’lum. (Ma’naviyat, axloq-odob, qadriyat, hidoyat,
sog‘lom e’tiqod borasida tanazzulga uchraganlarini ham alohida ta’kidlash
o‘rinli). Lekin hammamizga shu ham ma’lumki, bu ilmiy dargohlar (xoh diniy va xoh
dunyoviy bo‘lsin) o‘qish talabgorlarining barchasini o‘z bag‘riga sig‘dira
olmaydi. Talabgor ko‘p, joy kam. Iymon hukmronligi siqib chiqarilgan
davlatlarda poraning rivojlanishi va ko‘p joylarda ildiz otib, ommaviylashayotgan
"tanish-bilish" sistemasining qo‘llanilishi iqtidorli talabalar
orzusi yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lmoqda. O’qishga layoqatli yigitlar ilm
dargohlaridan chetlatilib, o‘qishga hushi yo‘q, mansab va obro‘ talabgorlariga
keng quloch ochilmoqda. Ilm maskanining sanoqli o‘rinlari chinakam egalaridan
bashqalarga berilmoqda.
Xo‘sh, biron sababga ko‘ra o‘qishga qabul bo‘lmagan yigit nima qilishi kerak? Iqtidorini
tiriklayin dafn etsinmi? Ilm tahsili uchun eng qulay davr – yigitlikni o‘yin-kulgi
yoki qora mehnat ichida xarob qilsinmi?
Yana o‘sha savol "universitetga kirmay olim bo‘lish mumkinmi?" "Ha,
mumkin", desak bu jo‘n javobga hamma ham darhol qanoat hosil qilmaydi. "Mumkin,
juda ham mumkin, mumkin bo‘lganda qandoq" desak olam guliston, lekin biz
tarixga va voqe hayotga tayanib aytgan bu javobimiz hammani ham birday
qoniqtirmaydi. Shuning uchun "diplom" "universitet" degan
tushunchalar paydo bo‘lmasdan oldingi zamonga qisqa nazar tashlaylik.
YIG’LATADIGAN O’TMISh...
O’sha davrlarda jamiyatdagi
barcha qatlamlar va barcha yoshdagilar uchun ilm yo‘li ochiq bo‘lgan. Mamlakat
rahbari va davlat arboblaridan tortib oddiy fuqarogacha ilm olish, ilmni
o‘stirish huquqiga ega bo‘lgan. Sarmoyadorlar, chorvadorlar, dehqonlar,
bog‘bonlar, zamindorlar, kosib-hunarmandlar, hatto qullar va cho‘ri qizlar uchun
ilm yo‘li keng ochiq bo‘lgan. Kishi bir vaqtning o‘zida ham davlat arbobi, ham
olim bo‘lgan. Umar ibn Abdulaziz bir vaqtning o‘zida xalifa va yetuk olim
bo‘lgan. Ma’mun muhaddislar davrasida o‘tirib toliblarning "ustoz Alloh
rozi bo‘lsin, qayta ayting, yozolmay qoldim" deyishlarini eng lazzati
onlar deb bilgan. Shuningdek, kishi bir vaqtning o‘zida katta sarmoyador va
katta olim bo‘lishi mumkin. Bunga yaqqol misol mazhab boshi, kufalik Abu Hanifa
rahmatullohi alayhdir. Imom A’zam ta’lim va tarbiya bilan shug‘ullanish
barobarida katta tijoratni ham yurg‘izganlar. O’zlarining hisoblaridan
iqtidorli, muhtoj talabalarga maosh tayinlaganlar.
Lays ibn Sa’d misrlik faqih va muhaddis olimlardan. Imom Shofiiy imom Molik
qo‘lida (Madinada) ta’lim olib bo‘lganlaridan keyin Misrga Lays yoniga shoshadilar.
Misrga yetganlarida odamlar endigina Laysni dafn qilib qaytayotgan ekanlar.
Muhammad ibn Idris ash-Shofiiy Lays qabri poyida turib: "guvohlik
beramanki, albatta sen Molik ibn Anasdan faqihroqsan" degan ekanlar.
