Dushanba, 18.11.2024, 05:33
Приветствую Вас, Mehmon
Главная » 2008 » Март » 16 » Adashgan qiz qismati
13:50
Adashgan qiz qismati

Ona tubida cho‘g‘ lovullab turgan issiq tandirdan qaynoq nonlarni bir-bir uzgancha, savatga tera boshladi. Hammasini uzib bo‘lgach:
– Shahlo qizim! Mana non ham pishdi. Endi tezroq tayyorgarligingni ko‘r. Men ungacha ovqatni suzaman. Yaxshilab ovqatlanib olmasang, yo‘l uzoq, qiynalib qolasan, bo‘laqol,– dedi.
Shahlo endigina o‘n to‘qqiz yoshni to‘ldirgan edi. U hali umrida bunaqangi olis shaharga safar qilmagan, onasining bag‘ridan uzoqlashmagan. Shu bois, begona yurtga bo‘ladigan ilk safari uni anchagina cho‘chitayotganidan, hayajon ichra yo‘l tadorigini ko‘ra boshladi.

Qizning otasi u o‘n ikki yoshda ekanida og‘ir xastalik sabab olamdan o‘tgandi. Onasi to‘rt farzandi bilan beva bo‘lib qolgach, bolalarini mushuk bolasini tishida ko‘targandek, avaylab-asrab katta qildi. Yemay-edirdi, kiymay-kiydirdi. Oq yuvib, oq taradi. Kecha-yu kunduz og‘ir-engil mehnat-mashaqqatlardan chekinmadi. Eng katta farzandi Shahlo bo‘lib, ikki o‘g‘li hamda kichik qizi maktabda o‘qirdi.
Shahlo o‘rta maktabni a’lo baholarga tugatdi. Uning o‘qishiga rozilik berishdan oldin onasi rosa o‘yladi. Begona yurt, notanish odamlar. Orasida yaxshisi ham yomoni ham bor. “Yubormayman desam, otasiz o‘ksik qalbi battar o‘ksib qoladi. Ba’zi o‘rtoqlari turli oliygohlarda o‘qishyapti, qolganlari omadini sinab ko‘rmoqlik uchun borishyapti. O’zi yoshligidan tikuvchilikka qiziqardi, mayli, borsa-boraqolsin. Uch oy vaqt ko‘z ochib-yumguncha o‘tadi-ketadi. Bahonada qizim bir hunarli bo‘lib qoladi.
Onaizor bag‘rida shuncha yil o‘stirgan bolasi — gul-u lolasini kuzatarkan unsiz yig‘ladi. Ich-ichidan bir ovoz: “Yuborma, begona yurtga yolg‘iz yuborib noto‘g‘ri qilyapsan!..” deya faryod qildi. Lekin qalbi ichra bong urayotgan bu ovozga quloq berishga ojizlik qildi. Farzandining orzu-havasi uchun tanlagan qaroridan qaytolmadi...
Buxoro — Toshkent yo‘nalishidagi avtobus o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, Shahlo deraza osha pastga qaradi. Yaqinlarini kuzatishga chiqqan odamlar orasidan onasini axtardi. Onaizor ma’yusgina bo‘lib bir chekkada avtobusni kuzatib turar, ko‘zlaridan yosh seli quyulardi. Onasining nigohlari bilan ko‘zlari to‘qnashganda Shahlo mayingina jilmaydi va qo‘l silkib qo‘ydi.
Avtobus bir me’yorda yelib borarkan, haydovchi musiqani baqirtirib qo‘ydi. Yo‘lovchilardan kimdir uyquga ketdi, yana kimdir yonidagi hamrohi bilan gurungni avjiga chiqardi, yana kimdir hammaning asabiga tekkancha “qirs-qirs” qilib pista chaqishga tushdi.
Shahlo esa dugonasi Dilfuza bilan yonma-yon o‘tirardi. Orqadagi o‘rindiqni Dilfuzaning akasi o‘rtog‘i bilan band qilgan. Bu yigitlar Toshkentda allaqaysi oliygohda o‘qishadi. Dilfuza ham akasi o‘qiydigan oliygohga hujjat topshirib, baxtini sinab ko‘rmoqchi. Qizlar kelajakdagi orzulari haqida o‘zaro suhbatlashib ketishdi.
