22:24 Diskotekaga boramizmi? | |
Diskotekaga kim, nima uchun boradi? Tungi klublarga ayrim yigitlar ko‘pincha zamonaviy, yoshlar jargonida aytganda, krutoy bo‘lish uchun boradilar. Qolaversa, ana shu "krutoylar"ga taqlid qiluvchilar yoki ular oldida "obro‘li" bo‘lish uchun boradiganlar ham oz emas. Qizig‘-a, obro‘ oliftagarchilik bilan belgilansa! Qizlarning esa tungi klubga borishlariga yana bir sabab bor: ko‘pgina diskotekalarga kirish qizlar uchun bepul. Diskoteka ixlosmandlarining aytishlaricha, bu yerda ular «emin-erkin», istagan ishini qila olishlari mumkin ekan. Avvallari diskotekaga, asosan, 18 - 30 yosh orasidagilar borishardi. Keyingi paytlarda esa bunday klublarda hattoki, o‘spirinlarni ham topish mumkin... Yaqinda diskoteka haqida aniqroq tasavvur hosil qilish uchun ham u yerga bordik. Tungi klubda... ... Nomidan g‘irt yevropacha ruh sezilib turadigan klublardan biri yonidaman. Bir tarafida bo‘yi uzun barzangi turgan kassaga ko‘zimni chirt yumib, anchadan beri asrab yurgan pulimni uzatdim. Shundan so‘nggina ho‘mrayib turgan barzangi sal iljayganday bo‘lib, meni ichkariga kiritdi. Kirishim bilan dimog‘imga «gup» etib sigareta va har xil atir-upa qorishib ketgan yoqimsiz, dim havo urildi. Zal qorong‘i, bir burchagida Di-Djey plastinkani chiyillatib, «Hey birodar, govdeyni ko‘tar!» deb boshlanadigan Shahriyor repperning ashulasini qo‘ymoqda. Ora-chorada Di-Djeyning «Yo‘u! Yo‘u!!!» degan «hayqirig‘i» yig‘ilgan qizlarning baland chiyillashlariga, yigitlarning tushunarsiz qiliqlariga (harholda, ularning ko‘zni yumib, qo‘llarni balandga ko‘targan holda «so‘nggi urf»da o‘ynab, uvillashlarini to‘g‘ri tushunib bo‘lmaydi) sabab bo‘layapti. Bilsam, bunday paytlarda, odatda, zal «jonlanar» ekan. Asta-sekin, shovqindan tom bitay, degan quloqlarimni ushlagan holda, chetroqqa o‘tib, bir joyga o‘tirmoqchi edim hamki... hamma joy «dil»laridagini «ro‘yobga chiqarayotgan» «sevishganlar» bilan band ekanligini ko‘rib, o‘zimdagi «qanaqasiga yoshlar diskotekada erkin bo‘lishlari mumkin ekan?» degan savolga javob topganday bo‘ldim... «Shovqin+sigaret+bir balolar» hididan «bunyod bo‘lgan» quyuq tuman,«erkin» yoshlarning «erkinlik»lari, «raqs»ga tushayotganlarning bachkana qiliqlaridan charchaganimdan, bir piyola suv ichish uchun barga yaqinlashdim. Shundagina pullarimni kirish chiptasi uchun sarflab bo‘lganim sezilib qoldi. Narxlarni qarang: «Koka-kola» (250gr.) - 500 so‘m (1 litrligi 1200 so‘m. 1,5 litrligini aytmay qo‘ya qolay), «Nestle» suvi (yarim litrligi) - 600 so‘m. «Baltika» pivosi «atigi» 2500 so‘m turar ekan. «Arzon» narxlar ro‘yxatini ancha davom ettirish mumkin. Xullas, yo‘lkiraga ajratib qo‘ygan pulimni «Nestle»ga sarflashga majbur bo‘ldim... Tomosha boshlandi! ......Bir mahal, suv icha turib, hammaning baland ovozda baqirishlaridan cho‘chib, barchaning nigohi qadalgan tomonga qaradim. Shundan keyingina boyadan beri allaqanday truba o‘rnatilgan sahna yonidagi ikkita qizning nega o‘ynab turganini tushunib yetdim. Ular asta-sekin raqsga monand, o‘sha trubaga osilgan holda o‘z kiyimlaridan «xalos» bo‘la boshlashdi... Yigitlarning