Dushanba, 18.11.2024, 05:52
Приветствую Вас, Mehmon
Главная » 2008 » Март » 16 » Bugunning "zo'r" to'ylari
14:03
Bugunning "zo'r" to'ylari

Keling, dastlab to‘yxona va restoranlar harajati haqida gaplashamiz. Chunki to‘yning uyda o‘tishi Toshkentda allaqachon «moda»dan qolib ulgurgan. Taxminimizcha, 90 foizdan ko‘proq to‘ylar shunday maxsus joylarda o‘tkazilmoqda. Ayni paytda poytaxtda qurilishi davom etayotgan, hali bitmagan bir nechta to‘yxonani topish mumkin ekan, demakki ularning soni kelajakda yanada ko‘payadi.

E’tiboringizga ba’zi to‘yxonalardagi bir kishi uchun belgilangan narxlarni havola etamiz: «Esidiyor» to‘yxonasi – 16.000 so‘m, «Osiyo» - 16.000, «Huvaydo» - 15.000, «Navro‘z» restorani – 15.000 so‘m, «O’zbekiston» mehmonxonasi - 18 dollar, «Dedeman» oteli – 21 dollar. Shu ro‘yxat hozircha yetadi, chunki boshqalari ham, albatta, shunga yaqin bo‘ladi.

To‘yga o‘rtacha 200 kishi tashrif buyurishini hisobga olsak, uni o‘tkazadigan joyning o‘ziga 3 million so‘mdan oshiqroq pul sarflaysiz. Agar sifatliroq restoran tanlanadigan bo‘lsa, u holda 5 millioncha tayyorlab qo‘yavering!

Demak, birinchisi ketdi. Nazarimda, eng asosiy bosh og‘rig‘i – joy masalasidan qutulib olgandekmiz.

Mayli, bo‘laqolsin, bironta ijaraga berib qo‘ygan eskiroq «Tiko»ingiz bo‘lsa, o‘shani sotib yuborasiz-da, bu harajatdan bir zumda qutulasiz.

I-ya, to‘yxona hal bo‘lgani bilan, bu hali holvasi ekan-ku! Buyoqda hali a-ancha sarf borga o‘xshaydi…

«Xizmatdagilar»

Endi davrada «xizmat qiladiganlar» haqida. Chunki hech narsasiz o‘tsa o‘tadiki, ularsiz o‘tmaydi «to‘y janoblari».

San’atkorlarning narxlarini ko‘pchiligimiz taxminan bilamiz. Oddiyroq hofizlar 100 dan boshlab 500 gacha. Taniqliroq qo‘shiqchilar 1000 dollardan arzoniga o‘zlarini «urintirib» qo‘yishmaydi. Ancha mashhurlarining narxlari ikki-uch ming va undan ham yuqori. Endi-i... u yog‘i sizga bog‘liq.

Aytgancha, o‘rtani olib boruvchilar biroz kamtarroq. Ular 100-300 orasida «yurishadi».

«Mercedes», Limuzin va boshqalar

Aytgancha, «ro‘yxat»ga avtokolonnani kiritib qo‘yish esingizdan chiqmasin. Axir, eng yaxshi limuzinlardan bo‘lsa qanday yaxshi!

Demak, mashinalar narxlari: Limuzin rosa «ketvorgan» bo‘lsa – 500-700 dollar, oddiyroqlarini mayli 300 ga ham topsa bo‘ladi. «Mersedes»lar taxminan 50-150 orasida. Narxlar mashinalarning qancha vaqt olib yurishiga, ularning rangi, holati va boshqa tomonlariga bog‘liq.

Bir yerda eshitib qoldim, ba’zi joylarda otli karetalar qilish ham urfga kirib bormoqda ekan. Shaxsan o‘zim ko‘rganim yo‘q-ku, lekin bor deyishdi.