Avtobus Toshkentga kirib kelganda tong g‘ira-shira oqarayotgandi. Yigitlar yuklarni avtobus yukxonasidan olib, taksiga ortishdi. To‘g‘ri Farhodning kvartirasiga kelishdi. U yerda choy ichib, bir ozgina hordiq chiqarishgach, Shahlo bilan Dilfuzaning hujjatlarini topshirish uchun yo‘lga chiqishdi.
— Dilfuza, sen hech Toshkentga kelganmisan?— so‘radi Shahlo.
— Ha, akam onam ikkimizni bir marta olib kelgandi. Nima edi?

— O’zim shunday. Chiroyli shahar ekan-a?
— Ha, chiroyli. Lekin menga o‘zimizning Buxoromiz yoqadi.
— Nega?
— Chunki, bizning odamlarimiz boshqacha. Mehr-oqibat kuchli bizda. Qishloqda birovning uyiga uzoqdan mehmon kelsa, kamida uchta qo‘shni xonadon mehmonga chaqiradi. Bu yerda esa, yon qo‘shningni tanimaysan.
O’shanda kelganimizda bir oy turganmiz. Akam butun shaharni aylantirgan, baribir juda zerikkanman. Qishlog‘imni, odamlarini o‘shanda birinchi bor sog‘inganimni his qilganman.
— Mening esa birinchi bor kelishim. Hali bu narsalarni his qilolmayman.
Farhod akalarcha g‘amxo‘rlik bilan singlisi hamda Shahloning hujjatlarini topshirtirdi. So‘ng ikkalasiga kvartirasini bo‘shatib berib, o‘zi o‘rtoqlari bilan yaqin atrofdagi boshqa kvartirada yashay boshladi.
Qizlar mamnun edi. Dilfuza kitob o‘qishga boshi bilan “sho‘ng‘ib” ketdi. Shahlo esa, bir haftadan so‘ng uch oylik tikuvchilik kursida o‘qishni boshladi. U haftada ikki kun darsga borar, qolgan kunlar uyda vazifalarini bajarardi. Qizlarning bozor-o‘charlarini ham Farhod olib kelardi. Ularga: “Silarning vazifalaring hozir faqat yaxshi o‘qish. Boshqa hech narsani o‘ylamanglar”, derdi.
Ana-mana deb, Shahloning o‘qish boshlaganiga ham bir oy to‘ldi. Bu orada Dilfuza imtihonlarini topshirib, natijasini kuta boshladi.
Bir kuni Shahlo o‘qishga ozgina kechikib qoldi. Aksiga olib, avtobus ham ko‘rinay demasdi. Shunda bir yigitning o‘zidan ko‘z uzmay qarab turganini payqadi. Teskari tomonga o‘girilgancha, diqqat bo‘lib avtobus kutarkan, ovoz eshitildi:
— Singlim, siz ham kechga qoldingizmi deyman? Qiz ortida turgan yigitga o‘girilib bir qaradi-da, indamadi.
— Kechirasiz, yana boshqacha xayolga bormang. Men ham avtobus kutib, ishga kechikdim. Aksiga olib, mashinam ustaxonada edi. Shunga sizning holatingizni ko‘rib, yordam berolmaganimdan xijolat bo‘ldim-da.
Qiz yana hech narsa demadi.
— Biror joyda o‘qiysizmi deyman?
— ...
— Nega javob bermaysiz? Yo shunchalik qo‘rqinchlimanmi?
Xayriyat, Shahloning baxtiga avtobus kelib qoldi. U shosha-pisha avtobusning orqa eshigiga yugurarkan ichida o‘yladi: “Voy, yaxshiyam qutildim-a!”
Qiz qo‘lidagi soatiga qaradi. Dars boshlanganiga roppa-rosa o‘n daqiqa bo‘ldi. Hali bu avtobus qachon yetib boradi!.. U shunday xayollar og‘ushida ketarkan, o‘zidan sal nariroqda haligi yigitning o‘zidan ko‘z uzmay turganini ko‘rib, yuragi “shuv” etdi: “Onam aytgandilar-a, begona shaharda yaxshidan yomon ko‘p bo‘ladi, deb. Yomonlardan bittasi shu bo‘lsa kerak!”