bundan og‘zi qulog‘ida, o‘rtada esa «qiz»larga «qistir-qistir» avj olib ketdi. Biroq boyagi barzangiga o‘xshash bittasi «strip-raqqosalar»ga hech kim teginmasligi uchun ko‘z-quloq bo‘lib, «umidli ko‘zlar»ning «niyat»lariga to‘siq bo‘lib turdi. Ammo shu payt birdan sahnaga tomoshabin «shovvoz» talpinib chiqdi. (Aftidan, u mast bo‘lsa kerak, yo‘qsa, barzangidan qo‘rqqan bo‘lardi.) Ana shunda tomosha boshlanib ketdi-ku! Haligi barzangi "shovvoz"ni ko‘chaga olib chiqib, shunaqangi do‘pposladiki, ko‘rib, "boyaqish, onasidan tug‘ilganiga pushaymon bo‘lib ketdi-yov!"deb o‘yladim. Birozdan so‘ng, tomoshadan katta "taassurot" olganlar zalga qaytib, o‘yin-kulguni davom ettirishdi. (Biroq mening ahvolim dam olayotgan insonga o‘xshamasdi.) Strip-shou "tadbir"ning hali holvasi ekan. Keyingi tomoshani bemalol maynavozchilik, deb atasa bo‘ladi. Ikkinchi (yoki uchinchi) tomosha Shou boshlovchisi sahnaga ikkita baquvvat yigitni taklif qildi. Barcha raqsga tushayotganlar sahna atrofiga yig‘ildilar. Boshlovchi tantanavor ovozda ikki "yigitning guli"ni tanishtirgach, ularga shart qo‘ydi. Shart "mohiyati"ga ko‘ra, ikki "qahramon" ashulaga monand birma-bir o‘z kiyimlaridan xalos bo‘lishlari kerak edi. o‘oliblik - eng chiroyli "echinish"ni amalga oshirganga beriladi. Shunday qilib, "yigitlar" shunaqangi bachkana, erkakka xos bo‘lmagan qiliqlar bilan "qimirlay" boshladilarki, uyatdan, menimcha, faqat men yerga kirib ketay, dedim. Va nihoyat, "g‘oliblik" o‘zini Musulmon(!) deb tanishtirgan "yigit"ga nasib etib, u "Kunning qahramoni"ga aylandi. Musulmonga endi yil bo‘yi bu klubga istagan paytida bepul kirish huquqini beruvchi chipta berildi. Shundan so‘ng, kechaning keyingi qismi boshlandi-yu, "sevishganlar" valsga tusha boshlashdi. To‘g‘risi, buni vals, deb ham bo‘lmasdi. Uni ko‘proq "bir-biriga suykalish" marosimi desak, haqiqatga OZGINA yaqinlashgan bo‘lamiz... Diskotekadan keyingi o‘yim ... Ertasi kuni kechagi "bayram"dan boshim og‘rib, uyqudan turdim. Uyga yayov qaytganimdan oyog‘im ham og‘rib qolibdi, bu ham yetmaganiday, onamdan uyga kech kelganim uchun "eshitganlarim"ning "davomi"dan ham bahramand bo‘ldim... Biroq diskotekaga borganimdan afsuslanmayman. Boisi, bu joyning qay darajada ma'naviy buzuq joy ekanligini, millatimizga xos boyliklarni yemirayotganini chuqurroq his qildim. Eng afsuslanarlisi, o‘ziga kundan-kunga ko‘p yoshlarni jalb etib borayotgan bu joyga qarshi chora ko‘rish deyarli mumkin emasligida. Demokratiyaning, inson huquqlari doirasining ma'lum bandlariga kiradigan tartib-qoidalar ushbu maskanlarning Bizga daxlsiz bo‘lishiga mone'lik qiladi. Ushbu qiyin, chigal muammoning qanday hal qilinishi - jamiyatning ma'naviy saviyasiga bog‘liq. Bas, bu muammoning qonuniy yechimi murakkabligicha qolayotgan ekan, uni bartaraf etishning kishi ruhiga ta'sir etuvchi, milliy manfaatlar ko‘zlangan yo‘llari izlanishi lozim. Shu jumladan, muammo yechimi oilada, ota-ona tarbiyasida, mahalla, yoshlar atrofidagi muhitda, qolaversa, o‘quv maskanlarida, ta'lim berayotgan ustozlar e'tiborliligida... Jaloliddin Sa’dinov, | |
|
Всего комментариев: 0 | |