Dushanba, 18.11.2024, 06:44
Приветствую Вас, Mehmon
Главная » 2007 » Декабрь » 13 » Zulhijja oyining 10 kunligi
12:30
Zulhijja oyining 10 kunligi

Alloh taolo Haj surasini 28-oyatida:

«Ma’lum kunlarda Allohning nomini zikr qilinglar», deb aytgan. Ibn Abbos (r.a.) «Ma’lum kunlar»ni zulhijjaning avvalgi o’n kuni, deganlar.

Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana bunda (ya’ni, zulhijja oyining avvalgi o’n kunida) qilinganidan-da afzalroq amal yo’q», dedilar. Shunda sahobalar: «Alloh yo’lidagi jihoddan hammi?» deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, deb, «lekin bir kishi moli va nafsini xatarga qo’yib ko’chaga chiqsayu, hech bir narsa bilan qaytmasa, ana o’sha afzaldir», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

Imom Termiziyning rivoyatlarida: «Solih amallar qilingan kunlar ichida zulhijja oyini o’n kunidan ko’ra Allohga mahbubroq kun yo’qdir», dedilar, deb keladi.

Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi: «Alloh taologa ibodat qilinadigan kunlar ichida Zulhijja oyining (avvalgi) o‘n kunidan sevimli kun yo‘q. U kunlarda tutilgan ro‘za yil davomida tutilgan ro‘zaga teng. U kechalarda qilingan ibodat Qadr kechasida qilingan ibodatga tengdir» («Uqud’ul-javohir», 2-831).

Abdulloh ibn Abdurahmon Doramiyning «Musnad»larida rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Zulhijja oyining o’n kunidagi amaldan ko’ra afzalroq amal yo’qdir», dedilar.

Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) aytadilar: Ibn Abbos (r.a.) rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: "Solih amallarning Allohga mahbubrog‘i mana shu kunlarda qilinganidir". Ya’ni, zulhijja oyining birinchi o‘n kunligida qilingan amallar.

Jobir ibn Abdulloh (r.a.) deydilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Alloh taolo uchun kunlarning yaxshirog‘i va afzalrog‘i ashr (zulhijja oyining o‘n) kunidir". "Alloh yo‘lidagi ish u kunlarga teng emasmi?" deyishdi. Aytdilar: "Alloh yo‘lidagi (ish ham) ularga teng emas. Magaram oti yarador bo‘lsa, yuzlarini chang-g‘ubor qoplasa". Boshqa bir rivoyatda: "Oti yarador bo‘lsa va qoni oqsa, deyilgan".

Faqih aytadi: Oyisha onamizdan (r.a.) rivoyat qilindi. Bir yigit qo‘shiq va lag‘v gaplarni eshitib yurardi. Zulhijja oyi kirgach, ro‘za tutar edi. Bu gap Payg‘ambarimizga yetdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga odam yuborib chaqirtirdilar. U kelgach: "Bu kunlarda ro‘za tutmoqqa seni nima majbur qildi?" deb so‘radilar. Yigit: "Ota-onam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning elchisi, bu kunlar hajning muayyan kunlari va ham ibodatlari bajariladigan kundir. Shoyadki Alloh meni hojilarning duolariga sherik qilsa", dedi. Aytdilar: "Har bir ro‘za tutgan kuning yuzta qulni ozod qilishga teng, yuzta tuya, yuzta otni Alloh yo‘lidagi jihodga berganingga barobar. Agar zulhijjaning sakkizinchi kuni bo‘lsa, u kunda sen uchun mingta qul ozod qilganning, ming tuya va ming otni Alloh yo‘lidagi jihodga yuborganning savobi beriladi. Arafa kunida esa, sen uchun ikki ming qul ozod qilganning, ikki mingta tuya va ikki mingta otni Alloh yo‘lidagi jihodga berganning savobi bor. Bu ro‘zalar ikki yillik ro‘zaga tengdir. Bir yili oldingisiga, ikkinchi yili keyingisiga".

Boshqa bir rivoyatda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: "Arafa kunidagi ro‘za ikki yil ro‘za tutganning savob bilan tengdir. Ashuro kunida tutilgan ro‘za bir yil tutilgan ro‘za savobi bilan barobar".

Tafsirchilar Allohning:
"Muso bilan o‘ttiz kechaga va’dalashgan edik. So‘ngra uni yana o‘n (kecha) bilan to‘ldirdik. Bas, Parvardigorining (uning uchun belgilangan) vaqti komil qirq kecha bo‘ldi" (A’rof, 142), degan so‘zi haqida aytdilarki: "U o‘n kecha zulhijjaning avvalgi o‘n kunidir. Alloh Musoga haqiqatda gapirgan, unga najot berib, o‘ziga yaqin qilgan va sahifalar yozgan kunlari ham mana shu ashr kunlaridir".

Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilindi: "Sizlar zul-hijjaning o‘n kunida ro‘za tutinglar, duolarni ko‘paytiringlar, istig‘for so‘ranglar va sadaqa qilinglar. Chunki men payg‘ambarlaringiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitganman: "Ashr kunlari yaxshilikdan mahrum bo‘lgan kishiga vayl bo‘lsin, xususan, zul-hijjaning to‘qqizinchisida ro‘za tutmog‘laringiz lozim. Chunki unda sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan yaxshiliklar bor".

Faqih aytadilar: Abdulloh ibn Ubayd ibn Umayr Laysiy dediki: "Bizlarga aytilishicha, Alloh taolo Muso alayhissalomga beshta duoni hadya qildi. Ularni Jabroil alayhissalom ashr kunlari olib keldi.
1. "La-a ilaha illallohu vahdahu la-a sharika lahu lahul mulku va lahul hamd, yuhyi va yumiyt va huva hayyul la-a yamut, biyadihil xoyru va huva ‘ala kulli shayin qodir".
2. "Ashhadu al-la-a ilaha illallohu vahdahu la-a sharika lahu ilahan vahidan ahadan somadan lam yattaxiz lahu sohibatan va la-a valada".
3. "Ashhadu al-la-a ilaha illallohu vahdahu la-a sharika lahu ahadan somadan lam yalid va lam yulad va lam yakullahu kufuvan ahad".
4. "Ashhadu al-la-a ilaha illallohu vahdahu la-asharika lahu lahul mulku va lahul hamd yuhyi va yumiyt va huva hayyul-la-a yamut, biyadihil xoyru va huva ‘ala kulli shay-in qodir".
5. "Hasbiyallohu va kafa, sami ‘allohu liman da’a laysa varoallohi muntaha".

Zikr qilinishicha, bu kalimalar Injilda nozil bo‘lgan. Havoriylar Iso alayhissalomdan bu duolarning fazilatini so‘raganlarida, u zot (a.s.) shunday savob va fazilatlarni gapirdilarki, uni bunday sifatlashga boshqa hech kim qodir emas.

Abu Nazr Hoshim ibn Qosim aytadilar: "Bu duolarni ashr kunlari o‘qigan bir kishi menga tushida uyida beshta idishda nur ko‘rganini, bu nurlarning ba’zilari ba’zilaridan balandroq ekanini aytdi".

Ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Alloh nazdida kunlarning ulug‘rog‘i va amallarning afzalrog‘i ashr kunlarida qilingan amallardir. Bu kunlarda takbirni, hamdni va "la-a ilaha illalloh" kalimasini ko‘paytiringlar".

Nofe’ Abdulloh ibn Umar (r.a.) haqida rivoyat qilib: "U kishi ashr kunlarida yotoqlarida ham, o‘tirgan joylarida ham takbir aytar edilar", deydi.
Ato ibn Abu Raboh ham ashr kunlarida ko‘cha va bozorlarda takbir aytganlar.

Yazid ibn Abu Zayyod rivoyat qiladilar: "Said ibn Jubayr va Abdurahmon ibn Abu Laylo, yana ko‘plab musulmon faqihlari iyd kunlari va tashriq kunlari: "Allohu akbar, Allohu akbar, la-a ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd", deb takbir aytar edilar".
Ja’far ibn Sulaymon aytadilar: Sobit Banoniy ashr kunlari majlisda barcha so‘zlarni to‘xtatib: "Allohu akbar, Allohu akbar, la-a ilaha illallohu vallohu akbar va lillahil hamd", deb zikr aytar va: "Bu kunlar zikr kunlaridir", der edilar.
Ulamolar ham shunday qilishardi. Ja’farning aytishicha, Molik ibn Dinor shunday qilganlar.

Mug‘ira ibn Shu’ba Abu Ma’shardan rivoyat qiladilarki: "Ibrohim Naxa’iydan ashr kunlari yo‘lda takbir aytish haqida so‘radim. U kishi kiyim tikuvchilar ham shunday qilishlarini aytdi".

Lays ibn Abu Sulaym aytadilar: "Mujohiddan ashr kunlari yo‘lda takbir aytish haqida so‘radim. "Tikuvchilar shunday qiladi", dedilar".