Avtobus o‘quv markazidagi bekatda to‘xtashi bilan qiz yugurib tushib oldi. So‘ng oldi-ortiga qaramay, chopqillagancha binoga kirib ketdi. Kirib borganida ustozi uy vazifalarini tekshirib bo‘lib, endi yangi mavzuni boshlamoqchi bo‘lib turgan ekan.
Shahlo darsdan so‘ng ustozining yoniga borib, avtobus kutib qolganini aytdi va kechirim so‘radi. Keyin uy vazifasini topshirdi-da, yangi uy ishini takror so‘rab
oldi. Ishlari bitgach, yengil nafas olib, ko‘chaga chiqdi.Bekatga yetib keldi. Ko‘zlari olazarak bo‘lib atrofga qaradi. Xayriyat, hech kim yo‘q ekan. Avtobus kelishi bilan unga chiqib oldi.
Qiz qo‘rquv nima ekanini shunda angladi. O’zini umrida birinchi bor yolg‘iz, nochor va g‘aribdek his qildi. Uyga kelishi bilan bo‘lgan voqeani dugonasi Dilfuzaga aytib berdi. Dilfuza:
— Yana bir marta gapirsa, Farhod akamga aytamiz,— dedi.
— Endi uchramasa kerak,— dedi Shahlo.

Dugonalar birgalikda ovqat pishirishdi. So‘ng Farhodning kelishini kuta boshlashdi. Eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Ikkisi baravar eshikka yugurishdi. Kelgan Farhod ekan:
— Dilfuza, tabriklayman!
— Nima bilan?
— O’qishga kirganing bilan!
— Voy, rostdanmi? — Dilfuza yugurgancha akasini quchoqlab oldi.
— Men ham tabriklayman!— jilmaydi Shahlo.
— Shahlo, sen ham hujjat topshirsang bo‘larkan. Balki kirib qolarmiding?— chin dildan afsuslanayotgani bilinib turardi dugonasining.
— Yo‘-o‘q, men to‘rt-besh yil onamdan yiroqda yurolmayman... Yolg‘iz o‘zlari ukalarim bilan qiynalib qoladilar...
— To‘g‘ri... Mayli, Xudo xohlasa, usta tikuvchi bo‘lasan. Tikuvchilik ham yaxshi kasb, shunday emasmi?— uning ko‘nglini ko‘tarishga urindi Dilfuza.
Ertasi kun Shahlo vaqtli yo‘lga tushdi. Bekatga yetib kelganida esa, yana tunov kungi yigitga ro‘para keldi. Yigit qizdan ko‘z uzmay qarab turaverdi. Shahlo bilmaganga olib, avtobus kuta boshladi. Yigit xuddi eski tanishiga gapirayotgandek:
— Singlim, yuring mashinamda tashlab qo‘yaman,— dedi.
— Rahmat, keragi yo‘q! Siz ovvora bo‘lmang, hozir avtobus kelib qoladi.
Avtobus to‘xtashi bilan qiz turtinib-surtinib unga chiqib oldi. Gap nimada ekanidan bexabar yo‘lovchilar “Nega buncha hovliqasan!” degandek yovqarash qilib qo‘yishdi.
Shahlo kechagi topshiriqni a’lo bahoga bajargandi. Uning tikkan ko‘ylakchasini ko‘rgan ustozi: “Bu qizimizning qo‘li ancha kelishib qolibdi. Ishini ko‘rgan odam, usta chevar tikkan deb o‘ylaydi”, dedi. Ustozidan bunday maqtov eshitgan Shahlo ko‘tarinki kayfiyatda uyiga qaytarkan, bekatga qanday yetib kelganini bilmay qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bekatda uni o‘sha shilqim “oshig‘”i kutib turardi. Bu gal u o‘quv markaz binosi oldidagi bekat yaqiniga mashinasini qo‘ygancha unga suyanib, nigohlari bilan qizni ta’qib etardi. Shahlo e’tibor bermaslikka urinib o‘tarkan, shartta yo‘lini to‘sdi-da:
— Hoy qiz, yaxshilikcha mashinaga o‘tiring, yo‘qsa shuncha odamning ko‘z o‘ngida shartta qo‘lingizdan tutib, o‘zim o‘tqizib qo‘yaman!— dedi po‘pisa ohanggida.