Kelinga liboslar

Kelinga olib berilishi kerak bo‘lgan ayrim narsalarning pulini o‘rganib chiqdim:

Palto 150 dollardan u yog‘i, lekin aytishlaricha, hozir ishni «200» berib hal qilasiz. Etik va tufli uchun yana 100 dollar bilan qutulsa bo‘ladi. Ha, aytgancha, ko‘ylak uchun yana 150 atab yuborasizlar, endi, kuyov-to‘ralar!

Qalin puli

Agar ta’bir joiz bo‘lsa, aslida berilishi lozim bo‘lgan yagona narsa ham qalin puli. Chunki bizning ahkomlarda kelin uchun mahr berishgina bor. Qalin puli aynan o‘sha mahrga to‘g‘ri kelishini hisobga olsak, uni tanqid qilish insofdan emas. Chunki, u haqiqatanda kelinning haqqidir. Lekin hozirda bu narsani ham biroz oshirib yuborishibdi. Aytishlaricha, «200» berishayotgan ekan. Agar kuyov to‘raning topishi yaxshi bo‘lsa, u holda 500 mingni yaxlit qilib olib borib berilgan ma’qul deyishdi. Har holda ishlatishga oson. Yana kim biladi, deysiz…

Tortlar

Oxirgi paytlarda «super» dizayndagi tortlar paydo bo‘lgan. Juda bejirim va mahobatli. To‘y ayni qizg‘in pallaga kirib borayotganda, uni kelin-kuyov ro‘parasiga olib kirib qo‘yish qanday zavqli! Shunday ekan, tortga ham «zakaz» beraqolamiz! Narxlar bilan tanishib oling:

«Uch etaj»li tortlar — 50-100 oralig‘ida, lekin undan ham zo‘rlari bor. Agar xohlasangiz 200 va undan qimmatroq — aynan shunga yarashadigan sifatda tayyorlab berishadi. Bunday tortlarning og‘irligi ham naqd 40-50 kilogramm chiqadi.

«Shampanskiy» esdan chiqmasin!

«Formula-1» poygalarida g‘olib chiqqanlar bir-birlariga shampan vinosi sochishadi. Ayni paytda to‘ylarimiz ham shusiz o‘tmaydigan bo‘lib qoldi. Shunday ekan, uni ham qo‘shib qo‘yamiz-da!

Demak… shu desalaring shampan vinosi piramidasini bemalol 150-300 dollar oralig‘idagi narxlarda topsa bo‘ladi. Uning narxi ham xuddi Limuzin kabi uzun-kaltaligiga bog‘liq.

Taklifnoma

«Kichkina demang bizni…» degan maqolni eshitganmisiz? Taklifnoma olish ham kichkina bir yumushga o‘xshab ko‘rinsa-da, anchagina pulingizni shiladi.

Taklifnomalarning narxi turiga, sifatiga va dizayniga qarab —150 so‘mdan boshlanib to 15 ming so‘mgacha. Ha, ajablanmang, bir donasining narxi shuncha pul turadiganlari ham bor. Bitta to‘yga, masalan, 4 xilidan buyurtma bersangiz, balki ozmuncha pulingizni tejab qolarsiz (kattalarga, ayollarga, kelinning dugonalariga, degandek). Lekin shunisi aniqki, u holatda ham taklifnomalarga 50-60 mingdan kam ketmasligi aniq. Ayni paytda birgina taklifnomaning o‘zi uchun 100 dollar ketkazish normal hol sifatida qabul qilinmoqda ekan.

Kamera va foto

Bu - kerak! Axir bugungi to‘ylarni kamera va fotosiz tasavvur etib bo‘larmidi? Ularning narxlari 50 dan boshlanadi, eng yaxshilari 1000-1500 atrofida ham ishlashadi.

«Nega axir, shunchalik qimmat bo‘lgan videotasvirchilar ham bormi?», dersiz. Albatta, bor. Ular shunday bir uskunalari, masalan - kranlar bilan tashrif buyurishadi. Xuddi futbol translyatsiyasida kamera darvoza ustida aylangani kabi, operator odamlarni yuqoridan tasvirga tushiradi.