Xuddi ana shu olim katta tijorat sohibi bo‘lgan. Hikoya qilishlaricha Misr qishloqlarining
birida bir kambag‘al ayolning o‘g‘li kasal bo‘lib qoladi. Tabib asal ichishni
tavsiya qiladi. "Asalga qayga borsam ekan?" deb o‘ylanib turgan
ayolga qo‘shnisi yo‘l ko‘rsatib "Lays ibn Sa’dga boring" deydi. Ayol
kichik idishni ko‘tarib Laysdan asal so‘raydi. Lays xodimlariga qarata:
– Falon, falon ratl (ko‘p miqdorni aytadi) asal beringlar,-deydi.
– U ayol o‘ziga yarasha so‘rayapti,- deydi xodimlar.
– Biz o‘zimizga yarasha beramiz,- deydi olim.
O’ZIMIZNING TOMONLARDA...
Navbatdagi misol o‘z
diyorlarimizdan. Misollarni turli makonlardan tanlashimizning sababi, Islom
hamma yerda bir xil meva berishini ziyrak o‘qiguvchiga eslatishdir. So‘zlamoqchi
bo‘lganimiz ulug‘ muhaddis olim va katta sarmoyador tojir Abdulloh ibn
Muborakdir. Foydadan xoli bo‘lmagani uchun hamyurtimiz Abdulloh ibn Muborakning
ibratomuz hayotlaridan qisqa lavhalarni bir oz ko‘proq keltirmoqchimiz. Diyorimizdan
chiqqan bu ulug‘ olim, saxovat bilan dong taratgan, tarixda yaxshi nom
qoldirgan, qo‘li ochiq katta sarmoyador inson hayotida tolib ilmlar, olimlar va
barcha musulmonlar uchun katta ibratlar bor.
Abdulloh ibn Muborak yetuk muhaddis olim va katta sarmoyador bo‘lganlar. Zohid
olimlardan Fuzayl ibn Iyoz Abdulloh ibn Muborak olib kelgan, keti
ko‘rinmaydigan tijoriy karvonni ko‘rib "Abdulloh, o‘zingiz zuhdu taqvo
haqida kitob bitasizu, karvoningizning keti ko‘rinmaydi-ya?" debdilar.
"Yo‘qchilikdan birovga qo‘l cho‘zish oridan saqlanish uchun, yuzimning
suvini, or-nomusimni saqlash uchun, Robbimning ibodatini to‘liq ado etishga
ko‘magi tegadi, deb tijorat qilaman"- degan ekanlar.
"Abdulloh ibn Muborak Marv shahridan. Onalari Xorazmdan, otalari
turklardan," deb tanishtiradilar imom Zahabiy.
Ahmad ibn Hanbal deydilar: "Ibn Muborak bir yuz o‘n sakkizinchi yilda
tug‘ulgan."
Abdulloh ibn Muborak deydi: "Abu Hanifa dadamga qarata "bolangning
onasi omonatni qanday olgan bo‘lsa, shunday topshiribdi," dedilar. Men
dadamga juda o‘xshab ketar ekanman."
Zahabiy deydi: "Ibn Muborak ilm talabida Haramayn – Makka va Madinaga,
Shomga, (Suriya, Urdun, Falastin diyorlari Shom deyilgan) Misrga, Iroqqa va
Jaziraga safar qilgan. Ko‘p shaharlarda hadis aytgan. Rivoyat qilgan hadislari
hujjatligiga ittifoq qilingan."
Abbos ibn Mus’ab deydi: "Ibn Muborak hadis ilmini, fiqhni, arab tili va
adabiyotini, tarixni, shuningdek shijoat, tijorat va saxovatni jamlagan
olimdir. U bu kabi oliyjanob xislatlari bilan ko‘plarning muhabbatini
qozondi."
Abu Usoma deydi: "Ibn Muborak muhaddislar orasida go‘yo odamlar orasidagi
amirdek edi."
Ash’as ibn Sho‘‘ba hikoya qiladi: "Horun ar-Rashid Raqqa shahriga keldi. Ayni
shu kuni Abdulloh ibn Muborak ham Raqqaga kelgan edilar. Ibn Muborak kelganidan
darak topgan xaloiq ko‘chalarga chiqishadi. Olim ketidan ergashishadi. Ko‘chalar
odamga to‘lib ketadi. Chang-to‘zon ko‘tariladi. Ko‘chadagi shov-shuv qasr tinchini
buzadi. Xalifaning xotini qasr derazasidan tashqariga boqib:
– Tinchlikmi, bu ne g‘avg‘o, olamon qayoqqa ketur? – deydi.
– Tinchlik, Xurosondan bir olim kelibdi, odamlar uning istiqboliga shoshmoqda.