Undan bunday harakatni kutmagan qiz:
— O’zi mendan nima istaysiz? Nega yopishib oldingiz? Axir bir-birimizni tanimaymiz-ku!— deyishga jur’at qildi. Shunga yigit salgina yumshab:
— Tushunsangiz-chi, sizga hech qanday yomonlik qilish niyatim yo‘q. Manzilingizga kuzatib qo‘ymoqchiman xolos! — dedi.

Shahlo uning mashinasi oldiga qanday borganini, qanday o‘tirganini o‘ziyam bilmay qoldi. Mashina qo‘zg‘aldi. Qiz qattiq qo‘rqib ketganidan titrayotgani bilinib turardi. Go‘yo yuragining dukur-dukuri hamma yoqqa eshitilayotgandek nafasini ichiga yutgancha jimgina o‘tirar, o‘zini qo‘lga olishga urinardi.
— Qo‘rqib ketdingizmi? Kechiring, bunday qilmoqchi emasdim. Faqat o‘sha sizni birinchi bor ko‘rganimdan buyon halovatim yo‘qoldi. Adashmasam, bu yerlik emassiz-a?— dedi yigit so‘zamollik qilib.
— Yo‘q... Sizdan iltimos, boshqa yo‘limni to‘smang! Men o‘qish uchun Buxorodan kelganman. O’qishim tugashi bilan qaytib ketaman. Men siz o‘ylagan qizlardan emasman!..
— Ismingiz nima, hech bo‘lmasa shuni ayting?
— Shahlo.
— Shahlo, men sizni sevib qoldim!
— ...
Mashina Shahlo tushishi lozim bo‘lgan bekatda to‘xtadi. Qiz indamasdan tushdi-da, eshikni ohista yopib, uyi tomon yo‘l oldi.
Shuhrat ismli bu yigit oilali bo‘lib, ikkita farzandning otasi edi. U to uylangungacha ham mingta qizga sevgi izhor qilgan, mingtasiga “Sizga uylanaman”, deya va’da bergandi. Lekin onasi tanlagan qizga uylanib, ikki farzandning otasi bo‘ldi hamki, uning muhabbatga “oshno” yuragi chiroyli qizlarga talpingani-talpingan. U qizlarni o‘zining shirin so‘zi bilan rom qilar, mabodo buni eplay olmasa, qo‘pol-qo‘rsligini ishga solardi. Uning hiyla-nayranglari tuzog‘idan kamdan-kam qizlar omon qolishardi. Bu gal ham o‘zining razil maqsadi tomon odimlashda davom etdi.
Har kun ertalab tanish bekatda Shahloning yo‘lini poylar, o‘qishdan chiqqan qiz yana uni o‘quv markazi yaqinidagi bekatda uchratardi. Shu-shu qishloqdan kelgan soddagina go‘zal qiz uning shirin gaplari-yu, bir-biridan yolg‘on va’dalariga qanday qilib aldanib qolganini o‘zi ham bilmay qoldi. Bu paytda qizning o‘qishi bitishiga atigi o‘n-o‘n besh kun vaqt qolgandi...
Shahlo yig‘ladi:
— Endi men qanday qilib uyga qaytaman? Onamning ko‘zlariga qanday qilib qarayman? “Odam yuboraman, to‘y qilamiz”, degandingiz. Yoki bularning barchasi yolg‘on va’dalaringizmidi?
— Shahlo, yana ozgina shoshmay turgin, sendan iltimos! Bittagina ishim bor, shuni bitkazib olay. Axir o‘zing yaxshi bilasan, to‘y qilish uchun pul kerak.
— Qachon odamlaringizni yuborasiz? Men o‘qishim bitgandan keyin qololmayman. Darhol qaytishim kerak, yo‘qsa onam xavotir oladilar.
— O’zim aytaman. Sen o‘qishing tugashi bilan uyingga qaytaverasan. Menga manzilingni yaxshilab tushuntirsang bas, odamlarimni o‘zim olib boraman. Hech narsadan xavotirlanma, hammasi yaxshi bo‘ladi!