Faqih aytadilar: Bu kunlarda takbirni ichida aytsa, afzaldir. Agar takbir aytib, ovozini ko‘tarsa, bu bilan shariatni zohir etishni va odamlarga eslatma qilishni xohlasa, zarari yo‘q. Bu to‘g‘rida xabarlar o‘tdi.

Abdulloh ibn Mas’ud Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: "Alloh taolo kunlardan to‘rttasini, oylardan to‘rttasini, ayollardan to‘rttasini, jannatga oldin kiruvchilardan to‘rttasini va jannat mushtoq bo‘lganlardan to‘rttasini tanladi.

Tanlangan kunlar:
1. Jum’a kuni. U kunda bir soat borki, banda Alloh taolodan dunyo va oxirat ishlaridan nimani so‘rasa, beradi.
2. Arafa kuni. U kunda Alloh taolo maloikalarga faxrlanib aytadi: "Ey maloikalarim, bandalarimga qaranglar, ular sochlari to‘zg‘igan, chang holatda kelyapti. Ular mollarini infoq qildilar, badanlari charchadi, shohid bo‘linglar, Men ularning gunohlarini kechirdim".
3. Qurbonlik kuni. Bu kun kelib, banda so‘ymoqchi bo‘lgan qurbonlig‘iga yaqinlashsa, birinchi oqqan qatra qon bandaning o‘tgan gunohlariga kafforat bo‘ladi.
4. Iyd kuni. Ramazon oyida ro‘za tutganlaridan keyin ular bayramlarga chiqishadi. Alloh taolo maloikalarga aytadi: "Ey farishtalarim, har bir amal qiluvchi ajrini talab etadi. Bandalarim ro‘za tutdi va bayramlariga chiqdi, ajrlarini Mendan so‘radi. Guvoh bo‘linglar, Men ularni kechirdim". Keyin nido qiluvchi nido qiladi: "Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati, qaytinglar, yomonliklaringizni yaxshilikka aylantirdim".

Tanlangan oylar: Allohning oyi – rajab va uchta ketma-ket keluvchi – zulqa’da, zulhijja, muharram oylari.

Tanlangan ayollar: Maryam binti Imron, Allohga va payg‘ambariga imon keltirgan birinchi ayol Xadicha binti Xuvaylid, Fir’avnning xotini Osiyo binti Muzohim va jannat ayollarining sayyidasi Fotima binti Muhammad.

Tanlangan jannatga birinchi kiruvchilar: Har bir qavmning jannatga birinchi kiradigan kishisi bordir. Arablardan Muhammad sollallohu alayhi vasallam, forslardan Salmon, Rumdan Suhayb va habashlardan Bilol.

Jannat mushtoq bo‘lgan kishilar: Amirul-mo‘minin Ali ibn Abu Tolib (r.a.), Salmon, Ammor ibn Yosir va Miqdod ibn Asvad (r.a.)".

Solim ibn Abu Ja’ddan rivoyat. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Fotimaga: "Qurbonlik qilayotgan narsang oldida unga qarab tur. Albatta, Alloh taolo gunohlaringni birinchi qon tomchisi tomishi bilan ko‘taradi", dedilar. Imron ibn Husayn: "Bu sizga va ahlingizga xosmi, ey Rasululloh, yoki hamma musulmonlargami?" deb so‘radi. "Hamma musulmonlarga", dedilar sollallohu alayhi vasallam.

Oyisha onamiz (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Qurbonlik qilinglar va u bilan xursand bo‘linglar. Kim qurbonligini qurbonlik qiladigan joyga olib borsa, uni qiblaga qaratsa, qiyomat kuni shoxi, qorin ichidagilari, qon va junlari, tezaklari keltiriladi. Qon agar tuproqqa tushsa, go‘yo Allohning oldiga tushgandekdir. Yengilgina infoq qilib ko‘p mukofot olinglar", dedilar".

Foydalanilgan manbalar:
Musnadi Imom Abu Hanifa,
Al-azkor (Imom Navaviy)
Tanbehul-g'ofiliyn (Abu Lays Samarqandiy
www.ziyouz.com
Категория: Din | Просмотров: 2710 | Добавил: hamma | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 1
Ник: MUZAFFAR

MAQOLI YAXSHIKAN LEKIN BU YERDA BIR NARSAGA TUSHUNMADIM PAYG'AMBARIMIZ S.A.V ARABLARDAN BIRNCHI BO'LIB JANNATGA KIRSALA BIZADAN YANI O'ZBEKLADAN AJDODLARIMIZ TURKIY XALQLARDAN KIM KIRADI YOKI BIZAM ARAB QAVMIGA YAQINMIZMI ILTIMOS JAVOB YOZSANGIZ OLDINDAN RAXMAT


Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]