– Haa, Horun ar-Rashidning mulki emas, mana buning mulki haqiqiy mulk ekan. Xalifa
Horun bu qadar xaloiqni jamlash uchun ozmuncha mirshabni ishga solgaymi?!"
Xatib Bag‘dodiy deydi: "Ibn Muborak Bag‘doddan Missiysa tomonga chiqdi. Yo‘lda
unga bir necha kishi hamroh bo‘ldi. Abdulloh ularga yordam bermoqchi
bo‘ldilar,lekin hamrohlar juda tortinchoq, uyatchan kishilar ekan. Olim buni
payqab: "Yo‘l xarajatlarini o‘rtada qilsak?" dedilar. Fikr hammaga ma’qul
keldi. Hamyonlar bir joyga jamlandi. Kimdir 20 dirham (kumush tanga), kimdir 20
dinor ( tillo tanga) qo‘ydi. Safar davomida Abdulloh sarf xarajatlarni qilib
bordilar. Shaharga yetib kelingach: "har kim o‘z hamyonini olsin"
dedilar. Hamrohlar hamyonlarini olib hayratda qoldilar.
– Men 20 dirham qo‘yib edim, bunisi ortiqcha.
– Men 20 dinor qo‘yib edim, bunisi ortiqcha.
– Ajabo, Allohning baraka berishini inkor etasizlarmi? – dedilar olim.
Zahabiy deydilar: "Abdulloh ibn Muborak marvliklar bilan hajga kelayotib,
"hammalaring hamyoningizga ismingizni yozib mana bu sandiqqa
solinglar," dedilar. Hamyonlar yig‘ilib sandiqqa solindi. Marvdan chiqib
Bag‘dodga yetib kelishdi. Yo‘l davomida Abdulloh ularga mazali, tansiq taomlar,
boldan totli shirinliklar, xilma xil mevalar harid qilib bordilar. Shu zaylda
Madinaga yetib kelishdi. Madinada Rosululloh r masjidlarida namoz o‘qib,
ziyoratni ado qilishgach "ahli ayollaringiz Madinadan nimalar olishni
tayinlagan bo‘lsa barini olinglar," dedilar. Hojilar kerakli sovg‘alarni
harid qilib Makkaga yo‘l olishdi. Makkaga yetib kelishganda ham ayni shu hol
takrorlandi. "Ahli ayollaring Makkadan olishni tayinlagan matolarni
olinglar. "Haj ham nihoyasiga yetdi. Marvlik hojilar qanday izzat-ikromda
kelgan bo‘lsalar, shunday izzat-ikrom va hurmatda o‘z uylariga qaytdilar. Uch
kundan so‘ng Abdulloh ibn Muborak hojilarni uylariga mehmonga taklif qildilar. Bir
ozdan keyin mehmonxonaga hojilarga tanish sandiq olib kirildi. Mezbon sandiqni
ochib "marhamat qilib hamyonlarigizni olsalaring" dedilar. Hamyonlar
hajdan oldin qanday qo‘yilgan bo‘lsa shundog‘icha turardi."
Qadimda hojilarga xizmat ko‘rsatish oliy sharaf hisoblangan. Hatto johiliyatda
ham hojilarga xizmat qilishga shoshilishardi. Islom kelgach bu ihtirom yanada
ortdi. Salafi solihlar hajga ehrom bog‘lashdan oldin shoshilgancha
hamrohlarining qo‘lidan tutib "qasam Allohgakim, haj tugaguncha ozuq-ovqat
mendan," derdilar. Yana birlari
"qasam Allohgakim, turar joy mendan" desa, uchinchisi "baraka
topkurlar, yo‘l kirosi mendan", deb ezgu ishlarda musobaqa qilar edilar. Faqatgina
haj savobi bilan emas, balki Allohning mehmonlariga xizmat ko‘rsatish savobiga
ham noil bo‘lib ketardilar. Hozir esa... Allohning o‘zi kechirsin... Hojini
talash, hojini aldash, Baytulloh deb yo‘lga chiqqan Rahmon mehmonini ranjitish,
qing‘ir yo‘llar bilan uni tunash, narx-navoni ko‘tarish, goh begonadan, goh
o‘znikidan kelajak firibgarlik, moddiy yoki ma’naviy yordamga muxtoj hojininig
ahvolini ko‘ra bila turib beyordam tashlab ketish, xiyla nayranglar oddiy holga
aylangan. Bilmadim, Buyuk Sultonimiz o‘z mehmonlariga hiyla ishlatganlarga
qanday jazo hozirlagan ekan?!