Qizning yum-yum yig‘lashdan o‘zga chorasi yo‘q edi...
Har kuni Shahloning yo‘lini poylaydigan Shuhrat borgan sari kamnamo bo‘lib borardi. Qizning "Kecha nega ko‘rinmadingiz?" degan savoliga “Aytdim-ku, bir zarur ishim bor, deb. Shuning ketidan yugurib yuribman”, deya osongina qutilardi.
Shahloning o‘qishi tugagandan so‘ng kutilmaganda Shuhrat yer yutib ketgandek g‘oyib bo‘ldi-qoldi. Qiz nima qilishini, kimga “dod!” deyishini bilolmasdi. Imtihon topshirib, hujjati qo‘liga tegdi hamki, undan darak bo‘lmadi. “Uyga qaytganimdan keyin mabodo Shuhrat akaning odamlari kelmasa, nima qilaman? Rostdan ham meni laqillatkanmikan? Bo‘lmasa, o‘qishim bitganidan xabari bor, bir marotaba kelib xabar olmasmidi? ” degan shubha qizning ich-etini tirnay boshladi. O’ylab-o‘ylab oxiri: “Uyga borib biron oy kutaman. Bordi-yu, aldagan bo‘lsa, nima qilib bo‘lmasin, Toshkentga qaytishim kerak!.. Onamga qanday bahona qilsam ekan?” degan xayol miyasidan chiqmay qoldi.
Uning “sarguzashtlaridan butunlay bexabar bo‘lgan Difuza:
— Shahlo, ertaga uyga qaytarkansan, akam kuzatib qo‘yarkan,— dedi.
Shahloni vahima bosdi. Har lahza Shuhratni kutarkan, oxirgi kunni qanday o‘tkazganini bilmaydi. Tuni bilan mijja qoqmadi.
Nihoyat, safar tugab, Toshkent-Buxoro yo‘nalishli avtobusda uyga qaytayotgan qiz yo‘l bo‘yi ming o‘lib, ming tirildi. U o‘zini nimalar kutayotganini o‘ylasa, yuragi orqaga tortib ketardi. Bu ham kamlik qilganday, benzin hididan ko‘ngli behuzur bo‘lib, bora-borguncha qayt qilib ketdi...
— Ona qizim, eson-omon keldingmi! Musofir yurtda qiynalmadingmi? Kuta-kuta ko‘zlarim to‘rt bo‘ldi. Uch oy emas, uch yildik tuyuldi menga, onaginang o‘rgilsin!— qizini bag‘riga bosib, tinmay gapirayotgan onaizorning ko‘zlaridan yosh yomg‘irdek quyulardi...
— Ona-bola uyga kirishdi. Hol-ahvol so‘rasharkan qiziga termulib turgan ona:
— Shahlo, tobing yo‘qmi jonim bolam? Ancha toliqqan ko‘rinasan,— dedi xavotirlanib.
Nima deb javob berishini bilmay qolgan qiz:
— Yo‘q, hammasi yaxshi. Faqat avtobusda bir oz qiynaldim, shundan bo‘lsa kerak...— dedi onasining ko‘zlariga qarayolmay.
— Qizim, tikuvchilikni yaxshi o‘rganib oldingmi? O’qiganliging haqidagi hujjatniyam berishdimi? — so‘radi ona qiziqsinib.
— Haligi-i... O’qish bitdi, tikuvchilikni yaxshi egalladim, faqat...
— Nima faqat?
— Hujjatimizni bir oydan so‘ng berisharkan...
— Voy, shunaqami? Yana borasanmi? Yaxshisi, Dilfuza dugonang yoki akasidan iltimos qilamiz.
— Yo‘-o‘-o‘q... Boshqa odamga berishmaydi. O’zim borishim kerak...
