12:17 kompyuter tadrijining yoritilmagan taraflari | |
«Elektron miya»ni inson miyasiga qiyoslab bo‘lmaydi. Inson miyasi
qanday ishlashi haqida olimlar hozirgacha yakdil fikrga kelolganlari yo‘q. Kompyuter
esa kiritilgan axborotni ma’lum dastur yordamida tez ishlab berish imkoniyatiga
ega, ammo o‘zi mustaqil qaror qabul qilolmaydi. Ustunligi - hisoblash ishlarini
juda tez bajarishidir. Insonlarning vaqti tejaladi. Hisoblash ishlarini osonlashtirish
va qulaylashtirish borasida insonlar qadimdan izlanishlar olib borishgan. AQShdagi «Time Life» nashriyotida «Tanishing: Kompyuter» rukni ostida kitoblar
chop etilgan. Ana shu nashriyotda bosib chiqarilgan «Kompyuter Asoslari»
(Computer Basics) kitobining kirish qismida esa EHMlar tarixi haqida so‘z yuritiladi.
Unda asli eramizdan avvalgi VI asrlarda Xitoyda qo‘llanila boshlangan cho‘tlar
eramizning III asrida O’rta Yer dengizi sohillaridagi mamlakatlarda ixtiro qilingan,
deb noto‘g‘ri ko‘rsatiladi. Sterjenga o‘rnatilgan munchoqlardan iborat bunday asbob
- ilk hisoblash mashinasi sifatida tilga olinadi. XVII asrda shotlandiyalik Neper
tomonidan logarifm kashfi, 1620-yilga kelib logarifmik chizg‘ich ixtirosi haqida
bayon qilinadi. Undan keyin 1640-yilda Paskal tomonidan yasalgan qo‘shishdan boshqa
amallarni bajarish juda noqulay, aylanuvchi tishli g‘ildiraklardan iborat hisoblash
mashinasi haqida so‘z boradi. Kitobda XIX asrga oid perfokarta ishlatiladigan Jakkard
stanogi, matematik jadvallar hisobi uchun mo‘ljallangan Charlz Bebbij mashinasi,
Xollerit tabulyatori haqida batafsil ma’lumot beriladi. Nihoyat, 1924 yili Xollerit
tomonidan IBM (International Business Machines) firmasi tuzilgani bilan mavzuga
qisqacha xotima yasalgan. Qiziq tomoni, kitobda o‘rta asrlar Sharq dunyosi haqida lom-mim deyilmaydi. Go‘yoki,
Sharq dunyosi III va XVII asrlar oralig‘idagi kompyuterlar tarixi uchun hech qanday
hissa qo‘shmagan. Unda kompyuter operatsiya tizimining asosi bo‘lmish algoritmning
otasi Al-Xorazmiy haqida bo‘lsin, Beruniy, Al-Farg‘oniy, Ulug‘bek kabi yuzlab olimlar
ishlatgan usturlab va rub’u taxtasi haqida bo‘lsin, bir og‘iz so‘z aytilmagan. Holbuki,
Yer kurrasi radiusini Nyutondan ham aniqroq qilib, hozirgi eng zamonaviy asboblar
bilan aniqlangan qiymatga juda yaqin tarzda hisoblagan Beruniy, yulduzlarning koordinatalarini
xuddi shunday o‘ta aniqlik bilan o‘lchagan Ulug‘beklar albatta hisoblash uskunalaridan
foydalanganlar. O’rta asrlarda Sharq olimlari tomonidan bunday asboblar keng qo‘llanilgan.
Usturlab hamda rub’u taxtasi cho‘t yoki logarifmik chizg‘ichdan ancha mukammalroq
bo‘lgan va ularga qaraganda ko‘proq amallarni bajara olgan. | |
|
Всего комментариев: 0 | |