Fuzayl ibn Iyoz deydi: "Ibn Muborak har yili faqirlarga yuz ming dirham
infoq qilar edi.( Ikki yuz dirhamga ega bo‘lgan kishiga zakot vojib bo‘ladi.)
Hibbon ibn Muso deydi: "Abdulloh ibn Muborakning haddan ortiq sadaqa qilishini
qoralashdi. Ayniqsa o‘zining shahridan boshqa shaharlardagi ahli ilmlarga
moddiy yordam berishini tanqid ostiga olishdi. "Men shundayin sadoqatli,
fazilatli ahli ilmlarni bilamanki, ular hayotlarini ilmga bag‘ishlashgan. Biz
ularni o‘z hollariga qo‘ysak ilm (bozorlarda) zoe bo‘ladi. Agar ularga ko‘maklashsak
Muhammad alayhissalom ummati ichida ilm tarqaladi. Payg‘ambarlikdan keyin eng
afzal ish ilm tarqatishdir", dedilar.
Muhammad ibn Iso deydi: "Ibn Mubork Tarsusga ko‘p kelib turardilar, yo‘lda
Raqqaga tushib o‘tardilar. Raqqada yoshroq bir yigit ibn Muborak huzurlariga kelib
hadis eshitardi, olim xizmatlarini qilardi. Bu gal kelganlarida yigitni
ko‘rmadilar. U haqida so‘rab surishtirdilar. (Rosululloh r odati sharifalaridan
biri bir necha kun ko‘rmay qolgan ashoblarini surishtirib qolar edilar.) Abdullohga
yigitning mahbusligini aytishdi.
– Nega hibsga olishdi?
– O’n ming dirham qarzini to‘lay olmaganligi uchun.
– Qarzni kimdan olgan ekan?
– Falonchidan.
– U kishining uyini ko‘rsata olasizmi?
– Bajonidil.
Abdulloh ibn Muborak barcha muhim ishlarini tashlab, yigitga qarz bergan kishining
uyiga shoshib bordilar. O’n ming dirhamni uning qo‘liga berib "yigit shu
bugun hibsdan bo‘shatilmog‘i darkor, uqdingmi?" dedilar. Pul berganlarini
sir tutmog‘ini qattiq talab qilib "qarzni men to‘laganimni hech kimga
aytmasligingga qasam ich. Men vafot etganimdan so‘ng aytsang aytaver, "
dedilar.
Yigit o‘sha kuniyoq hibsdan ozod qilindi. Buni eshitib Abdulloh quvonib
ketdilar. Bir necha kundan keyin yigit bilan ko‘rishib qoldilar.
– Omonmisiz, daragingiz yo‘q?
– Hazrat, qarz bois hibsda edim
– Hibsdan qanday ozod bo‘ldinigiz?
– Kimdir qarzimni to‘lab, meni qamoqdan chiqarib oldi.
– Kimligini bildingizmi ?
– Bilolmadim taqsir, o‘zini maxfiy tutur
– Alhamdu lilloh.
Abdulloh ibn Muborak yigitning kechagi gapdan bexabarligidan mamnun bo‘ldilar. Ibn
Muborak olamdan o‘tganlaridan keyin yigit qarzni kim uzganligini bilib,
haqlariga uzoq duo qildi.
Shu inson boshqa ko‘plab boylar qatori topgan boyligiga aysh-ishrat sursa
bo‘lmasmidi? Ko‘kka tutash baland binolar qurib, naqshinkor uylar ichida
rohatlansa bo‘lmasmidi? Zamonaviy, eng oxirgi tipdagi favvoralardan (fontan)
qurdirib, favvora salqinida surunkasiz kayfu safo sursa bo‘lmasmidi? Bu kabi
savollar zamondoshimiz fikrini cho‘lg‘aydi. Ha, bo‘lar edi, deb javob beriladi
hayotning hammasini ayshgohga aylantirishni istovchi zamondoshimizga. Topgan
mol mulkini tuproqqa chaplab Fir’avn va Homonnikidan qolishmaydigan hashamatli
binolar, keragidan ortiq ichkarima-ichkari xonalar, o‘ynoqi, raqqosa favvoralar
qurdirishga imkoniyati bor edi. Lekin u kishiga mol topish uchun berilgan
zakovat, molni ishlata bilishga ham berilgan ekankim, peshona terisi bilan
topgan mollarini faqatgina foydali o‘ringa sarfladilar. Topgan moli bilan ham
dunyosini, ham oxiratini obod qilishga urindilar. Bugun qasr deb qurajak
binosi, ertaga eskirib tovuqkatakka aylanishini anglab yetdilar.