Shahlo sumkalaridagi narsalarni chiqararkan, hujjatlari orasida turgan “Tikuvchilik guvohnoma”sini sekingina bekitib qo‘ydi. Onasini aldagani uchun o‘zini kechirolmas, ich-ichida bir iztirob, alam yig‘lardi... “Nega-nega unga ishondim? Qanday qilib uning tuzog‘iga ilindim-a! Shunchalik ham ahmoq bo‘lamanmi? Onamning, onaizorimning ko‘zlariga qanday qarayman? Kim degan odam bo‘ldim? Meni shu niyatlarda katta qilganmidi? Shunchalik chekkan mashaqqatlari kammidi? Nega shuni oldinroq anglamadim!..” deya o‘ziga bo‘lgan nafrati alangalanardi.

* * *

Shuhrat esa Toshkentning ko‘chalarida mashinasi bilan u yoqdan-bu yoqqa g‘izillab, o‘zining yangi-yangi tuzoqlarini yosh, go‘zal qizlarning yo‘llariga qo‘yish bilan ovvora edi.
Yo‘l chekkasida turgan yigitlar unga “to‘xtang” ishorasini qildi. U mashinani to‘xtatdi. Yigitlardan biri:
— Aka, bizni vokzalga olib borib qo‘ying,— dedi.
— O’tiringlar.
— Buxorolikmisizlar?— ularning gapirish shevalaridan taxmin qildi Shuhrat.
— Ha, uyga qaytayotgandik. Bir soatdan keyin avtobusimiz jo‘naydi,— deyishdi.
Ularni aytgan yerlarigacha olib borib qo‘ydi. Mashinasini ortga burmoqchi bo‘lib turgan Shuhratning ko‘zlari nogahon tanish bir qizga tushdi. Yaxshilab qarasa, Shahlo ekan! U katta yuk sumkasi yonida birovni kutib turar, ko‘zlari javdiragan ko‘yi odamlar orasidan kimnidir izlardi!
Shuhrat bir lahza dovdirab qoldi. “Yaxshiyam, meni ko‘rib qolmadi. O’zi undan qochib yurgandim!” deya o‘yladi-da, “chizib” yubordi.
Vokzaldan ancha uzoqlashgach, yengil nafas oldi: “Xayriyat, qutilganga o‘xshayman! Lekin, juda chiroyli qiz edi-da!”
U shum nafsining orzu-armonlarini hisob-kitob qilarkan, loaqal bir marotaba bo‘lsin, bir insonning — guldek navnihol qizning hayotini, baxtini, kelajagini barbod qilganini o‘ylab ham ko‘rmasdi! Shahloning orzularini armonga, nafsining qurboniga aylantirganidan vijdoni qiynalmasdi! Aksincha, Shahloning ketishi bilan bog‘liq, kamgina davom etgan shahvoniy tuyg‘ularining erta yakun topganidan afsus chekardi! Nafsining quliga aylangan, hayotni faqat shu jirkanchlikdan iborat deb biladigan bunday kishini inson deyishimizning o‘zi balki xatodir? Inson degan muborak nomga noloyiq bunday jonzotdan odamiylik degan, vijdon degan tuyg‘uni talab qilishimizning o‘zi balki xatodir!
Shuhrat o‘sha kuni to‘yib ichdi. To‘yib emas, bo‘kib ichdi! Uyiga kelgach, ostonada uni kutib olgan xotinini bo‘ralab so‘kkancha to‘g‘ri yotog‘i tomon yurdi. Dadasining kelganini bilib, yugurib chiqqan ikkita qorako‘z farzandiga hatto qarab ham qo‘ymadi. Ota mehriga tashna norasidalar qo‘msagan narsalarini yana onalarining kuygan bag‘ridan izlashdi!..
O’sha tunda tush ko‘rdi. Tushida Shahloni ko‘rdi. U tinmay yig‘larmish. Faryod qilgancha Shuhratning oyoqlariga tiz cho‘kibdi. Qizning yig‘isi kuchaygan sari uning kulgisi qistarmish. Va qah-qah urib kula boshlabdi! Shunda Shahlo shartta o‘rnidan turibdi-da: ”Ikki dunyoda rozimasman!” debdi. Boshqa bir so‘z demasdan yugurib, qorong‘ulikka singgib ketibdi.
Shuhrat qattiq qo‘rquv bilan uyg‘onib ketdi. Peshonasini muzday ter bosdi. Dag‘-dag‘ titrar, nimadan bunchalik qo‘rqayotganini fahmlayolmasdi.