Axir, qimmat bo‘lsa ham arziydi-da, yo noto‘g‘ri gapirdimmi?

Shar va Gullar

Kelin-kuyov o‘tiradigan stolni shar va gullar bilan bezash bugungi kunda eng asosiy e’tiborga tushadigan jihatlardan biri bo‘lib qoldi. Albatta, to‘yni o‘tkazayotgan oila uchun. Bu borada ham narxlar ancha «kamtar» — sifatiga qarab 150 dollardan 400 gacha. Ammo sharlar va gullar butun zalni qamrab olishini maqsad qilgan bo‘lsangiz, bu haqda biroz o‘ylab ko‘ring – narxlar 300 dan to 700 gacha bo‘ladi.

Yoritgichlar bilan ishlash

E-e-endi buyog‘i televidenie bo‘lib ketdi. Lekin nachora, oxirgi paytlarda bu soha ham to‘ylarni zabt eta boshladi. Turli rangdagi nurlar effekti to‘yingizni xuddi katta sahnalardagi kabi bezab berar ekan, nega undan foydalanmaslik kerak? Effekt bilan ishlaydiganlarning taklif qilayotganlari ham chakki emas: 200 dan boshlanib to 1500 gacha bo‘lgan narxlarda.

Vals

Kulmang! Bugungi to‘ylarda marosim ayni avjiga chiqqanida kelin-kuyov hammaning ko‘z o‘ngida vals tushishi odatga aylandi. Buning nimasi xarajat dersiz — valsga tayyorlanish kerakmi? Bo‘lajak kelin-kuyov to‘y kuni uyalib qolmaslik uchun kamida bir hafta vals kurslariga qatnashi kerak. Kurslarga esa kuyov pul to‘laydi — o‘rtacha 100 dollar.

To‘ydan keyingi sayohat

Ayni paytda xuddi chet eldagi kabi, bizda ham amalga kirib borayotgan odat. Endi ba’zi-ba’zi oilalarda boshlanmoqda. Buning uchun kishi boshiga o‘rtacha 1000 dollar pul ketadi. Siz tanlagan qiz «To‘ydan keyin sayohat uchun qaysi mamlakatga yo‘l olamiz?», deb qolsa, aslo ajablanmang. Chunki bunday hodisa ora-sirada bo‘lsa-da, kuzatilmoqda. Shunday ekan, aynan shunaqa oyimchalar nega endi sizga uchramasligi kerak? Ha, ehtiyot bo‘lishga to‘g‘ri keladi!

Xo‘-o‘sh, yana nima qoldi?

Har holda sarflarning ko‘pi ketib ozi qoldi. Agar biz yanglishib, nimadir unutgan bo‘lsak, ma’zur tuting, uni o‘zingiz umumiy sarfga qo‘shib qo‘yarsiz…

Demak, hisoblab chiqishimizcha, Toshkentda oddiyroq to‘ylarga hozirda 4-5 ming dollar ketmoqda. Mundog‘roqlari 10 ming bo‘lsa, yaxshi to‘ylarga 20 mingni behijolat sarflab yuborishayotir.

Ana sizga bugunning narxlari!

 

manba: www.odamlar.uz
Категория: Mulohaza | Просмотров: 2942 | Добавил: hamma | Рейтинг: 4.5/2
Всего комментариев: 4
Ник: InTiZoR95

O' daxshatu.Xorazmda unaqa to'yla bo'midide! sad


Ник: AAAA

To'ri ayollada eng katta aybdorlar


Ник: ZZZ

Hammasiga o'zbek ayollari aybdor. Eri topadide bula o'zlaricha qonun qoidala o'ylab toffurishadi/ O'zlari 1-2sm topsin kegin ko'radi. Mani qizimga tilla kere unga bu kere... eee (so'kib tashagim kevotti)....


Ник: Master

biggrin biggrin biggrin biggrin biggrin
Rasm zo'r ekan :)))_)


Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]