Moddiy tizimdan ta’sirlanib "zakotini chiqarib qo‘ysa bo‘ldida, qolgani
o‘zining ixtiyorida, nima qilsa o‘z xohishi , uy quradimi, qasr quradimi, u kishining
shaxsiy ishi", deb xom o‘ylab dabdabali hayotga berilgan zamondosh
mo‘minni ibn Muborak tutimi unchalik qoniqtirmaydi, nachora. Haqiqatni
qulog‘ingizgacha yetkazish bizning vazifa, qulog‘ingizga yetgan haqiqatni
aqlingizga va iymoningizga yetkazish sizning vazifangiz, eshitib,
bilganlaringizga amal qilish esa iymoningiz vazifasi. Iymon but, sog‘lom
bo‘lsa, egasini yaxshilkka undaydi, iymon nochor, xasta bo‘lsa turli
bahonalarni istaydi.
Pul topishning yo‘lini bilgan olimimiz, pulni qayga sarflashni ham bilib o‘tkinchi
rohatlarga aldanmadilar. Mol dunyolarini mol dunyo berguvchining yo‘lida infoq etdilar.
Oqibatda dunyoda yaxshi nom qoldirdilar, oxiratlarini obod qildilar. Abdulloh
ibn Muborak xolis niyati, oqilona tadbiri bilan yaxshi nom qoldirgan bo‘lsa, ayshu
ishratga berilgan, topganini yeb ichib kayfu safo qilgan o‘sha davr boylaridan
nom nishon qolmadi. Ba’zilar "ishning ko‘zini" bilib pulni yaxshi
topishadi, lekin o‘sha pulni yaxshi o‘rinlarga ishlatishni bilishmaydi. (Bu xususda
"Molingni qanday ko‘paytirishing mumkin?" degan sarlavha ostidagi
risolamizda batafsilroq bahs yuritamiz, insha Alloh.)
Abdulloh ibn Muborak haqida yanada ko‘proq ma’lumot olish uchun Zahabiyning سيرأعلام النبلاء nomli kitoblarning 8-jildiga va Xatib
Bag‘dodiyningتاريخ بغداد nomli kitoblarning 10-jildiga
murojaat qilishingiz mumkin.
Demak, kishi bir vaqtning
o‘zida tolibi ilm, obid, ishchi, hunarmand, davlat arbobi, katta sarmoyador va shuning
bilan birga olim ham bo‘lishi mumkin ekan. Shuni qayta takidlash o‘rinliki,
Islom dini ilmga undaydi. Bu hammaga ma’lum, oydek ravshan, isbot talab
qilinmaydigan haqiqatdir. "Din ilmga qarshi" deyilgan uydirma gap esa
asossizdir. Behayo va beiymonlarning odamlarni dindan bezdirish uchun o‘ylab
topgan bo‘htonidir. U gapga laqqa tushib ishonish esa, poezd bilan kema bir
biriga qarama-qarshi kelib to‘qnashib ketibdi, deyilgan xabarga laqqa tushishdek
gap. Poezd bilan poezd to‘qnashishi mumkin. Keng osmonda parvoz qilayotgan ikki
uchqich bir biri bilan to‘qnashishi mumkin. Ammo poezd bilan kemaning bir
biriga qarshi kelib to‘qnashishi aslo mumkin emas. Shuningdek Islom bilan
ilmning bir biriga qarshi bo‘lishi aslo mumkin emas. Islom manfaatsiz – insoniyatga
foydasi tegmaydigan ilmga qarshidir.
Bir universitetga kirolmay o‘qishni yig‘ishtirib qo‘yish oqilona tadbir emasligini
anglayotganingiz chog‘ida, sizni shonli tariximizga sayohat qilishga chorlaymiz.
Shukuhli tariximizning mavzuimizga oid porloq sahifasini ochib o‘qishga taklif
qilamiz.
Hayrulla Hamidov, Islom.Uz
|