Kun bo‘yi lanj bo‘lib yurdi. Boshi tars yorilay derdi. Bu o‘sha kasofat ichkilikning oqibati edi. Mashinasida ketarkan o‘zicha o‘yladi: “Bugun rulga o‘tirmaganim tuzukmidi? Aksiga olib, ishi ham yurishmayapti”. Shunday xayollar og‘ushida ketarkan, muyulishdan qayrilgan katta yuk mashinasini ko‘rmay qoldi. Jonholatda oyog‘ini tormozga bosdi. Biroq, endi kech edi!..

* * *

Shahlo o‘zida g‘alati o‘zgarishlarni seza boshladi. Birortayam hid yoqmas, sal narsaga ko‘ngli aynayverardi. Avvaliga o‘tib ketadi, deb o‘yladi. Lekin kun o‘tgan sayin bu holat kuchayib, ahvoli yomonlasha boshladi. Xayoliga kelgan fikrdan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. “Bo‘lishi mumkin emas!..” dedi pichirlab.
U o‘zini muallaq turib qolgandek his qilar, go‘yo bittagina harakat, birgina kiprik qoqishi bilan yerga kelib uriladigandek, ko‘zlarini katta-katta ochgancha qotib turardi.
Bir yildek uzoq tuyulgan bir oy vaqtni amallab o‘tkazdi. So‘ng yana “guvohnoma” bahonasida Toshkentga ravona bo‘ldi. To‘ppa-to‘g‘ri Dilfuzaning oldiga bordi. Unga bo‘lib o‘tgan hamma voqeani aytib berdi. Dilfuza quloqlariga ishonmadi. Faqat: “Nega oldinroq aytmading? Uni topishning biror chorasini ko‘rarmidik?..” dedi afsuslanib.
Lekin endi hech qanday pushaymon foyda bermasdi. Bundan tashqari, Shuhrat degan odam qisqagina umri davomida ishlashga “ulgurgan” ulkan gunohlarining, qilmishlarining javobini berish, jazosini chekish uchun bu dunyodan safar qilganiga ham bir oydan oshgandi...
Shunday qilib, Shahlo boshini qaysi toshga urishini bilmasdan “dod!” deb qolaverdi. Kirish juda oson bo‘lgan bu xato yo‘ldan chiqish, hammasini unutish juda qiyin edi! U uzoq o‘yladi. So‘ng Toshkentda qolishga qaror qildi. Tikuvchilik hunarini ishga solib pul topadi, tinimsiz ishlaydi. Boshqa iloji yo‘q, uyiga qaytolmaydi...
Dilfuzaning yordami bilan ishni boshladi. U o‘zi bilan birga o‘qiydigan qizlarni olib kelib Shahlo bilan tanishtirdi. Uning yaxshi chevar ekanini bildirdi. Shunday qilib, boshida bir-ikkita qizning kiyimini tikib, amallab pul topishni boshlagan Shahlo bir-ikki oy ichida buyurtmalarga “ko‘milib” qoldi.
Va kun o‘tgan sayin homilador ekanligiga shubhasi qolmadi...
Onasiga: “ Men ishlayapman. Bir oz ishlab, so‘ng uyga qaytaman. Mendan aslo tashvishlanmang”, degan mazmunda maktub jo‘natdi.
Oradan uch oy o‘tgach, uyiga borib-keldi. Hech narsadan xabari bo‘lmagan onaizori uni yaxshi kutib oldi. Ishlari qanday ketayotganini, qachon butunlay qaytishini so‘radi. Bir-ikki joydan sovchilar kelayotganini bildirib: “Qizim, agar biror kimda ko‘ngling bo‘lsa, ayt. Men senga qarayman”, dedi. Onasining samimiy gaplaridan yuragi to‘lib ketgan Shahlo ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslikka urindi. “Onajon, yana bir oz ishlab, hunarimni chuqurroq egallay. Toshkentga qaytganimdan so‘ng usta tikuvchiga shogird tushaman. Keyin parda tikishga ham o‘qimoqchiman. Qaytganimdan keyin bir gap bo‘lar...” dedi.
U bu gal Toshkentda uzoqroq qolib ketdi. Vaqt-soati yetib, ko‘zi yoridi...
Shifokorlar chaqaloqni yo‘rgaklab onasiga topshirarkan: “Mana shiringina qizchali bo‘ldingiz!” deyishdi. Shahloning yig‘layotganini ko‘rgach esa: “Nega yig‘laysiz? Hali yosh ekansiz, ko‘p o‘g‘illaringiz bo‘ladi, xafa bo‘lmang! Eson-omon tug‘ilganiga sevinsangiz-chi!” deya dalda berishga urinishdi.
Qordek oppoq yo‘rgakda oydek bo‘lib ko‘ringan bu beg‘ubor vujud go‘yo nimalarnidir tushunayotgandek jimgina qarab yotardi. Shahlo uni bag‘riga bosarkan, o‘kirib yubordi. U yig‘larkan, qaro kechmishi kino tasmasidek ko‘z oldidan bir-bir o‘tardi. U yig‘larkan, mavhum kelajagi ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lardi!..
Qizchaga Zahro deya ism qo‘ydi.
Tug‘ruqxonadan chiqqach, bola bilan ish ham tikolmay qoldi. Yiqqan-tergan puli tug‘ruqxona xodimlarining o‘pqon cho‘ntaklariga yuq ham bo‘lmagandi. Shu bois qiynalsa ham tunlari ish tika boshladi. Bir qo‘lida bolani ko‘tarib, ikkinchi qo‘li bilan ro‘zg‘or yumushlarini qilgan mahali onasining chekkan mashaqqatlarini his qilgandek bo‘ldi. Ana shundagina onalarning, ayol zotining qadrini bildi!..
Kunlarning birida bir ayol bilan tanishib qoldi. Buxorolik ekan. U Shahloning tikkan ishlarini ko‘rgach: “Men bilan ketasizmi? Mening uyimda turib, ishingizni davom ettiraverasiz. Qizlarimga hunaringiz sirlarini o‘rgatasiz”, deya taklif kiritdi.
U o‘ylab ko‘rgach, rozi bo‘ldi. Shunday qilgani ma’quldek ko‘rindi. “Begona yurtda shuncha qiynalganim yetar. Uning qaerida yashamay, o‘zimning yurtimda bo‘lganim yaxshi. Onamni, ukalarimni har-har zamon ko‘rib turaman...” degan qarorga keldi.
Shunday qilib, qizchasi roppa-rosa ikki oylik bo‘lganda ona yurti Buxoro tomon yo‘l oldi. Yuragi hapriqardi. Ayolning uyiga joylashdi. Shunda o‘z uyini, onasini, jigarlarini juda sog‘inganini his qildi, ezilib yig‘ladi... Lekin na iloj? G’isht qolipidan ko‘chib bo‘lgan. Uning bu fojeasidan xabardor bo‘lgan ayol unga:
— Shahloxon, endi bolangizni kimgadir berasiz. Yo‘qsa, bola bilan hech qanday ish qilolmaysiz! Ko‘rib turibsiz, mening sirayam vaqtim yo‘q!— dedi buyruq ohangida. Qiz uning gaplaridan boshiga zarba yegandek bir zum dovdirab qoldi. U arosatda qolganini his qildi.
Bu adolatsizlik edi! Chunki, ayol Toshkentda bunaqa shart qo‘ymagandi. Yo‘q-yo‘q bu zulm edi! Endigina ikki oylik, ya’ni oltmish kunlik bo‘lgan, hali ona hidiga, sutiga va mehriga to‘ymagan norasida go‘dakni onasining bag‘ridan ayirishni ayting, yana qanday baholash mumkin?!
To‘g‘ri, barchasi uchun Shahlo aybdor-gunohkor. Lekin go‘dakning aybi nima?!
Shunday qilib, Shahlo qizchasiga enaga izlay boshladi.


 

Категория: Kitoblar | Просмотров: 3828 | Добавил: hamma | Рейтинг: 4.0/2
Всего комментариев: 1
Ник: Mali

Avvalambor Olloh inom qilgan exsonni o'zha inson qo'liga topshirish keremasidi. Chunki bu exson xammaga xam berilmaydi


Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]